Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:43

O‘zbek temiryo‘lchilari Afg‘oniston temir yo‘llariga asos soldi


O‘zbekistonlik mutaxassislar qurib bitirgan temir yo‘ldan ilk poyezd Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga yetib bordi. Bu bilan Afg‘oniston temir yo‘llariga asos solindi. O‘zbekistonlik temiryo‘lchilarning aytishlaricha, agar Afg‘oniston hukumati yangi shartnoma tuzsa, temir yo‘lni Afg‘onistonning boshqa viloyatlarigacha uzaytirish mumkin.

Afg‘onistonda ilk poyezd 21 dekabr kuni O‘zbekistonning Termiz shahridan Mozori Sharif shahriga yetib bordi.

Sobiq ittifoq davrida qurilgan 25 kilometrlik temir yo‘l o‘zbekistonlik quruvchilarning xizmati bois 75 kilometrga uzaytirildi.

Bu bilan Afg‘oniston temir yo‘llari ilk tizimga ega bo‘ldi va mamlakatning kelajakdagi temir yo‘llariga asos solindi.



“O‘zbekiston temir yo‘llari” hissadorlik kompaniyasining Surxondaryo mintaqaviy bo‘limi bosh injeneri Ahad Sharifboyevning aytishicha, 75 kilometrlik yo‘ldan ilk bor yetti vagonli poyezdning Mozori Sharifga yetib borishi muvaffaqiyatli yakunlangan:

- Bu yo‘lni yuz foiz o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar qurib chiqdi. Hozircha Afg‘onistonda temir yo‘llarga xizmat ko‘rsatadigan mutaxassislar yo‘qligi uchun shartnomaga ko‘ra biz texnik xizmatlarni uch yil davomida ko‘rsatib turamiz, parallel ravishda ularga ham o‘rgatamiz,- deydi Ahad Sharifboyev.

Mutaxassisning aytishicha, agar Afg‘oniston Islom Respublikasi temir yo‘llarini mamlakatning boshqa mintaqalariga uzaytirish istagida bo‘lsa, O‘zbekiston tomoni yangi shartnoma asosida temir yo‘l qurilishini davom ettirishi mumkin.

Afg‘oniston Yo‘l qurilishi vaziri o‘rinbosari Nurgul Mangalning Ozodlikka aytishicha, bu temir yo‘li mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi uchun juda zarur bo‘lgan:

- Bu temir yo‘lining mamlakat iqtisodiyotiga juda ham katta foydasi bor. Ilgari yuklar Hayratonda tiqilib qolardi, endi esa ularni bemalol mamlakat ichkarisiga tashish mumkin. Men o‘zbek temiryo‘lchilarining qisqa muddatda bu yo‘lni qurib bitkazishganiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Men o‘ylaymanki, bizning hamkorligimiz yana davom etadi,- deydi vazir o‘rinbosari Nurgul Mangal.

Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘li loyihasi 165 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u Osiyo Taraqqiyot Bankining granti hamda Afg‘oniston hukumati mablag‘i (15 million dollar) hisobiga amalga oshirildi.

Qurilish ishlari 2010 yil yanvarida boshlangan edi.

O‘zbekiston temir yo‘llari” “Hayraton – Mozori Sharif” temir yo‘liga xizmat ko‘rsatishdan 100 million dollarga yaqin foyda ko‘radi.

O‘zbekiston temir yo‘llari har yili tashilgan yuk miqdoridan qat‘iy nazar 32 million dollar xizmat haqi oladi. Bundan tashqari yuk miqdori bir yilda belgilangan 2,2 million tonnadan oshadigan bo‘lsa, har 100 ming tonna qo‘shimcha yuk uchun 275 ming dollardan qo‘shimcha haq oladi.

O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasining “Xayraton – Mozori Sharif” temir yo‘liga xizmat ko‘rsatadigan “So‘g‘diyona trans” sho‘‘ba korxonasini maxsus texnika, qurilmalar, xom ashyo uchun barcha boj to‘lovlaridan ozod qilingan.

Afg‘onistondagi vaziyat barqaror bo‘lmagani uchun o‘zbekistonlik temir yo‘lchilar xavfsizligini ta‘minlashni Afg‘oniston tomoni o‘z zimmasiga olgan.

1996 yildan buyon yopib qo‘yilgan Termiz-Hayraton ko‘prigi 2003 yilning 10 noyabrida qayta ochilgan edi. Bunga 2011 yil 11 sentyabrda AQShda amalga oshirilgan terror xurujidan keyin Qo‘shma Shtatlar yetakchiligidagi koalitsiya Afg‘onistonda harbiy amaliyotlarni boshlagani sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekiston o‘shnad Qarshidagi Xonobod aeroportini AQShga ijaraga bergan edi.

Biroq 2005 yildagi Andijon voyeqalaridan so‘ng, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat sovuqlashib, AQSh harbiylari Xonoboddan haydaldi.

2009 yilda O‘zbekistonning AQSh bilan munosabatlari yana iliqlashdi va O‘zbekiston NATO noharbiy yuklarini o‘z hududi orqali o‘tkazishga ruxsat berdi.

2009 yilning mart oyida jurnalistlar bilan uchrashgan prezident Karimov Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar ta‘minoti uchun O‘zbekiston alohida ahamiyatga ega davlat ekanini ham ta‘kidlagandi:

- Yaxshilab bir qaranglar-chi, O‘zbekiston hududi orqali o‘tmasdan Afg‘onistonga yuk tranzitini qanday qilib amalga oshirish mumkin?- degan edi Islom Karimov.

Mutaxassislarning aytishlaricha, “Xayraton – Mozori Sharif” temir yo‘li kelajakda Shibirg‘on, Hirotdan o‘tib, Eron va Pokistondagi dengiz portlariga olib chiquvchi transafg‘on yo‘lagining dastlabki bosqichidir.

Osiyo taraqqiyot banki mablag‘iga qurilgan bu temir yo‘lni O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonni rivojlantirishga O‘zbekistonning qo‘shayotgan hissasi sifatida qayd etib keladi.
XS
SM
MD
LG