Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:57

Sirg‘alida ichki kiyim sotish tartibi o‘zgardi


Tuman hokimi ayollar ichki kiyimini bozor va do‘kon rastalarida ochiqchasiga osib qo‘yishni taqiqladi.

Sirg‘ali hokimi farmoyishi bilan tumandagi ayollar ichki kiyimlari sotiladigan magazinlar yopib qo‘yilgan. Aralash mollar bilan savdo qiladigan do‘konlarning ichki kiyim¸ lozim va siynaband sotadigan bo‘limlari bekitilgan.

Bu ma‘lumotni Sirg‘ali Soliq boshqarmasi xodimi tasdiqladi. Xodimga ko‘ra¸ aholining muhofazakor qatlamidan tushgan shikoyatlar asosida ana shunday vaqtincha choralar ko‘rilgan.

Soliq qo‘mitasi mulozimining aytishicha¸ Otabek Sodiqov Sirg‘ali tumaniga hokim qilib tayinlanganidan keyin bozor va rastalarni aylangan.

Bu ziyorat paytida rastalarga yoyib qo‘yilgan siynaband va ayollarning ichki ishtonlari tuman hokimi didiga yoqmagan.

Ana shundan keyin ichki ishton va siynabandlarni sotishni “tartibga solish borasida” farmoyish chiqqan.

Ozodlik muxbiri bu farmoyish tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Sirg‘ali tuman hokimi Sodiqov bilan bog‘lanishga harakat qildi. Hokim qanulxonasida telefon go‘shagini ko‘targan kotiba qiz¸ tuman hokimi Otabek Hotamovichning kabinetda yo‘q ekanini aytdi.

Farmoyish haqida so‘raganimizda¸ kotiba qiz bu borada xujjatlar bo‘limidan ma‘lumot olishimiz mumkinligini aytdi.

Xujjatlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilganimizda o‘zini tanishtirishni istamagan mulozim¸ ayollar siynabandlarining "bola-chaqa ko‘z o‘ngida ochiq-sochiq rastalarda turishi o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmasligi"ni pisanda qildi.

Mulozimga ko‘ra siynabandlar sotuvi taqiqlanmagan¸ balki “tartibga solingan”.

Sirg‘ali bozorida ayollar ichki kiyimlari bilan savdo qiladigan Tohirjon ismli tujjor yigit bozori kasod bo‘lganidan nolib¸ bu farmoyishni iste‘molchilar huquqining ochiqdan- ochiq buzilishi sifatida baholadi.

Sirg‘ali tuman Istemolchilar huquqlarini himoya qilish idorasining o‘zini Nosirjon To‘laganov deb tanishtirgan mulozimi "hokim chiqargan qarorni biz bekor qila olmaymiz" dedi.

Hokim chiqargan qaror iste‘molchilar huquqlarini buzsachi¸ deb savol berdik mulozimga:

- To‘g‘risi¸ siz aytgan narsalar bilan¸ ayollar ichki kiyimlari bilan Savdo palatasi shug‘ullanadi. Lekin kimdir kelib hokim qarori ustidan bizga shikoyat yozsa¸ biz ko‘rib chiqishimiz mumkin¸ dedi To‘laganov.

Sirg‘ali tuman hokimining ichki ishtonlarga qarshi kurashi yangilik emas. Kiyev shahar hokimiyati shahar aholisiga ichki ishtonda balkonga chiqish va ichki kiyimlarni balkonga osishni taqiqlaydigan farmon chiqargan.

Britaniyada maktablar yaqinida ichki kiyim reklamasi taqiqlangan.

O‘tgan asrda Bavariya restoranlarida tovuqning pishirilgan oyog‘ini butun shaklda tortish taqiqlangan edi. Qonun tovuq oyoqlarini tovoqda mayda –mayda qilinib to‘g‘rab qo‘yilishini taqozo qilgan. Tovuqning buti¸ mijozlar miyasida ayol buti haqidagi be‘mani xayollarni hosil qilmasin¸ deb ana shunday qaror qabul qilingan edi.
XS
SM
MD
LG