Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 02:45

Tojikistonda “Qorbobo” chavaqlandi


Tojikistonda yangi yil kechasi “Qorbobo”ni pichoqlaganlikda gumonlangan uch nafar shaxs hibsga olindi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, Qorbobo kiyimida bo‘lgan 24 yoshli fuqaro Parviz Davlatbekov noma‘lum guruh tomonidan chavaqlangan.

Marhumning yaqinlaridan biri Rustam Jonining aytishicha, Qorbobo kiyimida bo‘lgan Parviz Davlatbekov o‘rtoqlari bilan birga tanish- bilishlarini tabriklash uchun Dushanbe shaharining Sino tumanidagi ko‘p qavatli uylardan biriga kirayotib, o‘ttiz kishilik olomon hujumiga uchragan.

- Jiyanimning Qorbobo kiyimini kiygani ularga yoqmagan. Unga: “Sen kofirsan”, deyishgan. Ularga javoban jiyanim ham past kelmay, huquqlarini poymol qilishga haqsiz ekanlarini aytgan. Shu orada mushtlashishgan. Ularning ko‘pchiligi Parvizga hamla qilgan va kamida to‘rtta pichoq sanchishgan, - dedi Rustam Joni.

Rustamning aytishicha, og‘ir tan jarohati olgan Parviz 2 yanvarga o‘tar kechasi shahar shifoxonalarining birida jon taslim qilgan, uning jonsiz tani Badaxshon viloyatidagi qishlog‘iga olib ketilgan.

Shifokorlarga ko‘ra, Parviz ko‘p qon yo‘qotgan, qon quyish esa foyda bermagan.

Asnoda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Mahmadullo Asadulloyev Parviz Davlatbekovni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan uch nafar talaba hibsga olinganini va bu ish yuzasidan jinoyat ishi ham ochilganini bildirdi.

- Tojikiston Milliy universitetining ”Qorbobo”ni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan studentlari Sharaf Davlatov va uning sheriklari Farrux Samiyev hamda Firuz Narzulloyev hibsga olindi. Ayni paytda ular ustidan tergov davom etmoqda, - deya bildirdi vazirlik mas‘uli Asadulloyev.

Rasmiyning bildirishicha, bu shaxslar Parviz Davlatbekovga hujum qilish bilan cheklanibgina qolmay, bayram kechasi shahar ko‘chalarida bezorilik ham qilgan.

Tojikistonda Qorboboga hujum qilish holati ilk bor qaydga olinmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu yil avvalgi yillarga nisbatan melodiy yilning kirib kelishini bayram qilgan kishilarning ko‘pchiligi jamiyatdagi ayrim guruhlar tomonidan qoralangan.

Asnoda tahlilchilar Tojikistonda islomiylashuv jarayoni keskinlashayotganidan ogohlantirmoqda. Yangi yil arafasi kunlari tojik matbuotida yangi yilni nishonlash atrofida bahslar qizigandi.

Bahslarda qatnashgan Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abdulqodirzoda yangi melodiy yilni nishonlash musulmonlar uchun begona marosimlardan biri ekanini ta‘kidlagandi.

“Bu begona urf-odat va dinimizga yot bo‘lgan marosimdir. Shaxsan o‘zim aholini yangi melodiy yilni nishonlash uchun katta xarajatlardan tiyilishga chaqiraman. Uning o‘rniga kam ta‘minlangan oilalar, yetimlarga yordam berishsin”, degan edi jumladan mamlakat muftiysi mahalliy nashrlardan biriga bergan intervyusida.

Biroq Sho‘ro zamonidan possovet o‘lkalargan meros bo‘lib qolgan Yangi yil Tojikistonda ham rasman nishonlanadi. Yangi yil arafasida davlat rahbari o‘z xalqini bu bayram bilan tabriklaydi.

Tojikistonliklar 2012 yilning kirib kelishini uch kun davomida nishonladilar. Bayram kunlari Tojikiston huquq-tartibot idoralari kazarma holatiga keltirilganiga qaramay, 31 dekabr kuni birgina Dushanbe shahrida uchta qotillik qaydga olingani ma‘lum bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG