Линклар

logo-print
Prokuratura va IIB xodimlari ro‘molini yechmagan o‘quvchilar ota-onalarini shundan ogohlantirmoqda.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida prokuratura, Ichki ishlar bo‘limi, hokimiyat hamda mahalla fuqarolar yig‘inidan iborat guruh ro‘molli o‘quvchi qizlar hamda juma namozi uchun masjidga qatnayotgan bolalarning ota-onalarini birma-bir ogohlantirishni boshlagan.

Ozodlikka yo‘llangan elektron maktubda ëzilishicha¸ tuman Ichki ishlar bo‘limida 16 va 20 dekabr kunlari ayni shu mavzuda maxsus yig‘ilish o‘tkazilgan.

Xabar mazmuniga ko‘ra, 400 ga qadar odam yig‘ilgan ushbu yig‘ilishlarda Shayxontohur tuman prokurori hamda Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari, tuman hokimi o‘rinbosari, tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudiri va shu kabi boshqa yuqori lavozimli rahbarlar ishtirok etgan.

Xabarda aytilishicha, rasmiylar birin-ketin qilgan nuqtlari chog‘ida O‘zbekistonda qabul qilingan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi, "Ta‘lim to‘g‘risidagi"gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining "Ijtimoiy-ma‘naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, diniy aqidaparastlikning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlarini tilga olishgan.

Rasmiylarga ko‘ra, ana shu normativ hujjatlarga binoan o‘quvchi qizlar maktab hududida ro‘molda yurmasligi, o‘quvchilarning esa masjidga qatnamasligi shart.

Bu qonunga bo‘ysunmagan o‘quvchilarning o‘zi¸ shuningdek ota-onalari ma‘muriy jazo qo‘llanishi mumkinligidan ogohlantirilgan.

Ozodlikka yo‘llangan elektron maktubga ushbu yig‘ilishda ota-onalardan imzo chekish talab qilingan ogohlantiruv qog‘ozi ham ilova qilingan.

Ozodlikka elektron maktub orqali yo‘llangan ogohlantiruv qog‘ozidan nusxa.

Ozodlikka elektron maktub orqali yo‘llangan ogohlantiruv qog‘ozidan nusxa.

Ozodlik ushbu maktub ortidan Shayxontohur tuman prokuraturasi, Ichki ishlar bo‘limi, tuman hokimiyatiga murojaat qildi.

Xususan, ogohlantiruv qog‘ozida ismi bitilgan Shayxontohur tumani prokurori B.Po‘latov idorasiga murojaatlardan ayon bo‘lishicha, maktubda tilga olingan har ikki yig‘ilish bo‘lib o‘tgan va bundan buyon bunday yig‘ilishlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishga qaror qilingan.

Tuman prokuraturasi xodimlarining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlaridan ma‘lum bo‘lishicha, buning uchun maxsus xodimlar biriktirilgan.

O‘zini tuman prokuraturasining voyaga yetmagan fuqarolar bilan shug‘ullanuvchi maxsus xodimi Gulzoda Dovudova deya tanishtirgan rasmiy Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Lekin tuman prokuraturasi xodimlari bilan mikrofonsiz suhbatlardan ayon bo‘lishicha, dekabr oyi o‘rtalarida rasman yo‘lga qo‘yilgan ogohlantiruvga hanuz bo‘ysunmayotgan oz sonli o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan ma‘muriy jazo qo‘llash haqidagi so‘rovlar maxsus komissiyalar e‘tboriga taqdim qilinadigan bo‘lgan.

Bunday komissiya tuman hokimiyati va kuch ishlatar tuzilmalari vakillaridan tuzilgan.

Shayxontohur tuman prokuraturasi va Ichki ishlar bo‘limi mutasaddilari shu kunga qadar qancha oilaga nisbatan ma‘muriy jazo qo‘llanishi so‘ralgani va qanday jazo turlari qo‘llanishi mumkinligi haqidagi savollarga rasman javob bermadi.

Rasmiylar bilan mikrofonsiz suhbatlardan ma‘lum bo‘lishicha, bunday oilalarga avvaliga ikki bora eng kam ish haqining 10-15 barobari miqdorida jarima, keyin esa 15 sutkalik qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.

Farzandlari ro‘mol va masjidga qatnab namoz o‘qishdan chekinmayotgan oilalarga nisbatan qattiq jazo choralari aynan Shayhontohur tumanidan boshlangani sababini rasmiylar ushbu tumanda ibodatli musulmon oilalarning nisbatan ko‘p ekani bilan izohladilar.

Shayxontohur tumanida yashovchi bir necha oila bilan qilingan suhbatlardan ma‘lum bo‘lishicha, dekabr oyining o‘rtalaridan taqdim etilgan rasmiy ogohlantiruv o‘z natijasini bera boshlagan.

Ogohlantiruv maktubiga qo‘l qo‘ydirilgan oilalarning o‘quvchilari juma namozi uchun masjidlarga qatnashni¸ oz sonli ro‘molli o‘quvchi qizlar esa maktab hududiga ro‘mol bilan kirishni to‘xtatishgan.

Ushbu tumanda istiqomat qiluvchi dindor oila bekalaridan birining Ozodlikka aytishicha, uning qizi tahsil oladigan 81-maktabda ro‘molli qizlar umuman qolmagan.

- O‘zi sentyabr oyidan beri "Prokuraturaga yozib beramiz", deb bizni qo‘rqitaverishgandan keyin qizim sentyabrdayoq maktab ichida ro‘molini yechgan edi. Hozir maktabida bitta ham ro‘molli o‘quvchi qolmadi, deydi ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan shayxontohurlik oila bekasi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonda o‘quvchi qizlarning ro‘molini yechtirish, juma yoki boshqa namozlar uchun masjidga qatnaydigan o‘quvchilarning namozga qatnovini taqiqlash harakatlari bir necha yillardan buyon kuzatib kelinayotgan edi.

2011-2012 o‘quv yili avvalidan hokimiyat va mahalla fuqarolar yig‘inidan iborat targ‘ibot guruhining shu maqsaddagi faoliyatigakuch ishlatar tuzilmalarining yuqori lavozimli mutassadilari ham biriktirildi.

Ushbu guruhlar avvaldan e‘lon qilinmagan tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab sinfxonalari, tuman masjidlarida reyd o‘tkazmoqdalar.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG