Линклар

Ushbu haftada O‘zbekistonda havo harorati keskin tushib ketdi. O‘zbekistonning shimoliy viloyatlarida termometr darajasi – 25 – 20 darajaga tushgani aytilmoqda. Sovuq kunlarda O‘zbekiston qishloqlarida gaz va elektr energiyasining taqchilligi aholini yanada mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning turli viloyatlariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zbekistonliklarning qanday qishlayotgani bilan qiziqdik.

“Sovuqda banan qop-qorayib ketar ekan”

O‘zbekistonliklarning aytishlaricha, “Qish o‘chog‘i tor, tur uyingga bor” xalq maqoli bugun xalq turmishida o‘z aksini topganday. Viloyatlarda qishlash og‘ir kechyapti, Toshkentda esa yengilroq.

Qishning qanchalik qattiq kelishidan qat‘iy nazar poytaxt aholisi uchun hozircha, onda-sonda o‘chib turadigan elektr chirog‘ini aytmasak, deyarli tashvish yo‘q. Poytaxt xonadonlarida gaz gurillab yonyapti. Faqat poytaxt bozorlaridagi bozorchilar qishning bunday qattiq kelishini kutmagan ko‘rinadi.

Toshkentlik uy bekasi Feruza opaning aytishicha, Yunusobod bozoridagi aksariyat mevalarni sotuvchilar sovuqqa oldirib qo‘ygan:

- Bozorga borgan edik. Hamma mevalar muzlab qolibdi tosh bo‘lib. Bananlarni ilib qo‘yishgan qop-qora qilib. Koroche hammasi zamorojenniy edida Yunusobod bozorida. Kecha bozor qilmoqchi edik. Olmani olsak muzlagan, kartoshka olsak muzlagan. Sovuq bozor ichi. Hech qanaqa sharoit yo‘q ekanda. Sotuvchilar ham umuman qotib qolgan. Kecha 15 gradus bo‘ldiyu tunda,- deydi toshkentlik Feruza opa.

“O‘tin ham qolmadi, navbat daraxt tomirlariga yetdi”

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida istiqomat qiluvchi pensioner Sadiroxun So‘piyevning aytishicha, qattiq kelgan qish odamlarni sarosimaga solib qo‘ydi. Andijon shahrining o‘zida ham gaz tanqisligi sabab, odamlar o‘tgan yili kesilgan chinorlarning tomirlarini kavlab olishmoqda:

- Bugun men umuman ko‘chaga chiqmadim. Ko‘mir yo‘q. Bir tonnadan bergan ko‘mirni tugatdik. Juda yomon bo‘layaptiyu. Qo‘yning go‘ngini yoqayapmizda endi. Praktikada bu Sadriddin. Postoyanno toq yilda qish qattiq bo‘ladi. 1943 yilda ham nemis toq yilda qotgan sovuqdan. Bizda hozir tok yo‘q. Qorong‘i. Umuman bugun tok bergani yo‘q. Bir narsa deb arz qilib bo‘lmasa. Arz qiladigan tashkilotning o‘zi yo‘q bo‘lsa. Kimga arz qilishingni ham bilmaysan.

Ozodlik: Odamlar qanday jon saqlayapti? O‘tini yo‘qlar nima qilayapti?

- O‘tini yo‘qlar o‘g‘irlaydi. Kolxozning ekib ketgan tutlarini arralashadi. Hatto men ko‘rdim ilgari kuni Andijonda. Shaharda katta chinorlarni kesvoradiyu. O‘sha daraxtlarning tagini katta odamlar o‘yib, tomirlarini chiqarib kavlashayapti. Shaharda endi bu, - deydi andijonlik Sadiroxun So‘piyev.

“O‘quvchilar maktabga o‘tin ko‘tarib borishyapti”

Ismini oshkor qilmagan qo‘qonlik otaning aytishicha, birinchi sinf o‘quvchilariga ham maktabga o‘tinsiz kelmaslik buyurilgan:

- Sovuq bo‘layapti. Nima qilaylik endi? Gaz yo‘q. Gaz nomiga yonayapti. Svet o‘chgan. Domdagilar pastga tushib ovqat qilayapti ekan.

