Линклар

Sizni Yangi Yil orziqib kutayapti


Yangi yilning guldor tort kabi shirin bo‘lishi uni qarshi olayotganlar ko‘nglidagi asosiy orzulardan biri....

Yangi yilning guldor tort kabi shirin bo‘lishi uni qarshi olayotganlar ko‘nglidagi asosiy orzulardan biri....

1 yanvar – o‘zgarishlar, yangiliklar kuni. Hukumatlar juda ko‘p o‘zgarishlarni, hisobga to‘g‘ri bo‘lsin, deydimi, har qalay Yangi Yilning Birinchi kunidan joriy qiladi.

Xo‘sh, o‘zbekistonliklarni 2012 ning Birinchi kunidan nimalar kutayapti?

Avvalo, yaxshi yangiliklardan boshlaylik.

Ba‘zi soliqlar kamayadi

1 yanvardan boshlab sanoat ishlab chiqarishi sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi mikrofirmalar hamda kichik korxonalar yagona soliq to‘lovi hajmi 6 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qat‘iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 2 martaga pasaytiriladi.

“600” “600” ligicha qoladi

Toshkentliklar va poytaxt mehmonlari Yangi yil bayramlarini o‘tkazib, 1 yanvar kuni qarindosh-urug‘larinikiga mehmonga borar ekanlar, cho‘ntaklariga qo‘shimcha avtobus puli solmasalar ham bo‘laveradi.

Har holda “Toshavtobustrans” hissadorlik kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, 1 yanvardan boshlab yo‘lkira ko‘tarilmasligi to‘g‘risida Ozodlikka aytgandi:

- Yo‘q, yo‘q, bo‘lmagan gap bu. Yangi yildan boshlab yo‘lkira narxi oshmaydi, 600 so‘m edi va shunday bo‘lib qoladi!

Biz yiqqan ma‘lumotlarga qaraganda, Yangi Yilning Birinchi kunida o‘zbekistonliklarni kutayotgan yaxshi yangiliklar mana shu bir-ikki holatdangina iborat.

Qolgan yangiliklar yoppasiga qimmatchilikdan darak beradi.

“Allo-allo” qimmatlaydi


1 yanvardan boshlab MTS-O‘zbekiston shirkati “Dial’Ok”, “Uzun suhbatlar”, “Salom”, “Universal” va “Eksklyuziv” nomli tarif dasturlariga o‘zgartirish kiritadi.

Ushbu dasturlar bo‘yicha boshqa uyali telefon operatorlari va O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimiga kirgan nomerlarga bir daqiqa qo‘ng‘iroq qilish narxi ikki yarim tsentdan uch tsentgacha oshadi.

UCell operatori ham ayrim dasturlar narxini oshirishni rejalagan. 2 yanvardan boshlab “UCell dunyosi”, “Ko‘proq muloqot”, “Tungi”, “Online” va boshqa oldindan haq to‘lanadigan dasturlar uchun kundalik abonent to‘lovi soliqlar bilan birga kuniga bir tsent qilib belgilandi.

Mastona hayot 16%ga qimmatlaydi

1 yanvardan boshlab o‘zbekistonlik mastona hayot ishqibozlariga 8 foizdan 16 foizgacha qiyin bo‘ladi.

Tarkibida alkogol bo‘lgan ichimliklarning ulgurji va chakana narxlari aynan shuncha miqdorga ko‘tariladi.

Pivoxo‘rlar tashvish chekmasin. Xabarlarga qaraganda, pivo narxi o‘zgarmaydi.

Qo‘qon shahridagi “Mastona” hissadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan ekspeditoriga ko‘ra, narxlarning oshishi kutilgan hodisadir:

- Anchadan beri narxlarning ko‘tarilishi haqida gap bo‘layotuvdi. Biroq, bu haqdagi qaror hali bizgacha yetib kelgani yo‘q. Ilgari ko‘p oshib turardi, hozir yilda bir marta oshyapti. Albatta bu xom ashyo narxlarining ko‘tarilishiga bog‘liq.

Aroq-vinoni yangi narxdan arzonroq sotganlar katta miqdorda jarimaga tortilishidan ogohlantirilgan.

Soliqlar oshadi

1 yanvardan boshlab yo‘l jamg‘armasi soliq stavkalari ham 1 foizdan 1,4 foizga, yer solig‘i, jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i, suv resurslaridan foydalanish solig‘i 1,2 foizga oshadi.

Benzin qimmatlaydi

1 yanvardan boshlab transport vositalari uchun benzin, dizel yonilg‘isi va gazga jismoniy shaxslardan olinajak soliq stavkasini 25 so‘mga oshadi.

Shuningdek, dizel va karbyuratorli motorlar uchun respublikaning o‘zida ishlab chiqariladigan motor moyi uchun aktsiz solig‘i joriy etilishi kutilmoqda.

Toshkentda qaymoq rang, viloyatlarda sariq taksi

O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Liniyadagi taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 18 mayda qabul qilgan qarori 1 yanvardan kuchga kiradi.

Qarorda O‘zbekiston shahar-qishloqlarida aholiga transport xizmati ko‘rsatadigan yengil mashinalarning umumiy rangidan tortib, peshonasidagi chiroq rangigacha belgilab berilgan.

Mutaxassislar fikricha, qarordan maqsad nolegal taksichilarning aholiga transport xizmati ko‘rsatish bozoridan siqib chiqarishdir.

Maosh ham oshadi, nagruzka ham

1 yanvardan bolalar musiqa va san‘at maktablari o‘qituvchilari, kontsertmeysterlari hamda rahbar xodimlarining baza tarif stavkalari 20 foizga oshadi.

Ayni paytda tilga olinganlarning nagruzkalari ham ortadi: boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining (musiqa va san‘at maktablarining) bir haftalik ish nagruzkasi 16 soatdan 18 soatga, yuqori sinf o‘qituvchilariniki (musiqa va san‘at maktablari) 20 soatdan 22 soatga ko‘tariladi.

Skaneringizning markasi bormi?

1 yanvardan boshlab O‘zbekistonga xorijdan keltiriladigan uy-ruzg‘or buyumlarining ba‘zi turlariga maxsus marka yopishtirish tartibi kuchga kiradi.

Vazirlar Mahkamasining bu haqda 12 dekabr kuni e‘lon qilgan qarori matnida bu talab tadbirkorlik sub‘ektlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish va kontrabandaning oldini olish ekani aytilgan.

Marka yopishtiriladigan tovarlar bulardir: mikroto‘lqinli pech, konditsioner, muzlatgich yoki boshqa turdagi sovutgichlar, idish yuvish mashinalari, printerlar, faks va skaner apparatlari, kir yuvish mashinalari, chang yutgich, elektr plitalar, DVD-pleyrlar, monitor, antenna va proyektorlar.

Yangi Yilning Birinchi kunida yuz beradigan o‘zgarishlar haqida Ozodlik xabarlari hamda O‘zbekiston hayotini yorituvchi Internet resurslari xabarlariga asoslanib hikoya qildik.

Yangi yildan boshlanadigan yangi o‘zgarishlar ro‘yxatini to‘ldirish Sizga qoldi¸ aziz mushtariy!
XS
SM
MD
LG