Линклар

logo-print
Dollarfurushlar hozir xorij valyutasi faqat sotib olinayotgani, sotuvga esa Yangi yildan keyin chiqishini aytmoqda.

Yangi yil arafasida Toshkent qora bozorlarida AQSh dollari narxi yana o‘ynay boshladi.

Uch-to‘rt kun muqaddam bir AQSh dollarining qora bozordagi narxi 2850 so‘mdan 2 660 so‘mga tushgan edi. 27 dekabr kuni kechqurunga kelib narx yana 2775 so‘mga chiqdi.

- Kechadan boshlab narx 2 770 so‘mga chiqdi. O‘ynab turibdida dollarning narxi, deydi Toshkentdagi qora bozorlardan birida AQSh dollari savdosi bilan shug‘ullanuvchi sarroflardan biri Abdulloh.

Dollar qora bozoriga muttasil ishi tushib turadigan toshkentlik Madina ismli savdogar ayol Yangi yil bayrami arafasida dollar narxi tushganini tabiiy hol, deb baholadi.

- O‘zi Yangi yil bayrami arafasida har yili dollar ozgina tushadi. Hamma chetdan kelgan bayramlikni maydalab, so‘m qiladi, bayramga bozor qiladi. Bozordagi narx-navolar bo‘lsa oshadi. Bu gal dollar narxi tushdi-yu, lekin ikki kunda yana qimmatladi, nimagaligiga hayronman. O‘yinda endi bu. Kimlardir nimalardir qilayapti, deydi toshkentlik savdogar ayol.

Suhbatdoshga ko‘ra, har yili Yangi yil arafasida sarroflar sun‘iy ravishda AQSh dollari sotuvini to‘xtatib turadi.

- Hozir sotib olaman, desangiz bozorda dollar yo‘q. Bayram o‘tishi bilan keyin sotuvga chiqarishadi. Qimmat narxda sotish uchunda, deydi Madina.

Toshkentlik sarrof Abdulloh ham shu kunlarda sotish uchun dollar yo‘qligini aytar ekan, bunga "zakazi borligini" sabab qilib keltirdi.

Bu yil bayram arafasida dollar narxining bir kunda qariyb 300 so‘mga tushishi va yana ikki kun ichida oshib ketishi shahardagi yirik avtosalonlarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan GM-Uzbekistan avtomobillarining ayrim markalari o‘zbek so‘mida sotuvga qo‘yilgani bilan bog‘lanmoqda.

- Avtosalonlarni ochvorishdi. Shu kunga qadar so‘mga avtomobil sotilmayotgandida. Hozir so‘mga sotuv boshlandi. Shuning uchun hamma kelib dollarni maydalab, kassaga so‘m topshiryaptida. Shunga dollar narxi tushgan edi, deydi toshkentlik sarrof.

Toshkentda GM-Uzbekistan avtomobillarini sotuvchi ayrim salon xodimlariga ko‘ra¸ aksariyat avtosalonlarda haqiqatda ham bir necha kundan boshlab GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan ayrim avtomobillar sotuvi AQSh dollaridan o‘zbek so‘miga o‘tkazilgan.

- Bizda kechadan boshlab Captiva so‘mda sotilishni boshladi. Bugungacha dollarda edi. Bizga O‘zavtoprom yetkazib beradi, ular shunaqa qaror qilishgan. Nimagaligini biz bilmaymiz, - deydi, jumladan, poytaxtdagi Rohat avtomobil saloni xodimi.

O‘zavtoprom rahbariyatidan esa bu borada aniq javob olishning hozircha imkoniyat bo‘lmadi.

O‘zbekistonda shu kunlarda bir AQSh dollariga belgilangan davlat narxi 1 795 so‘m.

Qora bozorda qariyb 1000 so‘mga qimmat bo‘lgan narxning esa bundan manfaatdor bo‘lgan va bevosita hukumatning yuqori eshelonlariga borib taqaladigan guruhlar tomonidan manipulyatsiya qilinishi taxmin etiladi.
XS
SM
MD
LG