Линклар

Toshkentdagi “Trest-12” qurilish kompaniyasi raisi Botir Zokirov O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Prezident Islom Karimov farmoniga ko‘ra, "Trest-12" qurilish kompaniyasining boshqaruv kengashi raisi bo‘lgan Botir Zokirov O‘zbekiston Bosh vazirining muovini lavozimiga tayinlandi.

Toshkentlik 48 yoshli Botir Zokirov shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining kommunal xizmat, transport, kapital qurilish va sanoat qurilish masalalari bo‘yicha majmuasi rahbari hamda Arxitektura va Qurilish Davlat qo‘mitasiga ham rahbarlik qiladi.

Mutaxasisligi bo‘yicha quruvchi-muhandis bo‘lgan Botir Zokirov Toshkentdagi Beruniy nomidagi Politexnika institutini bitirgan.

O‘z faoliyatini chilangarlikdan boshlagan Botir Zokirov 20 yil davomida Toshkentdagi “Trest-12” qurilish shirkatida ishladi.
Faoliyatining 16 yilida u shirkatning boshqaruv kengashiga raislik qilgan.

Chilangarlikdan Bosh vazir o‘rinbosarigacha ko‘tarilgan Botir Zokirovni hamkasblari nufuzli lavozimga loyiq hisoblashadi.

- Xizmatlari uchun Botir akani loyiq topishdi. 1995 yilda prezidentimizning maqtov yorliqlarini olganlar. Keyin mustaqilligimizning 10 yilligida ko‘krak nishoni olganlar. 2002 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi” bo‘ldilar. Bizlarning trestimiz 1979 yildan beri ishlaydi. O‘zbekiston respublikasi bo‘yicha bizlar qurilish-montaj ishlarini olib boramiz. Korxonaning o‘zi kichkinamas. 2000dan ortiq odam ishlaydi. yozda 2200ta. To‘qqizta boshqarmamiz bor. Texnika bazasi kuchli,- deydi “Trest-12” kompaniyasi xodimasi.

“Trest-12” kompaniyasi Amerikaning "KASE", Irlandiyaning "TORSVIK", Turkiyaning "APEAS" va Yugoslaviya, Daniya, Germaniyaning bir qancha firmalari bilan hamkorlik qiladi.

Kompaniya saytida yozilishicha, endi Bosh vazir muoviniga aylangan Botir Zokirov rahbarlik qilib kelgan tashkilot bir yilda 40 million AQSh dollaridan ziyod miqdorda qurilish va montaj xizmatlari ko‘rsatadi.

- Milliy teatrni qayta ta‘mirladik. Alisher Navoiy nomli milliy kutubxonada qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Mana yaqinda topshirildi. Yunusoboddagi tennis korti, General Motors qo‘shma korxonasining motor ishlab chiqarish zavodi – bu oxirgi ob‘ektlarimiz. Bular hammasini biz qurganmiz. Senat binosini ham “Trest-12” qurgan. Mustaqillik maydonidagi orzular maydonini ham “Trest-12” qilgan,- deydi tashkilot xodimi.

Quruvchilikda katta tajribaga ega bo‘lsada, Botir Zokirov avval hukumat lavozimlarida umuman ishlamagan. Uning qurilish kompaniyasi rahbarligidan birdaniga Bosh Vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilishi Zokirovning hukumat doiralaridagi amaldorlarga yaqinligi bilan izohlanmoqda.

Uzmetronom.com sayti Botir Zoikrovning O‘zbekiston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari va Moliya vaziri Rustam Azimovga yaqin shaxslardan biri ekani yozdi.
XS
SM
MD
LG