Линклар

Tojikistonda to‘rt shaxs bir umrga qamaldi


O‘tgan hafta sudlanganlar 2010 yil 3 sentyabrida Xo‘jand markazida joylashgan Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi mintaqaviy bo‘limi binosi hovlisida sodir etilgan xudkush hujumga aloqadorlikda ayblanganlar.

O‘tgan hafta sudlanganlar 2010 yil 3 sentyabrida Xo‘jand markazida joylashgan Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi mintaqaviy bo‘limi binosi hovlisida sodir etilgan xudkush hujumga aloqadorlikda ayblanganlar.

Tojikiston shimolida terrorchilik xuruji va O‘IHga aloqadorlikda ayblanlgan 53 kishi ustidan hukm o‘qildi.

Sudlanganlar So‘g‘d viloyatining Istaravshan, Isfara va Spitamen tumanlari fuqarolaridir.

Bu 53 fuqaro Xo‘jand shahridagi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi mintaqaviy bo‘limi hududida ro‘y bergan xudkushlik xujumida va O‘zbekiston Islomiy harakatiga aloqadorlikda gumonlanib, shu yil boshida hibsga olingan edi.

Sudlanuvchilarga nisbatan Tojikiston Jinoiy Kodeksining 187-moddasi - uyushgan jinoiy guruh tuzganlik, 189-modda - diniy va irqiy nizo chiqarganlik, 104-modda - qotillik va terrorchilik kabi jami 20 dan ortiq ayblovlar qo‘yilgan edi.

Yopiq eshiklar ortida o‘tgan mahkama Firdavs Karimov, Sohib Sobitov, Ismatullo Dodoyev, Zafar Karimov va Akmal Hoshimovni umrbod qamoq jazosiga mahkum qildi.

Mahkamaga raislik qilgan So‘g‘d viloyat sudyasi Dadajon Gadoyboyevning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, sudlanganlarning sakkiz nafari o‘ttiz yildanga ozodlikdan mahrum etilgan, to‘rt nafari “Avf to‘g‘risida”gi qonunga binoan sud zalidan ozod etilgan, qolganlar esa turli yillarga kesilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yil 3 sentyabrida Xo‘jand markazida joylashgan Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi mintaqaviy bo‘limi binosi hovlisida sodir etilgan xudkushlik hujumida to‘rt kishi halok bo‘lgani va yana 28 kishi turli tan jarohatlari olgani ma‘lum qilingandi.

Tojikiston huquq-tartibot idoralari rasmiylari shu yil sentyabr oyi oxirlarida xudkush hujumchining shaxsi aniqlangani va u qidiruvda bo‘lgan asli istaravshanlik Akmal Karimov ekanini xabar qilgandi.

Bu terrorchilik hujumida Akmal Karimovga uning ukasi Firdavs Karimov va O‘zbekiston Islomiy harakati a‘zolari bo‘lgan boshqa sheriklari yaqindan yordam bergani aytilgandi.

Asnoda Firdavs Karimovning oqlovchisi O‘ktam Sultonov o‘z himoyasidagi shaxs qiynoqlar ostida iqrorlik ko‘rsatmasi berganini aytadi.

- Bu bola bir yil oldin o‘rta maktabni bitirgandi. Uning ota-onasi bolani urib, hamma yog‘ini ko‘kartirib, bosim va qiynoqlar ostida iqrorlik ko‘rsatmasi olinganini aytdi. Otasi ekspertiza o‘tkazilishini talab qilib, ariza ham yozdi, lekin bular e‘tiborga olinmadi. Biz hukm yuzasidan kassatsiya tartibidagi arizamizni Oliy sudga topshirdik, - deydi umrbod qamoq jazosi olgan Firdavs Karimovning advokati O‘ktam Sultonov.

Shuningdek, advokat Sultonov himoyasidagi shaxs bilan uchrashishga bor-yo‘g‘i ikki marta ruxsat berilganini qo‘shimcha qildi.

Advokatning aytishicha, Xo‘janddagi portlash bo‘yicha mahkamaga tortilganlardan aksariyatining advokati hatto biror marta ham o‘z himoyasidagi shaxs bilan uchrashmagan.

- Chunki advokatlarni ham qo‘rqitib, bosim o‘tkazishdi. Bechoralar viloyat xavfsizlik boshqarmasi eshigi ortida besh-olti oylab turib qolishdi, lekin delo bilan tanisha olmadi. Hukm o‘qilgan kuni birorta ham advokat qatnashmadi, chunki xavfsizlik xodimlari ularning ichkariga kirishiga ruxsat bermadi. O‘ttiz yildan buyon shu sistemada ishlayman, lekin bunaqasini birinchi marta ko‘rishim. Ular bizning huquqlarimizni poymol qilishdi, - deydi advokat Sultonov.

Bu kabi shikoyatlarni boshqa sudlanganlarning yaqinlari va himoyachilaridan ham eshitdik.

Asnoda mahkama jarayonini boshqargan So‘g‘d viloyat sudi sudyasi Dadajon Gadoyboyev hukm chiqarilishi chog‘ida barcha huquqiy me‘yorlarga amal qilinganini ta‘kidladi.

- Tergov jarayonida hamma aybiga iqror bo‘lgan, ammo sud jarayonida ular iqror bo‘lmadi. Lekin biz hamma dalillarni o‘rganib, to‘g‘ri baho berdik va ana shunday xulosaga keldik, - deya bildirdi 23 dekabr kuni hukmni o‘qib eshittirgan sudya Gadoyboyev.

Dushanbe aeroportidagi ishonchli manbaning ma‘lum qilishicha, o‘sha kuni Xo‘janddan uchib kelgan samolyotdan qo‘llari orqaga bog‘langan va boshiga qora matoh kiydirilgan besh kishi Dushanbe aeroportiga tushirilgan. Ularni qurollangan harbiylar kutib olgan va noma‘lum tomonga olib ketgan.

Sudlanganlardan birining advokati Baxtiyor Nasrulloyevdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, umrbod qamoq jazosi olgan besh nafar shaxs juma kuni, ya‘ni hukm o‘qilganidan so‘ng tezlik bilan Dushanbedagi 1-qamoqxonasiga joylashtirilgan.
XS
SM
MD
LG