Ozodlik: Domdagilar uyini qanday isitadi?

Svet o‘chsa, endi ko‘rpalarga o‘ranib olar ekanda. Biz ham ikki qavat ko‘rpada o‘tiribmiz. Svet yo‘q. Svet yonsa, ozgina isib olayapti. Bilmay qoldik nima qilishni. Ayollar hokimiyatga boribdi. “Bor, nima qilsang qilaver” debdi. Qo‘qon hokimiyatigada.

Ozodlik: Bolalar qanday qilayapti? Maktablar issiqmi?

Maktabga o‘tin olib borayapti. Qizaloq birinchi sinfda o‘qiydi. Dada, qo‘lim muzlab qoldi, deb keldi. Ikki-uch kun borgani yo‘q. Sinfning ichida pechka yoqarkan. “Ustimni hidlang. Tutab ketayapti ustim” deb keladi qizim. Qizim kichkinaku. yolg‘on gapirishni bilmaydiku. Kechagi kuni “pechkasi nam ekan” dedi. Svet yo‘qligiga suv ham bo‘lmayapti. Suv ham muzlab qolayapti,- deydi qo‘qonlik ota.

“Pensiyalar 100 foiz gaz to‘lovi uchun ushlab qolindi”

O‘zbekistonlik rasmiylar qish kunlarida gaz bo‘lmasligining asosiy sabablaridan biri aholining qarzdorligi ekanligini aytib keladilar. Biroq bir tutam pensiyasiga qarab turgan otaxonu-onaxonlardan bir og‘iz ham so‘ramasdan pensiya pulini yuz foiz gaz to‘loviga o‘tkazib yuborishga uncha-buncha odam jur‘at qilolmasa kerak. Biroq, Navoiy viloyatining Konimex tumani hokimi shunday ishga jur‘at qilgan ko‘rinadi.

Konimex tumanida yashovchi Abror ismli haydovchining aytishicha, garchi gaz idoralarining ularning oilasidan 100 ming so‘m qarzi bo‘lsa-da, biroq uning ota-onasi pensiyasi butunlay gaz to‘loviga o‘tkazib yuborilgan:

- Uch kun sovuq bo‘ldi. Kecha, bugun yaxshi bo‘ldi. Lekin uch kun sovuq bo‘ldi. Radiolarda 5-10 gradus deyapti, lekin 19-20-23 gacha ko‘tarildi deb aytayapti odamlar.

Viloyat hokimining o‘zi ochiqchasiga aytdi. “Gazdan hamma qarz. Umuman bo‘lmaydi gaz. Elektr toki ham bo‘lmaydi” dedi. Gaz kam berilayapti. Puli oylikdan olinayapti. Oilada besh kishi ishlaydigan bo‘lsa, umuman davlat beradigan pulning hammasidan qaytarib olayaptida. Pensiyalar 100 foiz qaytarib yuborildi. Konimex tumanida 100 foiz gazga qaytarildi. Har bir odamdan 100 ming qaytargandan keyin yoqib qo‘ygan.

Pensiyani qaytargandan keyin hamma raygazga yugurib borgan. Raygazda hech kim yo‘q. Faqat dispetcher bor. U “men hech narsa bilmayman” deydi. Hokimiyat ham shu gapni aytadi. Odamlar kimga murojaat qilishni bilmayaptida. Mana men hozir Konimex tumanida yashayapman. Pochtaga telefon qilib “Nima uuchn 100 foiz pensiya qaytarildi” desam, “Raygaz va hokimiyat shunaqa buyruq bergan. Shuni qilishimiz kerak. Pochtaga kelsang, javob beraman” dedi. Keyin viloyat pochtasiga telefon qildim. “Pochta o‘z ishini qilsin. Vedomostda yozilgan pulni olib kelib bersin” desam, “Tarmoqlararo bir nima tashkil qilingan. Elektroset, raygaz, pochtalar kelishib, shunday olib qolish majburiy” dedi,- deydi konimexlik Abror.
XS
SM
MD
LG