Линклар

Prezident Karimovning “O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigi”da 2012 yilda ish haqi, ijtimoiy nafaqa va stipendiyalar miqdori 20 foizga, aholining real daromadlari esa 22-24 foizga ko‘payishi belgilanayotgani aytilgan.

An‘anaviy “Hafta savoli” ruknining bugungi savoli prezidentning ana shu bayonotidan kelib chiqdi. Muxbirimiz O‘zbekiston xalqining turli qatlamlari vakillaridan daromadingizga qo‘shilishi kutilayotgan 22-24 foizni nimaga sarflaysiz, deb so‘radi.

Pensioner tadbirkor Shorahmat aka (Toshkent) nabiralariga o‘yinchoq olib bermoqchi:


- Bizlar endi pensioner odam. Nimaga sarflashimiz mumkin? Nevaralarga u-bu olib berasiz, boshqa qilasiz. Ozgina tadbirkorlik ishimiz bor. Shu rivojlansa yaxshida. Nalogni kamaytirishadi 5 foizga deydi. Juda ham yaxshi. Tadbirkorlikda daromadimiz real oshadi to‘g‘ri. Pensiyaga qo‘shilgandan keyin albatta yoningizda ortiqcha pulingiz bo‘lgandan keyin olib borib ko‘chaga tashlamaysiz. Bolalarga, nevaralarga biror narsa olasiz.

Dramaturg Quronboy Matrizayev (Xorazm) hali o‘ylab ko‘rgan emas:


- Men hozir kasal bo‘lib to‘shakda yotgan edim. Kecha eshitmadim. Televizor ham ko‘rmadim. Kasal bo‘lib yotibman o‘zi. Eshitgan bo‘lsam, o‘ylab ko‘rardim.

Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojiri Orifjon (Andijon) real daromadning ko‘payishi noreal, degan fikrda:


- O‘zi yetmayaptiyu qanaqasiga oshadi u? (kulib) Tushuna olmadim hozir. Aslini olganda inflyatsiya degan narsa nihoyatda o‘tib ketayapti. Hech qanaqa pul topish, ko‘paytirish dosh bermayaptiyu masalan. Boringki, 5 yil oldin 300-400 dollar pul topganimizda, ancha narsaga yetardi o‘sha davrda. Bir kilo go‘sht 8000 turgandir yoki 10 ming turgandir. Hozir 16-17-18 ming. yoki bir kilo tsement 75 so‘m bo‘lgan bo‘lsa shu vaqtda, hozirga kelib 280 so‘m. Ana endi qarang. Hozir oylik necha barobar oshayapti, daromad qancha oshayaptiyu narx qancha oshayapti. Narxni quvib yetib bo‘lmayaptiyu. Daromad oshdi deb hisoblangan bilan, misol uchun o‘sha vaqtda 300 dollarga ishlagan bo‘lsam, hozir salkam 1000 dollarga ishlagan chog‘imda ham o‘sha narxni men quvib yeta olmayapman. Bir tomondan oyliklar, daromad oshganga ham o‘xshaydi¸ lekin narxga nisbatan unchalik oshgani yo‘qda.

“Mening daromadim davlatga bog‘liq emas”, dedi Ahad dorboz (Farg‘ona):


- Bizning daromadimiz ularning ko‘tarish ko‘tarmasligiga bog‘liqmasda. Chunki dorbozlar shartnoma bilan ishlaydi. Davlatga mablag‘ to‘lashadida. O‘shaning hisobiga ishlayveradi. 25 foiz davlat ajratib bizga bera olmaydiku. Oilani to‘yg‘izish kerak endi. 9ta nevara bor. Bularning mummolarini hal qilishim kerak. Bizning yoshimiz o‘tdi. 63ga kirdik endi. Odamlarning asosiy daromadi ro‘zg‘orni qimirlatishga ketadi. Bir kilo go‘sht 18 ming. Endi tasavvur qilavering 25 foiz qanday daromad keltiradi.

Rassom Davronbek Yo‘ldoshev (Xorazm) daromadga qo‘shiladigan qism ham oziq-ovqatga safrlanadi, degan fikrda:


- Avvalambor men davlat idorasida ishlamayman. Davlatning oyligi ko‘tarilgani qaytanga menga minus. Chunki men xususiy tadbirkor. Men soliq to‘layman. Solig‘im oshdi xolos. Daromadim oshmadi mening. Mening o‘zimning hatti-harakatim, shijoatimga bog‘liq narsa. Davlat menga hech qanday yetkazib bera olmaydi. Mening o‘zimga bog‘liq narsa u. Oylik masalasiga kelsak, 25 foiz qancha bo‘lishi mumkin? Minimal oylik 60 ming atrofida bo‘lsa, 25 foiz bilmadim qancha bo‘ladi, masalan 200 ming so‘m oladigan odam uchun 50 ming atrofida bo‘ladimi? Har kim endi o‘zining nimasiga qarab xarajat ishlatadi. Oyliklar past bo‘lgani sababli 25 foiz eng birinchi navbatda kerak bo‘lgan narsa yeyish-ichish masalasi, nonga ketsa kerak.

