Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:41

O‘zbekiston 2011: Cho‘michi katta rahbarlar davri


Tahlilchilarga ko‘ra, garchi prezident Islom Karimov yil avvalida so‘zlagan nutqida “bundan buyon mushtumzo‘r rahbarlarning zo‘ravonligi o‘tmasligi” haqida gapirgan bo‘lsa-da, yil oxiriga qadar hokimliklarga aynan mushtumi zo‘r rahbarlarni tayinlangan.
Tahlilchilarga ko‘ra, garchi prezident Islom Karimov yil avvalida so‘zlagan nutqida “bundan buyon mushtumzo‘r rahbarlarning zo‘ravonligi o‘tmasligi” haqida gapirgan bo‘lsa-da, yil oxiriga qadar hokimliklarga aynan mushtumi zo‘r rahbarlarni tayinlangan.
Tahlilchilar 2011 yilda rahbarlar safi ko‘proq MXX va prokuraturaning ishtahasi va mushti katta kadrlari bilan kengayganidan xavotirda.

Kadrlar bu yil ham qo‘nimsiz bo‘ldi

2011 yilda ham, xuddi avvalgi yillarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda izchil kadrlar almashinuvi jarayoni kuzatildi.

Bir necha yirik viloyat va shahar, jumladan, Namangan shahri hokimi Ilhomiddin Botirov, Farg‘ona viloyat hokimi Erkin Nuraliyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Nuriddin Zayniyev hamda Toshkent shahar hokimi Abduqahhor To‘xtayevlar ishdan olindi.

Shuningdek, bir necha tumanlar hokimlari ham ishdan olindi va bunday hokimlar bu yil ham eng kamida “mas‘uliyatsizlik, tashabbussizlik, talabchanlikning yetishmasligi, printsipsizlik” kabi nuqsonlar, ko‘pi bilan esa bir qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblandi.

Namangan va Toshkent shahar, Farg‘ona viloyati hokimlari hibsga olindi.

Yana bir qiziq hokim almashinuvi yil oxiriga kelib Surxondaryoda bo‘ldi. Viloyat hokimi Turob Jo‘rayev Qashqadaryoga olindi, uning o‘rniga esa Sariosiyo tumani hokimi Normo‘min Choriyev Surxondaryoga hokim qilib olib kelindi.

2011 yil davomida, shuningdek, bir necha yirik vazirlik, boshqarma, qo‘mita rahbarlari ishdan olindi. O‘zbekiston Xalq ta‘limi vaziri Avaz Marahimov, O‘zbekiston Davlat monopoliyasidan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Jahongir Ismoilov, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Qobul Naqibovlar shular jumlasidandir.

2011 yilda kuzatilgan yana bir jiddiy kadr almashinuvi O‘zbekiston prezidenti devonida bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidentiga xuquq-tartibot, kuch ishlatar va fiskal tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish buyicha 9 oy maslahatchi bo‘lgan Muidjon Tohiriy ishdan olindi. Uning o‘rniga kelgan yangi davlat maslahatchisi Ravshan Muhiddinov ham oradan 3 oy o‘tmay ishdan bo‘shatildi va qisqa muddatdan so‘ng hibs qilindi.

Muidjon Tohiriy general-mayor, bungacha Milliy xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari, undan avval O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rais o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Ravshan Muhiddinov esa bir necha yillar davomida O‘zbekiston Adliya vaziri, Jizzax viloyati prokurori kabi yuqori lavozimlarda ishlab kelgan.

Shu kunlardagi norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yil davomida ishdan olingan ba‘zi amaldorlar, jumladan, Ravshan Muhitdinov, Abduqahhor To‘rayev, Erkin Nuraliyevlar panjara ortida saqlanmoqda.

Bular nomi jamoatchilikka oshkor bo‘lgan amaldorlardir.

Nomi jamoatchilikka, xususan, matbuotga oshkor bo‘lmagan, ammo ishdan olinib, panjara ortiga tashlangan katta-kichik amaldorlar o‘tgan yillardagi kabi 2011 yil davomida ham ko‘p bo‘lgani taxmin qilinadi.


Bu yil hukumatga kelgan "siloviklar" ko‘paydi

Yil davomida O‘zbekistondagi kadrlar almashinuvi jarayoni haqida eng ko‘p xabar berib kelgan Uzmetronom sayti muharriri Sergey Yejkov so‘nggi bir yilning boshqa yillardan farqli va mamlakat kelajagi uchun muhim deb bilgan bir jihatini tilga oldi.

- Menimcha, hozirga kelib hokimiyatga amaldorlarning ikkinchi avlodi esheloni kiradigan palla keldi. Ya‘ni shu vaqtgacha o‘rnatilgan aloqalar, tartib va yosh jihatdan hokimiyatni ushlab turgan birinchi eshelon ketayapti. Bu siyosat o‘zini qanchalik oqlaydi, buni vaqt ko‘rsatadi, albatta. Ammo hozirgi vaziyat uchun bu normal mantiqiy qaror, - deydi Sergey Yejkov.

