Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:09

Davlat raqami uchun 95 ming so‘m


O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi davlat raqamlari, avtotransportni qayddan va texnik ko‘rikdan o‘tkazish hamda haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirishda olinadigan to‘lov stavkalarini belgilab berdi.

Vazirlik buyrug‘iga ko‘ra, joriy yil 31 dekabridan avtotransport vositalariga davlat raqamlari olish uchun o‘zbekistonliklar eng kam ish haqining 1,5 barobarida pul to‘lashlari kerak bo‘ladi. Agar shu yil 1 dekabridan O‘zbekistonda eng kam ish haqi 62920 so‘m qilib belgilangani e‘tiborga olinsa, “nomer narxi” 94380 tashkil qiladi. Shuningdek, mototransport vositalari, motorollerlar va pritsep (yarim pritsep) uchun davlat raqami olingan paytda eng kam maoshning 75 foizi yoki 47190 so‘m, tranzit raqami uchun esa eng kam ish haqining 25 foizi yoki 15730 so‘m miqdorida pul to‘lash kerak bo‘ladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, endilikda yaroqsiz holga kelgan bir juft davlat raqamini yangisiga almashtirish uchun 62920 so‘m (eng kam maosh), bittasi uchun esa 31460 so‘m (eng kam ish haqining yarmi) miqdorida to‘lov olinadi.

Biroq nomeringizni yo‘qotib qo‘ygudek bo‘lsangiz, yangisini olish uchun belgilangan stavkadan 3 barobar ko‘p pul, ya‘ni 283140 so‘m to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Shuningdek, yangi olgan mashinangizni qayddan o‘tkazish chog‘ida eski nomeringizni saqlab qolmoqchi bo‘lsangiz, 47190 so‘m to‘laysiz.

Bu to‘lovlar, ma‘lumotlarga ko‘ra, Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi idoralari tomonidan imtiyozli shartlarda avtotransport vositasi berilgan nogironlardan olinmaydi.

Ayni paytda transport vositasining qayd guvohnomasini olish uchun eng kam maoshning 20 foizi yoki 12584 so‘m, mazkur guvohnoma yo‘qotilgan taqdirda esa dublikat uchun belgilanganidan besh barobar ko‘p, ya‘ni 62920 so‘m to‘lanishi aytilmoqda.

Shuningdek, avtotransportni texnik majburiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun eng kam maoshning 10 foizi yoki 6292 so‘m, mototransport va pritseplarni (yarim pritseplar) majburiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun esa eng kam ish haqining 5 foizi yoki 3146 so‘m pul to‘lash kerak bo‘ladi.

Ichki ishlar vazirligi buyrug‘ida imtihon va haydovchilik guvohnomasi berish chog‘ida olinadigan to‘lov stavkalari ham belgilab berilgan.

Xususan, nazariy imtihon va transport vositalarini boshqarish bo‘yicha amaliy imtihon uchun stavka eng kam ish haqining 10 foizi yoki 6292 so‘mni tashkil qiladi. Bu imtihonlar qayta topshiriladigan bo‘lsa, avtohavaskor eng kam maoshning 15 foizi yoki 9438 so‘m to‘lashi kerak bo‘ladi.

Haydovchilik guvohnomasi olish uchun eng kam maoshning 20 foizi yoki 12584 so‘m, ogohlantiruv taloni uchun eng kam ish haqining 10 foizi yoki 6292 so‘m to‘lanadi.

Mazkur hujjatlar yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda haydovchilik guvohnomasi dublikati uchun 62920 so‘m (besh barobar ko‘p), ogohlantiruv taloni dublikati uchun esa 31460 to‘lash lozim bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG