Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:16

Buxoro hokimining o‘g‘illari televizorda "urildi"


Samoydin Husenov O‘zbekistonda hokimlik kursisida eng uzoq o‘tirish bo‘yicha rekord qo‘ygan amaldor.
Samoydin Husenov O‘zbekistonda hokimlik kursisida eng uzoq o‘tirish bo‘yicha rekord qo‘ygan amaldor.
Buxoro viloyat televideniyesida mahalliy amaldorlarning poraxo‘rligini fosh qiluvchi maxsus ko‘rsatuv namoyish qilindi.

Viloyat hokimiga qarindosh-urug‘ ekanligidan foydalanib ham davlatning, ham xalqning pulini o‘zlashtirib kelayotganlar orasida, film mualliflariga ko‘ra, 1996 yildan beri Buxoroga hokimlik qilib kelaëtgan Samoydin Husenovning ikki o‘g‘li ham bor.

Mazkur ko‘rsatuv bir tomondan hokimning o‘g‘li Sharofiddin Husenovning MXXda tergov qilinayotgani to‘g‘risida joriy oy boshida paydo bo‘lgan mish-mishlar asosli ekanligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, Buxoroni 1996 yildan beri boshqarib kelaëtgan hokim Samoydin Husenovning yaqin vaqt ichida ishdan olinajagi to‘g‘risidagi taxminlarni kuchaytirdi.

Dastlab, o‘z ismi aytilishini istamagan buxorolik faoldan eshitganimiz – hozircha mish-mish darajasidagi gap. Uning aytishicha, “Buxoro viloyat hokimi Samoydin Husenov ishidan chetlatilgan. Lekin bu rasman tasdiqlangan gap emas“.

Bu mish-mishda jon bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida o‘ylashga Samoydin Husenovning qarindosh-urug‘lari to‘g‘risidagi ko‘rsatuv majbur qiladi.
Ismi aytilmasligini so‘ragan suhbatdoshimiz o‘sha ko‘rsatuvni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

- Buxoro televideniyesida ikki marta ko‘rsatildi. Ko‘rsatuvda hokimning o‘g‘li Milliy bank orqali qandaydir pul operatsiyalari o‘tkazgani va shu yo‘l bilan juda katta foiz olgani, ikkinchidan, bankdan foizsiz katta pul olib qurilish qilgani, qurgani katta imoratlarni odamlarga sotgani to‘g‘risida gap bo‘ldi¸ deydi buxorolik faol.

20 daqiqa davom etgan mazkur hujjatli filmda¸ uni ko‘rgan suhbatdoshning aytishicha¸ "asosiy qahramon" hokim Husenovning o‘g‘illarigina bo‘lmagan.

- Boshqalar ham bor. Milliy bankning boshliqlari bor. Boshqa amaldorlar bor. Ular o‘z ishiga loqayd qaraganlikda tanqid qilingan. Hokim o‘g‘illarining familiyasi aytildi. Lekin Buxoro viloyati hokimining o‘g‘li, deb ta‘kidlab aytganlari yo‘q¸ deb qo‘shib o‘tadi Ozodlik bilan suhbatda ismi keltirilishini istamagan buxorolik faol.

Viloyat hokimi o‘g‘illari qonunbuzarlikda ayblangan filmning viloyat televideniyesida chiqib ketishini izohlar ekan¸ bu suhbatdosh¸ uni "qandaydir oldinga siljish bo‘layapti. Demokratiyaning qandaydir bir arkonlariga rioya qilish" deya baholadi.

Ayni paytda¸ viloyat hokimining o‘g‘illari va hokimga yaqin strukturalar rahbarlari tanqid qilingan ko‘rsatuvni oshkoralik sifatida baholayotgan mahalliy faol, o‘z xavfsizligini o‘ylab, ismini aytmasligimizni so‘radi.

Bu “oshkoralik” faqat bir tomonlama – Hukumat o‘zi tanlaydigan yo‘nalishdagina ishlaydigan oshkoralik bo‘lgani uchun rasmiylardan, ayniqsa, o‘rganayotganimiz mavzuda ma‘lumot olish mutlaqo imkonsizdir.

