Линклар

O‘zbekistonning ikkinchi yirik shahri hisoblangan Samarqand aholisi birdaniga qariyb 85 ming kishiga ko‘payib 488 mingdan oshdi. Bu shahar hududining unga tutash tumanlar hisobidan kengaytirilishi evaziga amalga oshdi.

Samarqand hokimiyati rasmiylari shahar aholisi yarim millionlik marraga yaqinlashganini aytmoqda.

Shahar atrofidagi ayrim aholi punktlari shahar hududiga qo‘shilishi evaziga Samarqand O‘zbekistondagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi yirik shahar maqomini yanada mustahkamaladi deydi o‘z ismini aytishni istamagan Samarqand hokimiyati rasmiylaridan biri.

- Odamlarga qulaylik yaratish maqsadida chegaralar bir oz o‘zgardi. Shahar aholisi soni ham shu hisobdan oshdi,- dedi Samarqand hokimiyati rasmiysi.

Oliy Majlis Senatining Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Oqdaryo va Samarqand tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, Samarqand tumanining umumiy hududi 3,36 ming gektarni, aholisi esa 84,7 ming odamni tashkil etuvchi 33ta mahallasi Samarqand shahriga qo‘shildi.

- Bu yerda juda ko‘pchilik Samarqand shahridanman deb aytadi-da. Lekin, hujjatda tumanga qarashli. Endi bu tushunmovchiliklar barham topdi. Masofa ham yaqinlashdi, shahar hudidi ham ancha muoqbillashdi. Hududiy o‘zgarishlardan maqsad odamlarga qulaylik yaratish,- deydi Samarqand hokimiyati rasmiysi.

Endilikda, Samarqand shahri hududiga 33ta mahalla qo‘shilishi hisobiga shahar aholisi soni 488,6 mingni, maydoni esa 12,1 ming gektarni tashkil etadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Senati qaroriga ko‘ra, Samarqand viloyatining ba‘zi boshqa hududlarida ham o‘zgarishlar joriy qilindi.

- Samarqand tumanidagi bir qishloq fuqarolari yig‘ini Oq daryo tumaniga o‘tkazildi. Bu ham masofa jihatidan uzoq edi, endi odamlarning tuman markaziga borishlariga masofa jihatdan qulay bo‘ldi. Ilgari tuman markazigacha 30-35 kilometr bo‘lgan bo‘lsa, endi tuman markazigacha 15-18 kilometr bo‘ldi,- deydi Samarqand hokimiyati rasmiysi.

XIV va XV asrlar davomida Samarqand shahri Temuriylar saltanatining poytaxti vazifasini o‘tab kelgan va o‘sha davrlarda yirik ilm-fan, madaniyat markaziga aylangan.

Shuningdek, Samarqand shahri 1930 yilgacha O‘zbekiston SSR poytaxti ham bo‘lgan.

Hozir O‘zbekistonda aholi soni jihatdan poytaxt Toshkent birinchi o‘rinda turadi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Toshkent aholisi soni 2 yarim millionga yaqinlashib qolgan. Lekin, poytaxtga viloyatlardan ish izlab kelgan o‘zbekistonliklar hisobidan Toshkent ahlining asl soni 4 milliondan oshish taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG