Линклар

logo-print
O‘zbekistonda 1 yanvardan boshlab bir qancha iste‘mol mollariga aktsiz soliqlari oshishi ortidan, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatishga oid to‘lovlar narxlari ham ko‘tarilishi kutilmoqda.

Yangi yildan boshlab yo‘lkira, issiq va sovuq suv, gaz va elektr energiyasi narxlari oshishi haqida O‘zbekistonda chiqadigan qator Internet saytlar xabar qildi.

Aytilishicha, narx-navoning ko‘tarilishiga 2012 yilning 1 yanvaridan neft mahsulotlariga aktsiz solig‘ining oshirilishi sababdir.

Biroq Ozodlik suhbatlashgan rasmiy idoralar vakillari bu xabarlarni rad etdilar.

“Toshavtobustrans” hissadorlik kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, 1 yanvardan boshlab yo‘lkira ko‘tarilmaydi, dedi:

- Yo‘q, yo‘q, bo‘lmagan gap bu. Yangi yildan boshlab yo‘lkira narxi oshmaydi, 600 so‘m edi va shunday bo‘lib qoladi,- deydi “Toshavtobustrans” hissadorlik kompaniyasi mulozimi.

Aholiga gaz va elektr energiyasi yetkazib beradigan ta‘minot idoralari vakillari ham hozirga qadar yangi yildan boshlab narxlar oshishi haqida hech qanday ko‘rsatma olmaganliklarini aytdilar.

Biroq toshkentlik tadbirkor Jahongir Shosalimovning aytishicha, o‘zbek so‘mining qadrsizlanishi uzluksiz davom etayotgan bir paytda, yangi yildan narxlarning oshmasligi haqida gapirish mantiqsiz bo‘lgan bo‘lardi:

- Narx-navo oshishi bu tabiiy narsa, chunki o‘zbek so‘mi keskin qadrsizlanib ketyapti. Bugun qora bozorda bir AQSh dollar 2820 so‘mga chiqib ketdi. Lekin shuni ham aytib o‘tish kerak, narx-navoda keskin o‘zgarish bo‘lmaydi. Chunki aholining xarid quvvati past. Hukumat xizmat ko‘rsatadigan sohalarda esa bir gapni aniq bashorat qilish qiyin. Chunki, dekabr oyida hukumatning maoshlarni oshirgani ortidan narx-navolarning oshirilgan maosh yoki pensiyalarga nisbatan ko‘proq oshib ketishi shu paytgacha kuzatib kelingan holat,- deydi Jahongir Shosalimov.

Norma.uz sayti ma‘lumotiga ko‘ra, 2012 yil yanvaridan boshlab yo‘l jamg‘armasi soliq stavkalari ham 1 foizdan 1,4 foizga, yer solig‘i, jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i, suv resurslaridan foydalanish solig‘i 1,2 foizga oshadi.

Bu xabarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 2012 yilning 1 yanvaridan transport vositalari uchun benzin, dizel yonilg‘isi va gazga jismoniy shaxslardan olinajak soliq stavkasini ham 25 so‘mga oshirmoqchi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 16 dekabrdagi qo‘shma qaroriga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab spirtli ichimliklar narxi ham 8-16 foizga qimmatlaydi.

Qarorga ko‘ra, har bir litr vinoning zavoddan sotilish minimal narxi avvalgi 2000 so‘m o‘rniga 2200 so‘mga ko‘tarildi. Konyak, aroq va shunga o‘xshash o‘tkir ichimliklar bir litrining narxi 5000 so‘m qilib belgilandi.

Qo‘qon shahridagi alkogolli ichimliklar ishlab chiqaruvchi “Mastona” hissadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan ekspeditoriga ko‘ra, bu kutilgan hodisa bo‘lgan:

- Anchadan beri narxlarning ko‘tarilishi haqida gap bo‘layotuvdi. Biroq, bu haqdagi qaror hali bizgacha yetib kelgani yo‘q. Ilgari ko‘p oshib turardi, hozir yilda bir marta oshyapti. Albatta bu xom ashyo narxlarining ko‘tarilishiga bog‘liq.

Bu yerda asosan aktsiz solig‘i o‘zgaradi. Buning bizga deyarli foydasi yo‘q. Aktsiz solig‘i bu iste‘molchidan olinib, byudjetga to‘lanadigan narsa, - deydi korxona ekspeditori.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakat iqtisodi jadal rivojlanishda davom etayotgani ta‘kidlasa-da, aholi turmushida bu rivojlanish aks etmasligi aytiladi. Hukumat yiliga odatda maoshlar ikki marta oshirilishiga qaramasdan, oyliklar narx-navolar ortidan quvib yetolmaydi, deydi o‘zbekistonliklar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1 dekabrdan boshlab oylik ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni o‘rtacha 10 foizga oshirish to‘g‘risidagi farmonga 3 noyabr kuni imzo chekkan edi.

1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston hududida bir oylik eng kam ish haqi miqdori 62 ming 920 so‘mni, eng kam pensiya va nafaqalar 123 ming 60 so‘mni, qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan yordam miqdori 75 ming 510 so‘mni tashkil qiladi.
XS
SM
MD
LG