Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:02

O‘zbek harbiy texnikasi chegaraga nima uchun keldi?


“So‘g‘dliklar o‘zbek-tojik chegaralarida O‘zbekistonga tegishli harbiy texnika paydo bo‘lganidan tashvish bildirmoqda”.

16 dekabr kuni “Aziya plyus” axborot agentligi Istaravshan tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolarga tayangan holda ana shunday xabar tarqatdi.

Tojikiston chegara qo‘shinlari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rasmiylari O‘zbekistonga tegishli harbiy texnika So‘g‘d viloyatining Istaravshan yo‘nalishidagi o‘zbek-tojik chegarasiga joylashtirilganini tasdiqlamadi ham, inkor ham qilmadi. Ular “Tojikiston tomon rasman biror narsa demasligi”ni ta‘kidladilar.

Mavzu yuzasidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mas‘ullari bilan telefon orqali bog‘lanishga doir urinishlarimizdan ham natija chiqmadi.

Istaravshan tuman hukumat rasmiylaridan biri Amirjon Zayniddinov esa “Aziya plyus” axborot agentligi tarqatgan ma‘lumotlar “absurd” ekanini aytdi.

- O‘zbekiston bilan chegaralarimizga tikonli sim tortilgan va bizning hududimizda birorta ham nazorat-o‘tkazish posti yo‘q. O‘zbekiston bilan chegaralarimizga harbiy texnika joylashtirilganini bu tomondan turib aniqlash ham imkonsiz, - dedi Istaravshan hukumat mas‘ullaridan biri Zayniddinov.

Mavzu yuzasidan biz bilan suhbatlashgan, ammo ismini aytmagan so‘g‘dlik ayol O‘zbekistonga tegishli harbiy texnika, jumladan, tanklar Istaravshan yo‘nalishidagi o‘zbek-tojik chegarasida emas, balki O‘zbekistonning Bekobod va Tojikistonning Plotina nazorat o‘tkazish posti yaqinida joylashtirilganini aytdi.

- Bekobod postida bor. Tankalar hammasi turibdi. U yerda hamma qurol aslahalari bor, - dedi o‘zini tanishtirmagan bu ayol.

Suhbatdoshimiz chegaralar yaqiniga harbiylar va harbiy texnika joylashtirilganidan buyon O‘zbekistonga o‘tayotgan tojikistonliklar ko‘plab muammolarga duch kelayotganini ham qo‘shimcha qildi.

- Shu chastda (Bekobod-Plotina nazorat-o‘tkazish posti nazarda tutilayapti - tahr.) xalqni ko‘rsangiz, bir kunda kamida besh yuzgacha odam yig‘ilgan. Kamida uch soat ana shu sovuqda qolayapmiz. Birovning onasi kasal, birovning aka-ukasi kasal. Pul to‘lab, shu davlatga kirayapmiz, buni hech kim o‘ylamaydi. Ur-sur, janjal - mana shu ahvol-da, - dedi so‘g‘dlik suhbatdoshimiz.

Asnoda Spitamen tuman hukumati rais muovini Umidjon Hofiziy Haydarzoda chegaralar yaqinidagi harbiy texnika bundan bir oycha avval O‘zbekiston tomonidan joylashtirilganini bildirdi.

Uning aytishicha, shu yil noyabr oyi o‘rtalarida Hashtiyak nazorat-o‘tkazish posti yaqinida ikki tomon chegarachilari o‘rtasida ro‘y bergan otishmadan so‘ng O‘zbekiston Tojikistonning shimoliy chegarasida harbiy texnikasini joylashtirgan.

- O‘shanda chegaralarda usileniye bo‘ldiyu, lekin hozir tinch. Bizning u tomon bilan hamkorliklarimiz normal holatga ko‘chgan, - dedi Spitamen tuman rasmiysi Haydarzoda.

Eslatsak, shu yilning 13 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan kechki soat to‘qqizlarda O‘zbekistonning Bekobod shahri yaqinidagi o‘zbek-tojik chegarasida harbiylar o‘rtasida otishma ro‘y bergan edi. O‘shanda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlarida shartnoma asosida xizmat qilgan askari M. Tojiyev halok bo‘lgani xabar qilingan edi.

Rossiyaning “Regnum” axborot agentligi orqali bayonot tarqatgan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati qurolli to‘qnashuvga respublika hududiga noqonuniy ravishda o‘tmoqchi bo‘lgan tojik fuqarolaridan iborat narkoguruhni qo‘lga olishga urinish sabab bo‘lganini bildirgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi o‘zbek chegarachilari Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari harbiylari homiylik qilgan jinoyatchilar tomonidan o‘qqa tutilganini ma‘lum qilgandi.

O‘z navbatida, Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari o‘zbekistonlik hamkasblarining tojik chegarachilari narkoguruh a‘zolari bilan hamkorlik qilayotganiga oid iddaolarini rad qilib, bayonot ham tarqatgandi.
XS
SM
MD
LG