Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:09

Ijara shartnomasini notarius tasdiqlashi shart


2012 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda notarius tasdig‘idan o‘tmagan uy-joy ijara shartnomasi tan olinmaydi va tomonlar jarimaga tortiladi.

Biroq, bugun Toshkentda yashayotgan aksariyat o‘zbekistonliklar viloyatlardan kelganligi va ularning rasmiy qaydlari bo‘lmaganligini hisobga oladigan bo‘lsak, ularning oldida yana yangi bir muammo paydo bo‘ldi. Doimiy yoki vaqtinchalik yashash uchun rasmiy qaydi bo‘lmagan fuqarolar bilan ijara shartnomalari tuzilmaydi.

O‘zbekistonda fuqarolar notarius tasdig‘isiz imzolagan ijara shartnomalari aniqlangan taqdirda tomonlar jarimaga tortiladi.

Bu haqdagi o‘zgartishlar 2012 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston Fuqarolik kodeksi va boshqa tegishli me‘yoriy hujjatlarga kiritildi.

Ko‘p yillardan beri ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelayotgan toshkentlik Mastura opaning aytishicha, ilgari ijara shartnomalarining noatriusdan tasdiqlash shart bo‘lmagan. Bu shartnomalarga ko‘ra, uy egalari olinayotgan haqdan davlatga 10 foizdan soliq to‘lab kelagn. Shartnoma tuzmagan uy egalari esa, soliqdan bo‘yin tovlab kelgan.

Makler Mastura opa fikricha, joriy qilinayotgan yangi tartib, birinchi navbatda, poytaxt Toshkentda uylarning ijaraga berilishini tartibga solishga qaratilgan:

- Bu tartibga solish. Bu yerda endi mahalla, domkomlarga topshiriq beriladi. Qaysi uylar ijaraga topshirilishini domkomlar yaxshi biladi. Endi ijara beruvchi har yilda bir bor deklaratsiyada daromadni ko‘rsatib, bundan soliq to‘laydi,- deydi Mastura opa.

Biroq, makler aytayotgan "tartibga solish" Toshkentga viloyatlardan kelayotgan fuqarolar duch keladigan muammolar sonini ko‘paytiradigan ko‘rinadi. Ismini oshkor etmagan Toshkent shahridagi notariuslardan birining aytishicha, ijara shartnomasini imzolash uchun fuqaroning Toshkent shahrida doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi bo‘lishi shart:

- Hamma dokumentlarni yig‘ishadi. Uy egasi qarzi yo‘qligi haqidagi ma‘lumotnoma, ijarada turadigan odamlarning propiskasi haqidagi ma‘lumotnoma, MBTIdan (Texnik inventarizatsiya byurosi-tahr.) ma‘lumotnoma, shu hammasi bitgandan keyin uyda propiskada turadigan boshqa oila a‘zolari ham rozilik beradi. Ijarada turuvchining propiskasini pasportniy stol hal qiladi,- deydi Toshkentdagi notariuslardan biri.

Toshkent shahar 1-notarial idora xodimi ham propiskasiz ijara shartnomasi tuzilmasligini tasdiqladi:

- Oldin Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda turiladi, keyin shartnoma imzolanadi,- deydi notarius.

Lekin o‘z navbatida, viloyatdan kelgan fuqaro poytaxtda vaqtinchalik propiskada turish uchun uyni ijaraga olganini tasqdilovchi shartnomani ko‘rsatishi kerak. Ya‘ni, propiskasiz shartnoma imzolanmaydi, shartnomasiz propiska bo‘lmaydi. Bu boshqotirmaning javobi qanday bo‘ladi?

Bu savol ustida poytaxtdagi notariuslarning o‘zlari ham bosh qotirmoqda:

- Endi bu savol hozir bizni ham o‘ylantiryapti. Endi Adliya vazirligi buni bir yechimini topar, balki bizlarga bir tushuntirish berar yoki xat tushirar,- deydi Toshkent shahar 1-notarial idora notariusi.

Notarius tasdig‘isiz ko‘chmas mulkini ijaraga bergan fuqarolarni jarimaga tortish tartibi 1 fevraldan boshlanadi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov respublikadagi qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi loyihani 30 dekabr kuni imzoladi va shu qonunga muvofiq kvartira shartnomalarini notarius tasdig‘idan o‘tkazish majburiyati 1 yanvardan kuchga kirdi.

Endilikda bu tartibni buzgan fuqarolarga eng kam ish haqqining 5 barobaridan 10 barobariga qadar jarima solinadi.

Shuningdek, 1 fevraldan boshlab sotib olgan ko‘chmas mulkini o‘z vaqtida rasmiylashtirmagan shaxslar ham eng kam ish haqqining 1 barobaridan 5 barobariga qadar jarimaga tortiladigan bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG