Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:26

Litvada chegarani buzib o‘tgan o‘zbekistonliklar hibsga olindi


Litvaning Kaliningrad viloyati bilan chegaradosh hududida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi chegarani noqonuniy buzib o‘tganlikda ayblanib hibsga olindi.

O‘zbekiston fuqarolari 12 dekabr kuni Litvaning Rossiya bilan chegaradosh Shakyay tumanida hibsga olingani aytilmoqda. Ularni Rotsishkyay zastavasining Pagegyay chegara bo‘linmasi ofitserlaridan biri yo‘l bo‘yida ketayotgan paytda to‘xtatib qolgan.

Litva Chegara xavfsizligi xizmati rasmiysi Rokas Pukinskas Ozodlik radiosiga bularni ma‘lum qildi.

- So‘roq paytida bu odamlar chegarani noqonuniy kesib o‘tgani aniqlandi. Ular Rossiyalik emas edi, chunki ularning qo‘lida O‘zbekiston pasportlari bor ekan. Xushyor chegarachi yordamiga zastavadan chaqirilgan qurollangan guruh yuborildi va shubhali shaxslar hibsga olindi. 27 va 30 yoshli o‘zbekistonliklar Kaliningrad viloyatidan kirib kelgani aniqlandi, dedi Litva Chegara xavfsizlik xizmati xodimi Rokas Pukinskas.

Tergov yakunlanganiga qadar hibsga olinganlarning ismi-sharifi oshkor etilmasligini ham ta‘kidladi u.

Ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston pasportlaridan tashqari bu yigitlardan shaxsiy buyumlar va zaryadi tugagan navigator musodara qilingan.

Litva Chegara xizmati rasmiysi tartib-qoidaga ko‘ra Yevropa Ittifoqiga a‘zo bo‘lmagan davlat bilan chegarani kesib o‘tgan shaxs qaysi davlatdan kirib kelsa, o‘sha yerga qaytarilishini qo‘shimcha qildi.

- Ular Kaliningraddan kirib kelgan, demak ular allaqachon Rossiyaga qaytarib berilgan bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, o‘zbekistonliklarning chegara buzishi juda kam holatlarda kuzatilgan. Bizda noqonuniy chegara buzuvchilar asosan gruzinlardir. O‘zbekistonlik va tojikistonliklar odatda viza muddati o‘tkazib yuborishadi. Bu asosan Kaunas avtomobil bozorida katta pul bilan kelgan mashina olib-sotarlari yo‘l qo‘yadigan mayda qonunbuzarlik, deya ma‘lum qildi Rokas Pukinskas.

So‘roq davomida O‘zbekiston fuqarolari Yevropa Ittifoqiga ish qidirib o‘tganliklarini aytishgan.

Litva chegara xizmatiga ko‘ra, Shakyay tuman chegara xizmati hibsxonasida qolayotgan o‘zbek yigitlariga nisbatan sudgacha tergov ishlari olib borilmoqda.
XS
SM
MD
LG