Линклар

logo-print
2011 yil yakunlarini sarhisob qilayotgan mustaqil Internet nashrlari shunday xulosaga keldi.

Sarhisobni Ozodlikdan boshlasak.

“O‘zbekiston prezidenti yana bir nevaralik bo‘ldi” deb nomlangan maqola yil davomida mushtariylar tomonidan eng ko‘p o‘qilgan xabar bo‘ldi. 2011 yilning 4 iyul kuni e‘lon qilingan maqolada prezident Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimovaning yana bir qizli bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Ozodlikning yil davomida eng ko‘p o‘qilgan beshligining ikkinchi pog‘onasini “Wikileaks: O‘zbekistonda hukumat va mafiyaning qo‘li bir” sarlavhali maqola egalladi.

O‘qishlilik darajasi bo‘yicha “O‘sh qirg‘ini bo‘yicha yana bir xulosa ochiqlandi” maqolasi uchinchi¸ “Xayrulla Hamidov amnistiyaga tushmadi” maqolasi to‘rtinchi va “Toshkentda O‘sh qirg‘iniga oid film namoyish qilindi” maqolasi beshinchilikni egalladi.

Birinchi beshlikdan xulosa qilinadigan bo‘lsa¸ 2011 yil davomida Ozodlik saytiga kiruvchi o‘zbeklarni asosan O‘zbekistondagi birinchi oilaning jamoatchilik ko‘zidan panada kechayotgan hayoti¸ ayni paytda Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklarning O‘sh qirg‘inidan keyingi taqdiri va qamoqda qolayotgan diniy eshittirishlar muallifi Xayrulla Hamidovning tutqunlikdagi hayotiga oid axborot eng ko‘p qiziqtirgan.

Uznews.net mustaqil Internet agentligi ham O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar hayotiga doxil yangiliklar tarqatish maqsadida faoliyat yurg‘izmoqda. Agentlik bosh muharriri Galima Buxorboyevaning bildirishicha¸ 2011 yil davomida Uznews.net agentligi mushtariylari ham asosan O‘zbekiston prezidenti va uning oilasi bilan bog‘liq xabarlarni eng ko‘p o‘qishgan.

- Bizning saytimizda ham ayni shu tamoyil kuzatildi. Islom Karimov¸ uning qizlari¸ Shavkat Mirziyoev kabi uning yaqin atrofidagilar haqida yozilgan maqolalar mushtariylar o‘rtasida eng ko‘p qiziqish uyg‘otdi. Buning sababi esa¸ O‘zbekistondagi siyosiy tuzumning o‘ta yopiq va noshaffofligi bilan bog‘liq. Mamlakatni boshqarayotganlar xayolida nima gap boru¸ hukmdor ertaga nima qilmoqchi¸ degan savolga javob olishning imkoni bo‘lmagani bois¸ ularga tegishli zig‘irdek bo‘lsin xabar¸ katta qiziqish uyg‘otmoqda. Kichik bo‘lsin har qanday xabar¸ o‘zbekistonliklarga mamlakatda hukm surayotgan asl vaziyat ustiga yopilgan maxfiylik pardasini xiyolgina ko‘tarish imkonini beradi¸ deydi Galima Buxorboyeva.

Uzmetronom.com Internet nashri o‘zini mustaqil gazeta deb taqdim etsa-da¸ kuzatuvchilar saytning O‘zbekiston maxsus xizmatlaridagi alohida guruhlar panohida ish olib borishi¸ ana shu guruhlar tomonidan sizdiriladigan ma‘lumot uchun minbar ekanini taxmin qilishadi.

Yil davomida bu virtual gazeta O‘zbekistondagi kadr o‘zgarishlari¸ yuqori eshelon ichidagi ziddiyatga oid birinchilardan bo‘lib xabar tarqatdi. 2011 yil davomida bu xabarlarning kattagina qismi o‘z amaliy tasdig‘ini topdi¸ muayyan qismi¸ xususan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirining ishdan olinib¸ qamalganiga oid xabar tasdiqlanmadi. Bugunga kelib O‘zbekiston ichkarisidagi rasmiy va norasmiy guruhlar orasida anchagina mashhur bu gazeta bosh muharriri Sergey Yejkov ham¸ Islom Karimov¸ uning kadrlar siyosatidagi rokirovkalari va Gulnora hamda Lola Karimova bilan bog‘liq har qanday xabar o‘z mushtariylari tomonidan chanqoqlik bilan o‘qilganini aytadi.

- Islom Abdug‘aniyevich bilan¸ uning kadr o‘zgarishlari ¸ Gulnora yoki Lola Karimova bilan bog‘liq nimaiki xabar bo‘lsa¸ narx-navoga oid yangilik bo‘lsa¸ ularning bari eng ko‘p o‘qiladigan xabarga aylanadi. Agar adashmasam¸ 2011 yil davomida eng ko‘p o‘qilgan maqola “Islom Karimovning so‘nggi muddati?” sarlavhali maqola bo‘ldi¸ deydi Uzmetronom.com Internet gazetasi bosh muharriri Sergey Yejkov.

Tilga olingan bu maqolada O‘zbekistonda prezidentlik muddatini 7 yildan yana 5 yilga tushirishga oid Islom Karimov taklifining parlamentda ma‘qullanishi munosabati bilan Karimovning boshqa prezidentlikka da‘vo qilmasligi haqidagi iddao yozilgan edi.

Markaziy Osiyo yangiliklar xizmatining CA-news.org Internet sahifasi 2007 yildan beri mintaqa davlatlari¸ xususan O‘zbekistonga oid ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy axborot tarqatib kelmoqda. Saytning 2011 yil yakuniga bag‘ishlab “O‘zbekiston bo‘yicha 2011 yil yakunlari. Eng ko‘p o‘qilgan 10 maqola” hisobotiga ko‘ra¸ AQShning sobiq Davlat Kotibi Kondoliza Rays memuarlarining Andijon voqealariga munosabat masalasida Vashingtonda yuzaga chiqqan kelishmovchilikka oid qismiga bag‘ishlangan maqola 2011 yilning eng ko‘p o‘qilgan birinchi xabariga aylangan.

Markaziy Osiyo yangiliklar xizmati chop etgan “Qirg‘izistondagi etnik o‘zbeklar “ikkinchi Putin”ga ovoz berdi” sarlavhali maqola eng ko‘p o‘qilgan ikkinchi¸ ayni paytda¸ eng ko‘p sharhlangan birinchi maqola bo‘lgan.

Ayni paytda¸ sayt Ozodlik radiosidan ko‘chirib bosgan Markaziy Osiyoning qudratli ayollariga oid maqola 2011 yilda o‘z mashhurligi jihatdan uchinchilikni egallagan.
XS
SM
MD
LG