Shuning uchun ham Buxoro viloyat hokimining o‘g‘li, Buxorodagi yonilg‘i quyish shahobchalari tarmog‘i egasi Sharofiddin Husenovning MXXda tergov qilinayotgani to‘g‘risida bundan 20 kun muqaddam norasmiy manbalarga tayanib xabar qilgan edik.

Tilga olingan ko‘rsatuv ana o‘sha xabarning bilvosita tasdig‘idir.

Bugungi yana bir norasmiy xabar.

- Eshitishimizga qaraganda, deb xabar qildi, inson huquqlari himoyachisi Bobomurod Razzoqov, yaqinda Milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i yangi tayinlangan, viloyat prokurori yangi tayinlandi, Jizzaxdan keldi – Bobojonov degan kishi. Bular kelganidan keyin viloyatda korruptsiyaga qarshi kurash, menimcha, boshlanib ketdi, mish-mishlar ham shundan keyin ko‘payib ketdi.

Buxorolik boshqa bir manbaning aytishicha, hokimniki ekanligi aytiladigan yonilg‘i quyish shahobchalari shu kunda ishlamayapti. Shaharda benzin taqchil. Yonilg‘i olish uchun haydovchilar, odatda 10-12 soat navbat kutadi. “Qo‘ldagi” benzin narxi 4000 so‘mga chiqqan.

Ma‘lumki, Samoydin Husenov viloyat hokimlari orasida amalda eng uzoq o‘tirgan hokimdir.

O‘g‘illari hamda o‘ziga yaqin strukturalar rahbarlari to‘g‘risida tanqidiy ko‘rsatuv qilinishi, demakki, ularning ustidan jinoyat ishi ochilishidan kelib chiqib, Husenovning hokim sifatidagi “kun-suvi” bitib qoldi, deyish mumkinmi?

Bu savolni o‘zbekistonlik tahlilchi Suhrob Ismoilovga berdik.

- Menimcha, mumkin. Chunki, agar biz Andijon hokimi Obidovning qanday qilib vazifasidan chetlatilganini eslasak, unda ham o‘g‘lining noqonuniy hatti-harakatlari sabab bo‘lgan edi. Buni nafaqat viloyatlar miqyosida, balki Toshkentdagi ba‘zi bir oliy tabaqali oilalar misolida ham kuzatish mumkin.

Bunday oilalarning boshliqlari bo‘lgan davlat amaldorlari farzandlarining nojo‘ya harakatlari oqibatida amaldan ketgan edi. Lekin Buxoro misolida yana bir narsani hisobga olish kerak. Samoydin Husenovning qariyb 20 yil hokimlik vazifasida qolib kelayotgani ham, unga qarshi dushmanlarni ko‘paytirgan, dedi o‘zbekistonlik tahlilchi Suhrob Ismoilov.

Ozodlik mavzu yuzasidan Buxoro viloyati hokimligi bilan ham bog‘landi.

Hokimlikning ismi oshkor etilishini istamagan mas‘ul lavozimli xodimidan lavhamiz boshida keltirilgan norasmiy xabar to‘g‘risida so‘radik.

- Hokim Samoydin Husenov ishdan olindi, degan xabar yetib keldi. Shu rostmi?

- Yo‘q, unaqa gap bo‘lgan emas, hozircha.

- Nima uchun hozircha?

- Nima uchun? Bunday gapni eshitmaganim uchun aytayapman.

- U kishining o‘g‘illari televizorda tanqid qilinganmish?

- To‘g‘ri.

- Nega tanqid qilindilar?

- Bu savolingizga javob berolmayman.

- O‘g‘illarini deb ishdan ketib qolishi mumkinmi?

- Bu savolingizga ham javob berolmayman, dedi Buxoro viloyati hokimligining ismi oshkor etilishini istamagan mas‘ul lavozimli xodimi.
XS
SM
MD
LG