Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:53

O‘zbekistonda ajrash narxi "qimmatladi"


1 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda ajralish payti to‘lanadigan davlat boji 10 foizga oshirildi.

“Mustahkam oila yili”da ajralish “qimmat” bo‘ladi

Toshkentdagi Chilonzor tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi (FHDYo) bo‘limi xodimasiga ko‘ra, joriy yilning 1 dekabridan boshlab qonunda belgilangan davlat boji miqdori 10 foizga qimmatladi.

- Davlat boji eng kam ish haqining 150 foiz miqdorida belgilangan bo‘lib, 94 ming 380 so‘m bo‘ldi. Bundan tashqari guvohnomalar uchun gerb yig‘imi uchun 12584 so‘m to‘lanadi. Lekin sud xarajatlari bunga kiritilmagan, dedi FHDYo xodimasi.

Ayni paytda Uzmetronom.com Internet gazetasi “Mustahkam oila yili”da ajralish “xarajatlari” 1 millionu 260 ming so‘m yoki taxminan 700 AQSh dollari miqdorida bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

Adliya xodimlari ajralish narxining bu qadar oshganini tasdiqlamayotgan bo‘lsa, kuzatuvchilar O‘zbekiston sharoitida ajralish “xarajatlari”ning bu miqdorga chiqishi ehtimoldan uzoq emasligini aytmoqda.

Toshkent mahallalaridan birining o‘zini tanishtirmagan raisiga ko‘ra, aksar juftliklar iqtisodiy sarf-xarajatdan qochib ham ajralish fikridan qaytishi mumkin.

Suhbatdosh mikrofonsiz suhbatda o‘z faoliyatida bu kabi holatlarga duch kelganini yashirmadi.

“Agar ajrashish ZAGSda emas, sudda ko‘riladigan bo‘lsa, ariza topshirishning o‘zi uchun 30 ming so‘mga yaqin to‘lanadi. Keyin sud bilan bog‘liq barcha xarajatlarni to‘lash lozim bo‘ladi. Ko‘pchilik bu pulni to‘lashdan qochib, ajrashish fikridan qaytgan paytlar ko‘p bo‘ladi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik mahalla raisi.

“Yarashtiruv komissiyasi” ajralishlarni kamaytirmoqda

Rasmiy statistikaga ko‘ra¸ O‘zbekistonda rasmiy nikohdan o‘tish ko‘paymoqda¸ ajralishlar esa kamaymoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistondagi FHDYo organlari 113 ming 600 juftlikni nikohdan o‘tkazgan bo‘lsa¸ yil davomida 9 ming oila ajrashgan va bu raqam 2010 yilning shu davriga nisbatan ancha kam.

Rasmiylarga ko‘ra¸ mahalla qo‘mitalari tarkibida tashkil qilingan “Yarashtiruv komissiyalari" sa‘y-harakati bois ajralishlar soni kamaygan.

Toshkent shahridagi Gurunch ariq mahallasi raisi Mirvohid akaga ko‘ra, mahallada keyingi sakkiz yil davomida faqat bitta ajralish holati qayd qilingan.

- Mana hozir 8 yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, mening mahallamda ajrim bo‘lmagan. Bitta bo‘ldi, u ham baxtsiz voqea tufayli. Eri narkoman bo‘lib qolib ajrashishga to‘g‘ri kelib qoldi. U ham 2006 yilda bo‘lgan. Bu davrgacha hali¸ Xudoga shukur¸ bizlarda ajrim bo‘lmagan. Bizlarda yarashtirish komissiyasi qattiq ishlaydi. Mana uch yil ichida bitta ariza tushdi. Bizlar oilasini o‘rganib chiqib, oilaviy sharoitining hammasini tushunib, bitta qaynona sababchi bo‘layotganini nima qilib turib o‘rtaga olib suhbatlashib, yarashtirib yubordik yoshlarni, deydi Mirvohid aka.

Toshkentdagi Chilonzor tuman FHDYo bo‘limi xodimasiga ko‘ra, ajralish masalalarida adliya organlaridan ko‘ra, mahallalarning roli katta bo‘layapti.

- Mahalla "Yarashtiruv komissiyasi"ning aktini olamiz qo‘shimcha hujjat sifatida. Bu oilaning farzandi bor-yo‘qligini yoki mol-mulk da‘vosi yo‘qligini bilmaymiz. Ular og‘zaki yo‘q¸ deb aytgani bilan farzandi bo‘lgan holatlar ham uchrab turadi. Shunaqada qaytaramiz bizlar. Mahalla yaxshiroq biladi bularning oilaviy sharoitini. Shunga qo‘shimcha sifatida so‘raymiz aktni. Bu yerga kelguncha yarashib ketadigan holatlar uchun ham mahalla oldin ko‘rib chiqsin, ajralishlarning oldini olish maqsadida oldin mahallaga jo‘natamiz. Ya‘ni ajralish uchun birinchi mahallaga murojaat qilishadi. Mahalla kak jamoatchilik asosida ko‘rib chiqadi. Hozir ko‘p narsani mahallaning vakolatiga yuklashayaptiku. Ajralishlarni ham ularga ozgina qo‘shib berishgan. "Yarashtiruv komissiyalari" tuzilgan ularda, deydi FDHYo xodimasi.

O‘zbek oilalaridagi ajralishlar sabablari

Toshkentdagi Beshkapa mahallasi faoli Mansurjon akaga ko‘ra, o‘zbek oilalaridagi ajralishlarga aksar holatlarda ijtimoiy muammolar sabab bo‘ladi.

- Masalan¸ qaysidir bittasida 5-6 yil yashaydi, lekin bola bo‘lmadi ya‘ni farzandsizlik, qaysidir bittasida qaynonasi bilan chiqishmadi, qaysidir bittasida qaynotasi bilan chiqishmadi. O‘zaro munosabatlar kelishmovchiligi kabi sabablar. Bunga nafaqat Beshkapa balki barcha mahallalardagi ajralishlarning sabablari sifatida qarash mumkin, dedi Beshkapa mahallasi faoli Mansurjon aka.

Yunusoboddagi FHDYo bo‘limi xodimasiga ko‘ra, keyingi paytlarda xorijga ishlashga ketib, qaytib kelmayotgan mehnat muhojirlarining oilalarida ham ajralish holatlari ko‘paymoqda.

- Rossiyaga ketib qaytib kelmayotgan oilalar bor. Shu oilalarda eri ketib qaytib kelmagan bo‘lsa, xotini ajralish uchun sudga ariza topshirayapti. Keyingi paytda bu holatlar ham paydo bo‘ldi, dedi FHDYo xodimasi.

O‘zbekiston “Oila” kodeksining “Nikohning tugatilishi” bo‘limida qayd qilinishicha, agar “sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat‘iy nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra¸ ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi”.

Ozodlik suhbatlashgan FHDYo bo‘limlari xodimlari qamoqdagi eri bilan ajrashayotgan ayollar ham anchagina ekanligini qayd qilishdi.

“Ajralish oson emas¸ qiyin”

O‘zbekistonning amaldagi qonunlariga ko‘ra, ajralmoqchi bo‘lgan oila dastlab o‘zi yashayotgan mahalla qo‘mitalariga ariza topshiradi.

Mahalla qo‘mitalaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ariza topshirilgach er-xotinga uch oylik muddat beriladi.

Bu muddat mobaynida “Yarashtiruv komissiyalari” ariza topshirgan oila bilan maxsus shug‘ullanadi.

Agar ular er-xotinni yarashtira olmasa, ariza FDHYo bo‘limlariga yoki sudga oshiriladi.
XS
SM
MD
LG