U shu vaqtgacha o‘rinbosar bo‘lgan va endi birinchi rahbarga aylantirilayotgan ko‘plab kadrlar kuch ishlatar tuzilmalardan chiqqaniga alohida urg‘u berdi.

O‘zbekistonda shu yo‘l bilan hukumat o‘z mustahkamligini tobora kuchga bog‘lab borayotganini e‘tirof etgan sobiq mulozim, bir vaqtlar prezident devonida kadrlar masalasi bo‘yicha mas‘ul lavozimda ishlagan Sharof Ubaydullayev ham mustaqillikning 20 yilidan so‘ng hukumat tegrasiga yig‘ilayotgan rahbarlarning ko‘proq kuch ishlatar tuzilmalaridan kelayotganiga e‘tibor qaratdi.

U kishi so‘nggi norasmiy ma‘lumotlardan biri — Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari etib Buxoro viloyati prokurori Po‘lat Bobojonovning tayinlanganini tilga olar ekan, aholi bilan bevosita muloqot qilishga mas‘ul hokimlikka bunday kadrlarning kelishini oqlamasligini aytdi.

- Oblast prokurori, tasavvur qiling, shunaqa jabr beradiki odamlarga. Chunki u jami dunyoga delolar orqali, jinoyat orqali qaraydigan odam. Ko‘p paytda hokimlar militsiyadan ham qo‘yib yurildi. Bu aqlga sig‘maydigan hodisa, - deydi Sharof Ubaydullayev.


Markazda musht stolga urilayapti, quyida esa aholi boshiga

Bu yil davomida ham O‘zbekiston viloyatlaridagi rahbarlarning zo‘ravonligi, xususan, mushtumzo‘rligiga oid bir necha hisobotlarni chop etgan “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, garchi prezident Islom Karimov yil avvalida so‘zlagan nutqida “bundan buyon mushtumzo‘r rahbarlarning zo‘ravonligi o‘tmasligi” haqida gapirgan bo‘lsa-da, yil oxiriga qadar hokimliklarga aynan mushtumi zo‘r rahbarlarni tayinlangan.

U ham o‘z fikriga so‘nggi holatlardan biri – Surxondaryo hokimi Turob Jo‘rayevning Qashqadaryoga olinganini misol keltirdi.

- U kishi ilgari Xalq ta‘lim vaziri bo‘lib yurgan paytlarida ham qabuliga kelgan quyi lavozimdagi amaldorni bo‘ralab so‘kkani, urgani haqida gaplar bor. Prezident navbatdan tashqari sessiyada ham buni tan oldi. “Qashqadaryoliklar bunaqa so‘kishlarni ko‘tarmaydi, bular bilan xushmuomala bo‘ling”, degan ma‘noda. Lekin bu kadr almashinuvining asosiy sabablaridan bittasi Qashqadaryoni tartibga solish edi aslida, - deb hisoblaydi o‘zbekistonlik huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

Uning fikricha, Surxondaryoga qo‘yilgan yangi hokim Normo‘min Choriyev ham mushtumzo‘rlikda Turob Jo‘rayevdan qolishmaydi va bu fe‘l hanuz O‘zbekistonda hokimlikka qo‘yilayotgan kadrlarning birlamchi “fazilati” sifatida inobatga olinishda davom etmoqda.

- Sirdaryo viloyati hokimi Oybek Ashurmatov yoki Jizzax viloyatining hokimi Sayfiddin Umarovich Ismoilov yo Navoiy viloyatining hokimi Erkin Turdimov. Bizlar bir necha marta katta majlislarda bu hokimlarning odamlarni og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan so‘kkani, hatto odamlarni urgani haqida ma‘lumotlarni oldik. Ya‘ni 2011 yilda ham O‘zbekistonda hokimlarning pozitsiyasini kuch bilan mustahkamlashga urinish davom etdi, - deya xulosa qiladi suhbatdosh.


Siyosiy tranformatsiya davri

"O‘zbekistonda kadrlar almashinuvi bilan bog‘liq jarayonning 2011 yildagi eng muhim nuqtasi prezident devonida bo‘ldi" deb hisoblaydigan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bu jarayonni prezident Karimovning eng quyidan boshlab, eng yuqori pog‘onalariga qadar bir-biriga bog‘langan amaldorlar zanjirini o‘z foydasiga mustahkamlash istagida ekani bilan izohlaydi.