Tarix fanlari doktori Goga Hidoyatov (Toshkent) kompyuter sotib olmoqchi:


- Birinchidan, kompyuterga internet. Ikkinchidan, kitoblarga. Uchinchidan, mening o‘zimning bog‘im bor Chorvoqda. Uni remont qilardim. Mana shu o‘zimning ehtiyojlarim.

Tarix fanlari doktori Ubaydulla Uvatov (Toshkent) qo‘shimcha daromadni ma‘naviyatga sarflamoqchi:


- Albatta, eng avvalo mana shu o‘zimizning oilaviy zaruratlarimizga, bilasiz men endi ilm bilan shug‘ullanaman. Kitob olish, ma‘rifatga, ma‘naviyatga, yangi-yangi jurnallarga obuna bo‘lish, kitoblar olish, farzandlar, nevaralar bor 10ta. Nevaralarning o‘qishi, ma‘rifati, xullas mana shunaqa ishlar. Ilmga, shu mahsulotlarga sarflaymanda ko‘proq.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov (Toshkent) hali o‘ylab ko‘rgani yo‘q:


- Endi do‘stim meni, eslaganingiz uchun rahmat, endi men buni o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Uzr so‘rayman, ma‘qulmi?

Ismini aytmagan talaba yigit (Toshkent) qo‘shimcha daromadni xonadonidagi sharoitni yaxshilashga sarflamoqchi:


- Bitta yaxshi televizor bilan bitta yaxshi xolodilnik. O‘zimizning yashash sharoitimizni yaxshilashga yanada imkon bo‘ladi 25 foiz bo‘lsa. Uyimizni yaxshilashga, qayta tuzatishlar kiritish uylarga.

Gazeta sotuvchi Akramjon (Namangan) rejasini ochiq aytmadi:


- Oldin 25 foiz qo‘limga tushsin o‘zim bilaman nimaga sarflashni. Hozircha noma‘lum. Oldin tushsin. Tushmasdan turiboq hosili olinmagan narsani oldindan reja qilib bo‘lmaydiku. Oldin qo‘lga tushsin, ko‘raylik. Prezidentlar u oshdi bu tushdi degan gapi bilan bu yoqda aksincha bizning oyliklarimiz pasayib ketayaptiku.

22 yashar ishsiz yigit (Andijon) gapni qisqa qildi:


- Hozircha o‘ylab ko‘rmabman nima sotib olishni.

Jurnalist Malohat Eshonqulovaning fikricha, savolimiz ortiqcha:


- Bilasizmi, hozir do‘konga chiqib qaytib kelayotsam, pod‘ezdimizning eshigiga e‘lon osib qo‘yibdi. “Kvartplatalar yana qanchadir summaga oshdi” degan e‘lon yozib qo‘yibdi aholi diqqatiga. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, Olloh nasib qilsa hukumatning o‘zi beradigan himmatni o‘zlariga kommunal usluga, majburiy to‘lovlarni to‘lash uchun sarflasa kerak. Lekin afsuski bu ham yetmaydi. Agar oshsa. Chunki bizda bitta qiziq narsa borda. Oshadi, deyishadi. Agar 10 so‘m oshsa, 10 so‘m oshmasdan bir-bir yarim oy oldin narsalarning hammasining narx-navosi 100 so‘mga qimmatlashib turadi. Shunday ekan o‘z o‘zidan “nimaga sarflaysiz?” degan savol menimcha ortiqcha bizning sharoitda.

Yana bir tinglovchimiz, buxorolik fermer Ibrohim aka savolimizga javoban bir latifa aytib berdi.

Generalning ko‘ziga askarlar juda ozg‘in ko‘rinib ketibdi. Ularning tirikchiligini tekshirib ko‘rgisi kepketibdiyu uch-to‘rtta askarni to‘xtatib so‘rabdi:

- Namuncha ozg‘insanlar?
- Ozg‘in emas, qotmamiz, o‘rtoq general!
- Qorin to‘yvottimi?
- To‘yayapti, o‘rtoq general!
- Nima yevossanlar?
- Avval sho‘rva ichib, ketidan manti yeyapmiz. Ortib ham qolyapti, o‘rtoq general!
- Ortganini nima qivossanlar?
- Ortganiniyam yebqo‘yyapmiz, o‘rtoq general!
XS
SM
MD
LG