Линклар

27 dekabr kuni Buxoro viloyat hokimi Samoydin Husenov ishdan bo‘shatilib, o‘rniga Vobkent tuman sobiq hokimi Muhiddin Esonov tayinlandi.

Buxoro viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, 27 dekabr kuni O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muhiddin Esonov viloyatga hokim etib tayinlandi.

Buxoro viloyatining yangi xokimi Muhiddin Esonov.

Buxoro viloyatining yangi xokimi Muhiddin Esonov.

- Hokim o‘zgardi. Muhiddin Esonov bo‘ldi. U kishi Vobkentning hokimi edilar. Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari edilar, dedi viloyat hokimligi xodimi.

Hokimlikning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, 1996 yildan beri Buxoroga hokimlik qilib kelayotgan Samoydin Husenovni lavozimidan bo‘shatib, uning o‘rniga Muhiddin Esonovni tayinlash uchun O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bir kun avval Buxoroga kelgan.

Buxoro viloyat hokimligi xodimiga ko‘ra, O‘zbekiston hokimlari ichida o‘z lavozimida uzoq o‘tirish bo‘yicha o‘ziga xos rekord qo‘ygan Samoydin Husenov¸ pensiyaga chiqarilgan.

Kuni-kecha Buxoro viloyat televideniyesida namoyish qilingan mahalliy amaldorlarning poraxo‘rligini fosh qiluvchi maxsus ko‘rsatuvda Samoydin Husenovning ikki o‘g‘li ham tanqid qilingani "abadiy hokim"ning tez orada o‘z lavozimidan ajrashi haqidagi taxminlarni kuchaytirgan edi.

Buxorolik huquq faoli Shuhrat G‘aniyevga ko‘ra, viloyat hokimi qarindoshlari bilan bog‘liq mashmashalar va viloyatda korruptsiya holatlarining ko‘payishi sabab Samoydin Husenovni ishdan olish payti uning sha‘niga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirilgan.

- Biz bilamizki MXX tomonidan uch marta o‘g‘illari chaqirtirildi. Hattoki katta o‘g‘li Sharofiddin Husenov degani “Sohibqiron Sohibiddin” firmasining boshlig‘i hibsga ham olingan edi. U kishining jiyani, viloyat hokimligida ishlayotgan Risoliddin Husenov ham hibsga olingan edi. Shuncha gap bo‘lgandan keyin, viloyat korruptsiyaga botib ketgan mana shu paytlarda u kishi sha‘niga tanqid bo‘lmasligini tassavvur ham qilish qiyin, deydi Shuhrat G‘aniyev.

Buxorodagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaqindan kuzatib kelayotgan taniqli blogger "Buxoro qizi"ga ko‘ra, Samoydin Husenovning ishdan ketishi kutilayotgan hodisa bo‘lgan.

- Samoydin Husenovning o‘g‘li Sharofiddin hibsga olinganida hamma Husenov bu safar ketadi¸ deb o‘yladi. Bundan bir necha yillar oldin aynan shu o‘g‘li bank tizimidagi maxinatsiyalari bilan qo‘lga olinganida chiqib ketgan edi. Shu paytda odamlar bu ishga Husenovning Toshkentdagi aloqalari yordam bergan deb aytishgan edi. Bu safar AyoQShlari yopilganidan keyin odamlar tushundiki, Husenov haqiqatan ishdan ketadi.

O‘zi Husenovning ketmayotganiga ko‘pchilik hayron bo‘layotgan edi. Chunki u 1996 yildan beri hokimlik qilib kelmoqda edi. Esingizda bo‘lsa, Qorayevlar ishi aynan Husenov davrida bo‘ldi. Undan keyin 2004 yilda Romitan portlashlari bo‘ldi. O‘shanda ham Husenov qoldi. Keyin esa mana 2008 yilda Kogondagi portlashlar. Loqaydlik deb hokim ishdan chetlatilgan bo‘lardi, ammo Husenov chetlatilmadi. Husenovning shu paytgacha chetlatilmagani odamlarni hayron qoldirardi, deydi "Buxoro qizi" taxallusi bilan tanilgan blogger.

Quyida blogger "Buxoro qizi" bilan suhbatni tinglang.



Muhiddin Esonov 2006 yildan boshlab ikki yil Vobkent tuman hokimi bo‘lgan.

2008 yildan boshlab Buxoro viloyati hokimligiga tayinlanganiga qadar Muhiddin Esonov O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining agrotexnologiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
XS
SM
MD
LG