Линклар

Gaz va chiroq yo‘qligiga qarshi namoyish uyushtirmoqchi bo‘lgan Nurali Ko‘lobov va Abdumurod Norboyev ozod bo‘ldi.

23 dekabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Chiroqchi tumanidagi faoli Nurali Ko‘lobov 15 kunlik qamoq jazosini o‘taganidan so‘ng ozodlikka chiqarildi.

Bu haqda O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyat bo‘limi raisi Gulshan Qorayeva ma‘lum qildi.

Qorayevaga ko‘ra, Nurali Ko‘lobov 22 dekabrdan 23 dekabrga o‘tar kechasi, tun yarmidan og‘ganda uyiga kirib kelgan.

Ezgulik jamiyatining Chiroqchidagi faoli Abdumurod Norboyev esa, O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyati tarqatgan xabarnomaga ko‘ra, 10 kunlik qamoq jazosini o‘taganidan so‘ng 18 dekabr kuni ozodlikka chiqqan edi.

7 dekabr kuni kechqurun Qashqadaryoning Chiroqchi tuman hokimligi binosi oldida chiroqchilik besh kishi militsiya xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

Ular Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida gaz va elektr energiyasi ta‘minotidagi muttasil davom etayotgan uzilishlarga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazmoqchi bo‘lganlar.

Chiroqchi tumanidagi 20 ta qishloq ahli ishtirok etishi mo‘ljallagan norozilik aktsiyasini 8 dekabrdan boshlab hokimiyat binosi oldida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi 9 dekabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Chiroqchi tumani faoli Nurali Ko‘lobovni 15 sutkaga, Ezgulik jamiyatining Chiroqchidagi faoli Abdumurod Norboyevni 10 sutkaga qamash haqida hukm chiqardi.

Hozirda Ozodlikka chiqqan huquq faollari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmayapti.

Huquq faoli Nurali Ko‘lobov qamalishidan avval - 6 dekabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda namoyish rejasi haqida gapira turib, tashabbuschilarning hibsga olinish xavfi mavjudligini aytgandi.

- Bizning o‘rganishimiz bo‘yicha xotin-qizlar, qariyalar juda qiynalishgan. Hammasi boramiz, namoyish qilamiz¸ deyishayapti. Endi davlatda kimlardir ig‘vo qilishi mumkin, balki bizlarni qamashga harakat qilishi mumkin, balki "vahhobiy" deyishi mumkin, shunday harakatlar ham bo‘lgan. Ustimizdan mahalla raislari ëzib bergan - “Bu vahhobiy, Hizbut-Tahrir guruhiga a‘zo” degan xatlarni bergan. Shaxsan mening ustimdan berilgan. Xuddi shunday harakatlar yana bo‘lishi mumkin. Xudodan¸ peshonada borini ko‘rsatadi. Harakat qilamiz oxirigacha borib kurashishga, - degan edi hibsga olinishidan bir kun avval Ozodlik bilan suhbatda Nurali Ko‘lobov.

Chiroqchi tuman gaz va elektr tarmoqlari idoralarining rahbarlari Ozodlik bilan suhbatda tumanda gaz va elektr ta‘minoti bilan bog‘liq muammolar borligini tan olishgan, ayni paytni ushbu muammoni bartaraf etish imkonsizligini aytishgan edi.
XS
SM
MD
LG