Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:55

Yangi yil oqshomida Qorqiz taqchil bo‘ldi


O‘zbekistonlik muhojir Ahmad hoji Xorazmiy oilasi davrasida Santa yoxud Qorbobo libosida.
O‘zbekistonlik muhojir Ahmad hoji Xorazmiy oilasi davrasida Santa yoxud Qorbobo libosida.
O‘zbekistonda 31 dekabr kechasi Qorbobo va Qorqizning uyma-uy yurishi borgan sari urf bo‘lib bormoqda.

Poytaxt Toshkentda Qorboboning bolalik xonadonlarga kirib¸ sovg‘a ulashishi narxi o‘rtacha 50 ming so‘m atrofida bo‘lsa¸ viloyatlarda bu narxning 10 ming so‘m atrofida ekani aytilmoqda. Ayni paytda¸ Yangi yil kechasi bu ishni bepulga qilib¸ bolalarni xursand qilishga urinayotgan yoshlar borligi ham aytilmoqda.

Urgenchlik Arslon aka uch farzandning otasi. Yangi yil oqshomida bolalarini xursand qilish uchun u har yili uyiga Qorbobo va Qorqiz “zakaz" qiladi.

- Har bir ko‘chada Qorbobo bo‘ladi. Qorbobo bilan kelishib qo‘yasiz. Sovg‘alarni olib berasiz. Yangi yil oldidan kelib bolalarga she‘r ayttiradi. Pul berib qo‘yasiz oldindan. Men 10 ming so‘m berdim. Keldi, u yoq bu yog‘i 15 minut vaqti ketdi. Qorqiz topa olmabdi. Bitta o‘rtog‘i Qorqiz bo‘lib kelibdi. O‘g‘il bola qiz bolacha kiyingan. Uyiga Qorbobo kirmagan uy bo‘lmasa kerak. Bizlarning tanish-bilishlarning hammasinikiga kirib chiqishgan¸ deydi Yangi yil kechasi Qorbobo va Qorqiz kelishida hech bir ma‘naviy-axloqiy muammo ko‘rmasligini ta‘kidlagan Arslon aka.

Янги йилда қорбобо
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:13 0:00
(Ayni paytda Qorbobo rolining qizlar tomonidan o‘ynalishi ham kuzatiladi.)

Toshkentda yashaydigan 14 yashar Zuhraning uyiga ham har yil 31 dekabr kuni Qorbobo va Qorqiz keladi. Ammo bu yil negadir Qorqiz taqchil bo‘ldi shekilli¸ Qorqiz rolini ham yigitlar o‘ynab berishdi¸ deydi Zuhra.

- Zakaz qilmadik. Kelishdi. Eshikni ochsak, Qorbobo, Qorqiz turgan ekan. Qorqiz o‘g‘il bola ekan. Bilmadim, balki kulgili bo‘lishi uchundir. Xullas shunaqa kiyinib kelishibdi. “yosh bola bormi she‘r aytadigan? Sovg‘a bermoqchimiz” deyishdi. Uyda yosh bola bor edi. Sovg‘a berishdi. Dadamiz quruq ketmasin deb u-bu narsa berib yubordi. Tabriklab ketishdi¸ deydi ota-onasining oldindan ishni pishitib¸ Qorbobo va Qorqiz chaqirib qo‘yganiga ishonmasligini ayta turib Zuhra qiz.

"Qorqizning taqchillashgani¸ yarim kechasi uyma-uy yurishni istovchi o‘zbek qizlarining kamligi¸ ota-onalarning bunga ruxsat bermasligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak"¸ deb qo‘shib o‘tadi Zuhra.

Uyimizga har yil Yangi yil kechasi keladigan Qorbobo va Qorqiz bu yil kelmadi¸ narxi qimmat bo‘lganidanmi¸ yoki biz katta bo‘lib qolganimiz uchunmi¸ oyim Qorbobo olib kelishga qarshi bo‘ldilar¸ deydi Toshkentda yashaydigan 11 yashar Yulduz.

