Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:33

Janao‘zenda namoyishchilar o‘qqa tutilganiga oid video paydo bo‘ldi


Videoda politsiyachilar o‘q yeb, yerga yiqilglan namoyishchilarni to‘qmoq bilan kaltaklangani ham tasvirlangan.
Videoda politsiyachilar o‘q yeb, yerga yiqilglan namoyishchilarni to‘qmoq bilan kaltaklangani ham tasvirlangan.
Qozog‘istonning Janao‘zen shaharchasida namoyishchilar o‘qqa tutilgani tasvirlangan video Internetda e‘lon qilindi.

Aftidan bu videotasvirni voqealar ro‘y bergan maydon oldidagi uylardan biridan guvohlar olgan va seshanba kuni YouTube saytiga joylashtirgan.



Janao‘zenda 16 dekabr kuni ish tashlaganlar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lib zo‘ravonliklar kelib chiqdi.

Rasmiylarning aytishicha, zo‘rvaonliklar oqibatida 14 kishi halok bo‘lib, 80 dan ziyod namoyishchi yaralangan. Norozilar o‘lganlar soni ancha ko‘proqligini aytmoqda, lekin buni mustaqil manbalardan tasdiqlab bo‘lmadi.

Videoda namoyishchilar va voqeani kuzatib turganlar bostirib kelayotgan politsiyadan chekinayotgani ko‘rsatilgan. Namoyishchilarning ba‘zilari politsiyaga qarata tosh otmoqda.

Qalqon ko‘targan politsiya kuchlari namoyishchilarga yaqinlashgan sari o‘q ovozlari ham eshitila boshlaydi. Qochishga urinayotgan namoyishchilarning ba‘zilari o‘q yeb yerga yiqiladi. Ulardan biri yiqilib, qimirlamay qoladi, yana biri esa emaklab chekina boshlaydi. Shunda politsiya kuchlari yaqinlashib keladida, jarohat olib yerda yotgan namoyishchilarni to‘qmoqlar bilan kaltaklay boshlaydi.

Qozog‘iston rasmiylari ularning ta‘biri bilan aytganda “bezorilarga” qarshi kuch qo‘llanishi, jumladan o‘q otar qurollarni ishga solinishini oqlamoqda.

Rasmiylarning iddaosicha, politsiya faqat osmonga va yerga qarata o‘q uzgan, odamlarga esa o‘qlar rikoshet natijasida tekkan bo‘lishi mumkin.

“Ogohlantiruv o‘qlarining otilishiga qaramasdan, olomon politsiyaga hujum qilishni davom ettirgani inobatga olinib va maydonda qolib ketgan xodimlar hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda qurollarning banditlar qo‘liga tushib qolishi oldini olish maqsadida politsiya kuchlari xizmat qurollarini ishga solishga majbur bo‘ldi”, deya bayonot berdi bosh prokuror matbuot kotibi Nurdaulet Suindikov.

Prezident Nursulton Nazarboyev politsiya o‘z vakolati va qonun doirasida harakat qilganini ta‘kidladi.

Guvohlar rasmiylar versiyasini inkor qilib, politsiya namoyishchilarni nishonga olib otganini aytmoqda.

Qozog‘iston g‘arbiy mintaqalarida noroziliklar davom etgan bo‘lsa-da, noroziliklarning o‘chog‘i bo‘lgan Janao‘zenda tinchlik o‘rnatildi. Shaharchaga ko‘p soni politsiya kuchlari tashlandi va prezident 2012 yilning 5 yanvariga qadar kommendantlik soati joriy qildi.

Shaharda 16 dekabr kuni uzib qo‘yilgan Internet va mobil aloqasi 20 dekabr kuni tiklandi. Favqulodda holatlar vazirligi buni elektr ta‘minoti uzilgani bilan izohladi.

Hyuman Rayts Uotch tashkiloti rasmiylarni aloqani tiklashga chaqirib, Janao‘zenda mobil aloqaning uzilishiga hukumatning aloqasi borligini bayon qildi.
XS
SM
MD
LG