- Shaxsan Karimov va uning atrofidagi sadoqatli shaxslar yaqin yillar ichida O‘zbekistonda bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlarga tayyorlanayapti, nazarimda. Hokimiyatning transformatsiya davrida bir-biriga sadoqatli bo‘lgan, mustahkam komanda bo‘lgan struktura tuzishga harakat qilinayapti. Aslida prezident devonida begona odam yo‘q, lekin ularning ishonchlilik darajasi bir-biridan farq qiladi, - deydi K.Rabbimov.

Siyosiy tahlilchi fikricha, 2011 yil davomida Karimovga bo‘lgan ishonchidan foydalangan kuchlarning harakatlari va bu asosda Karimov bergan qarorlar natijasida kelgusida hokimiyat almashinuvi qanday kechishi bo‘lmasa ham, almashinuv jarayonidan so‘ng hokimiyatga kimlar kelishi mumkinligidan ishorat beruvchi ayrim holatlar ko‘zga tashlangan.

- Karimov aynan kimni o‘ziga o‘rindosh sifatida ko‘rayotganini bilmaymiz haliyam. Lekin Karimov shunday bir siyosatchilardanki, har qanday vaziyatga, har qanday o‘zgarishlarga tayyor turish kerak, deb hisoblaydi. Shundan xulosa qilish mumkinki, keyingi yillarda kadrlar bazasini yig‘ish, kuchli komanda shakllantirish, ichki va tashqi siyosatda tajriba yig‘ish, ayniqsa pul, mablag‘ yig‘ish imkoniyati bir qancha shaxslarga berildi, xolos, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Unga ko‘ra, bular Shavkat Mirziyoev, Gulnora Karimova, Rustam Azimov, Elyor G‘aniyev va shunga o‘xshagan yana bir-ikkita shaxslardir.

U Karimovga o‘rindosh ko‘rilayotgan siyosiy figuralarni sanar ekan, prezident Karimovning 20 dekabr kuni Moskvada qilgan chiqishlaridan xulosa qilib: “O‘zbekistonda siyosiy tranformatsiya davri jiddiy ravishda yaqinlashib bormoqda”, deydi.


2012 yilning yanvari oxiriga qadar kuting - o‘zgarish bo‘ladi!

Toshkentlik jurnalist Sergey Yejkov mamlakat hokimiyatida jiddiy o‘zgarish bo‘ladigan pallaga juda oz qoldi, degan fikrda.

U hatto bu fikrni dalillovchi yana bir bahsli taxminni ilgari surdi va bu yana Uzmetronom saytida 2011 yil davomida eng ko‘p bahs yuritilgan figura — O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevga daxldordir.

Sergey Yejkovga ko‘ra, bugungi kadrlar almshinuvini mutlaq idora qilayotgan prezident Karimov o‘zidan keyin keladigan voris uchun mustahkam hukumat - parlamentni qoldirishga hozirlik ko‘rmoqda va bu parlament kelgusida bo‘lishi mumkin favqulodda holatlarda keyingi davlat rahbarini mintaqaviy qutblar bilan bir murosada tutib turishi kerak.

- U o‘zaro ziddiyatli kuchlarni bir maromda ushlab tura oladigan parlament bo‘lishini xohlayapti. Ya‘ni yangi prezident kelgan taqdirda bu parlament uni o‘ylanmagan qadamlardan tiya olishi va jamoatchilikda, mintaqa, umuman respublikada bir murosaviy muvozanatni tutib turishga qodir bo‘lishi kerak, - deb hisoblaydi Sergey Yejkov.

2011 yilning dunyo uchun ahamiyatli bo‘lgan voqeasi – “arab bahori”dan so‘ng bunday holatning Markaziy Osiyo, xususan, mintaqadagi eng jiddiy nuqta bo‘lgan O‘zbekistonda takrorlanishi mumkinligi haqida yil davomida xavotirlar ko‘p tilga olindi.

Hatto ayrim rus nashrlarida mamlakatda ommaviy noroziliklar boshlanganiga oid soxta xabarlar ham paydo bo‘ldi.

Sergey Yejkovning “yangi prezidentning o‘ylanmagan qadamlari” ehtimoli haqidagi farazlari, Kamoliddin Rabbimovning hokimiyat bo‘g‘inlaridan “ishonch bo‘lmagan va zaif” halqalarning olib tashlanishi haqidagi xulosalari, qaysidir ma‘noda, O‘zbekiston rahbariyatining jiddiy o‘zgarishlarga hozirlik ko‘rayotganiga jiddiy dalolatdek ko‘rinadi.

Tabiiyki, bu gal ham “Qachon bo‘ladi bu o‘zgarishlar?” degan savol umumiyat-la ochiq qolmoqda.

Ammo bu savolga “o‘ta ishonchli manbalardan olingan” ma‘lumotlari bilan doimiy bahslarga sabab bo‘lib keladigan Sergey Yejkov yana bir bahsli ma‘lumot bilan javob berishga urinmoqda.