- Kelmadi, faqat archaning tagiga sovg‘a tashlab ketdi. Dadam olib kelmoqchi edi, oyijonim kerakmas dedi. Pul to‘lash kerak. Ko‘chada turadi Qorbobo o‘zi. Bizlarda haqiqiy Qorbobo yo‘q. Kiyimlari sotib olinadida yuradi Qorbobo. Ko‘chada turadi. Qorbobo kiyimlarni kiyadi, soqol kiyadi, cho‘p oladi qo‘liga. Uyga 15 minutga chaqirish narxi¸ kamida 50 ming so‘m. Uni ham zakaz qildirishingiz kerak¸ deydi Qorboboning xaridor kutib tuni bilan mahallada izg‘ib yurganiga o‘zi guvoh bo‘lgan Yulduz.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda Qorbobo va Qorqizning Yangi yil kechasi yurishi o‘ziga xos biznesga aylanib bormoqda. Ayni paytda¸ o‘zining artistik mahoratini sinab ko‘rishga ahd qilgan sho‘xroq o‘spirinlarning o‘z mahallasida tekinga uyma-uy yurishi ham urf bo‘lib borayotgani aytiladi. Bu urf esa jamiyatning muayyan qismida e‘tiroz uyg‘otayotgani¸ bu e‘tirozning ayrim musulmon jamiyatlarida fojiaga eltayotgani kuzatilmoqda.

Xususan¸ 31 dekabr kechasi Dushanbe ko‘chalarida Qorbobo kiyimida uyma-uy sovg‘a ulashib yurgan 24 yashar iqtisodchi Parvez Davlatbekov ko‘chada hujumga uchrab¸ chavaqlab ketildi. Fojia yuzasidan bayonot e‘lon qilgan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi qotillikda gumonlanib Dushanbe oliygohlarida o‘qiyotgan ikkita 20 yoshlardagi shaxsning hibsga olinganini ma‘lum qildi. Rasmiy izohga ko‘ra¸ qo‘lga olingan radikal islomchilar Parvez Davlatbekovni musulmon jamiyatiga yot bo‘lgan kufr an‘analarini targ‘ib qilganlik uchun o‘ldirganini e‘tirof qilgan.

Yangi yilning nishonlanishi¸ bayram oldi Archa bezatib¸ uyga Qorbobo va Qorqiz chaqirtirilishiga nisbatan o‘zbek jamiyatida ham qarama-qarshi munosabat tobora qutblashib bormoqda. "Internetda Qorbobo qiyimida tushgan suratim qo‘yilganidan so‘ng¸ radikal ruhdagi vahhobiylardan baloga qoldim"¸ deydi o‘zbekistonlik Ahmad hoji Xorazmiy Ozodlik bilan suhbatda.

- Yer yuzining deyarli ko‘p joylarida nishonlanadi bu Yangi yil. Buning nimasi yomon ekan? Hammasi xursandchilik bo‘lsa, bir tomondan Qorbobo bo‘lsa, ikkinchisi Qorqiz bo‘lsa, odamlarga, bolalarga shodlik ulansa, buning nimasi yomon?

Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, vahhobiylarning mutloq katta ko‘pchiligining dindan savodi yo‘q. Ular faqat fanatiklar. Ularning shunaqa axmoqliklaridan kimlardir foydalanadi. Meni maqtangan demangu, “Qur‘oni Karimdan muxtasar saboqlar”, Hadisi sharif o‘gitlari” degan kitoblar yozganman. Hojiman. Naqshbandiy tariqatida ibodat qilaman. Gap shundaki, islomda birorta joyda unaqa bo‘lmasin, bunaqa bo‘lmasin degan joyi yo‘q. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, Yangi yil bayrami bu diniy bayram emas. Yil almashinuvi bayram qilinadi¸ xolos. Isoning tug‘ilgan kuni deb mana 25 dekabr yoki 7 yanvarni aytsa¸ unda boshqa. Buning umuman dinga aloqasi yo‘qku. Bayramning hammasi yaxshi narsa. Isoning tavalludini¸ masalan¸ biz ham nishonladik. Masalan¸ men Qur‘on o‘qib Iso alayhissalomning ruhlariga duo qildim. Buning nimasi dinda yomon ekan? Qur‘onni ochib o‘qisangiz, Iso payg‘ambar eng oliy payg‘ambarlardna biri ekanligi, Injil eng yaxshi kitoblardan bittasi ekanligini yuzlab joyda ta‘kidlagan¸deydi hozirda Britaniyada muhojiratda yashayotgan Ahmad hoji Xorazmiy.
XS
SM
MD
LG