Линклар

YeI qirg‘izistonlik o‘zbek faoli Azimjon Asqarov ustidan adolatli hukm chiqarilishini so‘ramoqda.

Qirg‘izistondagi Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi Qirg‘iziston Oliy sudining huquq faoli Azimjon Asqarovni umrbod qamoq jazosiga hukm qilishga oid dastlabki sud qarorini o‘z kuchida qoldirganidan xavotir bildirdi.

Ushbu jarayonni muntazam kuzatib kelayotgan YeI Azimjon Asqarov va u bilan sudlangan yetti o‘zbek mahbusiga nisbatan adolatli hukm chiqarishni so‘ramoqda. Ayni masala¸ YeI rasmiylarining ta‘klashicha¸ YeI bilan Qirg‘iziston hukumati o‘rtasidagi inson huquqlari bo‘yicha muloqat payti ham ko‘tarilgan.

Oliy sud qarori munosabati bilan YeI vakolatxonasi chiqargan bayonotda aytilishicha, Asqarovga nisbatan o‘tkazilgan uchta mahkamada ham fundamental huquq tamoyillari jiddiy ravishda buzilgan.

Rasmiy baënotda¸ Oliy sudda ayblanuvchilar himoyasiga taqdim qilingan dalil va guvohliklar ko‘rib chiqilmagani va hukumatning qiynoqlar borasidagi ayblovlarga munosabat bildirmagani tanqid qilinadi.

YeI vakolatxonasi Qirg‘iziston hukumatini Asqarov va u bilan sudlanganlar ishini qayta ko‘rib chiqish uchun barcha imkoniyatni ishga solishga chaqiradi.

Jalolobodlik huquq faoli Azimjon Asqarov va u bilan sudga tortilgan o‘zbek millatiga mansub yana yetti kishi 2010 yilning iyun oyida ro‘y bergan O‘sh qirg‘ini chog‘ida Bozorqo‘rg‘on tumanidan o‘tuvchi O‘sh-Bishkek yo‘lini to‘sib qo‘yish, militsiya xodimlarini o‘ldirish va tartibsizliklarni uyushtirish kabi hatti-harakatlarda ayblanib, hibsga olingan edi.

O‘tgan yilning 15 sentyabr kuni Bozorqo‘rg‘on tuman sudi Azimjon Asqarov va yana ikki kishini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi, qolgan to‘rt kishini 20 yilga va yana bir sudlanuvchini 9 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Asqarovning hamkasblari mazkur hukmni o‘zbek faolining inson haqlari himoyasi¸ xususan militsiya bedodligini fosh qilish urinishlari uchun jazolash sifatida talqin etmoqdalar.

Joriy yilning 20 dekabr kuni Qirg‘iziston Oliy sudi dastlabki sud hukmini o‘z kuchida qoldirdi.
XS
SM
MD
LG