- Keling, 2012 yilning yanvar oyi oxirigacha qadar kutaylik. O‘shanda O‘zbekiston parlamenti qonunchilik palatasi va senatining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ishoning, o‘shanda ko‘p savollar javobini topadi, - deydi jurnalist Sergey Yejkov.


So‘ngso‘z o‘rnida: Rahbarchalar xalqdan uzoqlamoqda

Bir vaqtlar O‘zbekiston prezidenti devonida aynan kadrlar masalasi bo‘yicha mas‘ul lavozimlardan birida ishlagan sobiq mulozim Sharof Ubaydullayev yaqin kunlarda o‘zi ishtirok etgan bir izdihomda kuzatgan manzaradan so‘z ochdi.

- Qariyb 15 yil O‘zbekiston Ministrlar sovetining raisi bo‘lib ishlagan, 40 yildan ortiq O‘zbekistonda eng yuqori lavozimlarda ishlab kelgan Normuhammad Jo‘rayevich Xudoyberdiyev vafoti munosabati bilan hukumat kichik bir tadbir o‘tkazdi. Mana shu yerda qariyb 400 kishiga yaqin sobiq rahbar yig‘ilib qoldi.

Bularning ichida shaxsan ko‘rganim uch nafar Oliy sovet raisi: Mirzaolim Ibrohimov, Oqil Umurzoqovich Salimov, Shavkat Muhiddinovich Yo‘ldoshevlar bo‘ldi. Sobiq Ministrlar sovetining raislaridan ham uch kishini ko‘rdim. O‘nlab vazir, yirik idora rahbarlari bor edi.

Meni ajablantirgani shuki, bir xil Oliy sovet raislari shunaqangi xarob plashyovkalarda turibdi, deng. Hozir O‘zbekistonda juda sovuq, yelkalarimdan sovuq o‘tib ketayapti, deb birisi o‘zini u yoqqa, bu yoqqa tashlaydi. Odamlar uni qo‘yib yubormaydi, gaplashgisi keladi.

Shunday sovuqda, ochiq gap, birorta yaraqlagan po‘stin kiyib turgan sobiq rahbarni ko‘rmadim. Ayrimlarining yupunligidan bugungi ayrim rahbarchalarimiz uyalganday bo‘lib o‘zlarini chetga ham tortishdi, - deydi sobiq mulozim.

Sharof Ubaydullayev bu gaplari bilan sobiq sovet davrini qumsamayotgani va u tuzum siyosatini oqlamayotganini alohida ta‘kidlar ekan, o‘sha kezdagi ba‘zi tajribalardan bugun ham foydadan holi bo‘lmaydi, deb hisoblashini aytadi.

- Biz sobiq rahbarlarning gazozapravkasi, restorani yoki falon-falon zavodlari, tijorat tizimlari bor, deb hech qachon eshita olmasdik. Bitta-yarimta bo‘lar edi u paytda ham. Lekin bunaqangi portlashlar, xalqning bunaqangi qozoniga bunaqangi katta cho‘michlarni solib, xalqni oyog‘i bilan ko‘rsatadigan rahbarlar u zamonda bir kun tura olmas edi.

Bugungi ayrim rahbarlar idorasini butunlay panjara bilan o‘rab olganini ko‘rib, butun umr shu panjaralar orasida yashashni orzu qilayotgandir, deb hayronman. To‘g‘ri, Kremlni ham o‘rab olishgan u paytda.

Lekin bugun tuman hokimligiga oddiy fuqaro kira olmasligini men tushunmayman va shu voqealikni prezident bilmaydi, deb o‘ylayman ochiq gap. Tuman, viloyat hokimliklariga bir necha chaqirimdan yaqin yo‘lagani imkoniyat bermaydi oddiy xalqqa. Bu farqlanish, xalqdan bu qadar uzoqlashishning, yana bir bor ta‘kidlashni istayman, oxiri baxayr bo‘lsin. Vaholanki, xalq ham qachondir qo‘l siltashi mumkin, - deydi Sharof Ubaydullayev.

U bir kun kelib xalq bu amaldorlardan qo‘l siltasa, buning oqibati nima bo‘lishini taxmin ham qilmadi. Faqatgina qisqa qilib: “Oxiri baxayr bo‘lsin”, dedi.

Zero, 2011 yilgi kadrlar almashinuvi jarayoniga birrov nazar tashlagan boshqa tahlilchilar ham O‘zbekistonda xalq va hukumat o‘rtasida tobora chuqurlashib, kengayib borayotgan jarlik hamda buning oqibatlari haqida yakuniy xulosa aytishdan ko‘ra, biroz kutish, boringki, 2012 yilning yanvari oxiriga qadar kutish afzalligi haqida so‘zlamoqdalar.
XS
SM
MD
LG