Линклар

20 dekabr kuni Qirg‘iziston Oliy sudi 2010 yil iyun voqealarida ayblangan taniqli huquq faoli Azimjon Asqarov ustidan hukm chiqardi.

Mahalliy vaqt bilan 18.00 gacha davom etgan mahkamada raislik qilgan Perizat Abakirova Azimjon Asqarovga nisbatan chiqarilgan umrbod qamoq jazosi hukmini o‘z kuchida qoldirildi.

Eslatib o‘tamiz, Azimjon Asqarov va u bilan sudga tortilgan o‘zbek millatiga mansub yana olti kishi 2010 yilning iyun oyida ro‘y bergan O‘sh qirg‘ini chog‘ida Bozorqo‘rg‘on tumanidan o‘tuvchi O‘sh-Bishkek yo‘lini to‘sib qo‘yish, militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonovni o‘ldirish va tartibsizliklarni uyushtirish kabi hatti-harakatlarda ayblanib, hibsga olingan edi.

Huquq faoli Bozorqo‘rg‘ondagi tartibsizlik tashkilotchilaridan biri sifatida Bozorqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgandi. Keyinchalik Jalolobod viloyat sudi ham Bozorqo‘rg‘on tuman sudi hukmini o‘z kuchida qoldirdi.

Qayd etish o‘rinliki, 2010 yil sentyabridagi dastlabki sud jarayonida Azimjon Asqarov va u bilan birgalikda qora kursiga o‘tqazilgan o‘zbek millatiga mansub olti nafar sudlanuvchiga qarshi asosan militsiya xodimlari guvohlik bergan edi.

Azimjon Asqarov bilan bir qatorda mazkur ish yuzasidan Muhammadzokir Qo‘chqorov, Sanjarbek Mulavxunov, Elmurod Rasulov, Isroilbek Abduraimov umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, Munira Mamadaliyeva va Shukrjon Mirzolimov 20 yilga kesilgan edi.

Seshanba kuni Qirg‘iziston Oliy sudi Munira Mamadaliyevaga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlar qisman o‘z isbotini topmaganini inobatga olib, unga nisbatan 20 yillik qamoq jazosini 11 yilgacha kamaytirdi. Biroq boshqa sudlanuvchilarga nisbatan quyi instantsiyalar chiqargan sud hukmi o‘z kuchida qoldirildi.

Asnoda Azimjon Asqarov himoyasi huquq faoliga nisbatan chiqarilgan hukm yuzasidan Oliy sudga qilingan arz bilan cheklanib qolmasligini aytmoqda. Xususan, Asqarovning advokati Nurbek To‘qtaqunov endilikda xalqaro sudlarga murojaat qilinishini ma‘lum qildi. Biroq advokat To‘qtaqunov shikoyat arizasi xalqaro sudga qachon topshirilishi haqida hozircha aniq ma‘lumot berolmasligini qo‘shimcha qildi.

Jalolobodlik huquq faoli Azimjon Asqarov ayni paytda Bishkekdagi 47-qamoqxonada saqlanmoqda.

Mahalliy huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar “Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilgan”, deya bildirib keladilar. Azimjon Asqarov xalqaro tashkilotlar tomonidan vijdon tutquni deb tan olingan va unga joriy yilning mart oyida Nomo Homini mukofoti topshirilgan.
XS
SM
MD
LG