Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:57

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir vafot etdi


Shimoliy Koreya televideniyesi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen Ir dunyodan o‘tgani haqida e‘lon qildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, KXDRning 69 yoshli lideri shanba kuni jon taslim qilgan, biroq bu haqdagi xabar mamlakat ommaviy axborot vositalari tomonidan bugun – 19 dekabr kuni yoyinlandi.

Rasmiy ma‘lumotlarda mamlakat bo‘ylab nazorat safarida yurgan Kim Chen Ir 17 dekabr kuni poyezdda “ruhiy va jismoniy charchoq tufayli” vafot etgani aytiladi. Avvalroq uning yurak xurujidan o‘lgani haqida ham xabarlar paydo bo‘lgandi.

Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya rahbari uzoq vaqt mobaynida yurak va yurak-qon-tomir kasalliklaridan davolangan, Kim Chen Ir hayotining so‘nggi lahzasigacha unga tibbiy yordam ko‘rsatishga urinilgan.

Associated Press agentligining yozishicha, Kim Chen Ir qandli diabet va yurak xastaligiga chalingandi, biroq u sog‘lig‘i haqida ko‘p qayg‘urmas, o‘tkir sigaralarni ko‘p chekar va muttasil ravishda konyak iste‘mol qilardi.

Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarining xabar qilishlaricha, KXDRda hokimiyat to‘laligicha marhum liderning kichik o‘g‘li Kim Chen Inga o‘tdi. Tahlilchilar Kim Chen Ir hali o‘lmay turib, agar u hokimiyatdan chetlashgan taqdirda, boshqaruvni uning yon-atrofidagi kishilar o‘z qo‘llariga olishlari, “yosh general” (Shimoliy Koreya rasmiy matbuotida Kim Chen Inni ana shunday ta‘riflaydilar) esa ma‘lum muddatgacha ularning irodasiga bo‘ysunishi haqida o‘z mulohazalarini bildirgandilar.

Ayni paytda, ma‘lumotlarga ko‘ra, Kim Chen Ir jasadi Pxenyandagi maqbara saroyiga (Kim Ir Sen maqbarasi) joylashtirilgan.

”Mamlakatda motam kunlari 17 dekabrda boshlandi va 29 dekabrgacha davom etadi. Bu davr mobaynida KXDR xorijiy delegatsiyalarni qabul qilmaydi, shuningdek, chet elliklar 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan motam marosimiga qo‘yilmaydi”, deyiladi Koreya markaziy telegraf agentligi xabarida.

Dafn marosimiga KXDR marhum liderining o‘g‘li Kim Chen In boshchilik qiladi.

Asnoda, Reuters agentligining mahalliy ommaviy axborot vositalariga tayangan holda xabar qilishicha, KXDR rahbari Kim Chen Ir vafoti haqidagi xabarlardan keyin Janubiy Koreya harbiy kuchlari kuchaytirilgan jangovar tayyorgarlik holiga keltirilgan. KXDR armiyasida esa, agentlik ma‘lumotlariga ko‘ra, hech qanday favqulodda manevrlar kuzatilmayapti.
XS
SM
MD
LG