Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:26

Soliq imtiyozi berilgan gazetalar narxi oshdi


Yangi yildan boshlab O‘zbekistonda hukumat gazetalari chakana narxi qimmatladi. Undan oldin gazetalar daromad solig‘idan ozod qilingan edi.

O‘zbekiston parlamenti rasmiy organi bo‘lgan “Xalq so‘zi” gazetasining narhi 300 so‘mdan 400 so‘mga oshdi.

Shuningdek “O‘zbekiston ovozi”, “Toshkent oqshomi”, “Pravda Vostoka” gazetalari narhi ustiga 100 so‘m mindirilgan.

Xususiy ko‘ngilochar gazetalar, xususan, “Darakchi” gazetasi narxi ham ko‘tarilgan.

Ammo ba‘zi xususiy nashrlar narxi o‘zgarishsiz qolgan.

O‘zbekiston prezidentining 30 dekabrdagi “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklari berish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yangi yilning 1 yanvaridan boshlab mikrofirmalar va kichik korxonalarga mansub bo‘lgan ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, poligrafiya tashkilotlari, teleradioeshittirish kompaniyalari uchun yagona soliq to‘lovi stavkalari 6 foizdan 5 foizga kamaytirilgan edi.

Bu imtiyozlardan keyin gazetalar narxi oshishi kutilmagan holat bo‘ldi deydi Toshkentdagi “Matbuot tarqatuvchi” shirkatining ismi aytilishini istamagan vakili Ozodlik bilan suhbatda:

- Bu gazetalarni tiraji ham ko‘p emas, shu bois oshgan oshmaganini farqi yo‘q. Ammo “Darakchi” gazetasi ancha xaridorgir. Har kuni olib yurgan odam uchun 100 so‘m oshgani ham bilinadi”, deydi suhbatdosh.

Ammo hamma gazetalarning ham narhi oshgani yo‘q. Masalan, Samarqanddagi "BAHS" (Byudjet, Axborot, Hisobot, Soliq) gazetasi narxi oshmadi deydi gazeta bosh muharriri Shuxrat Raximov:

- Bizni gazeta narhi oshmadi. O‘tgan yili belgilaganimiz narxda turibdi, narx oshirish niyatimiz yo‘q, deydi gazeta bosh muharriri.

O‘zbekiston prezidentining 30 dekabrdagi qarori gazetalarni daromad solig‘idan ozod qildi va ular to‘laydigan majburiy ajratmalarni 2 foizdan 1 foizga pasaytirdi.

Samarqanddagi gazetalardan birining muharriri Shuxrat Rahimov bu qaror o‘z nashri iqtisodida deyarli bilinmaganini aytdi:

- Bosmaxonadagilar bundan foyda ko‘rsa ko‘rgandir, ammo biz emas. Biz yagona soliq to‘laymiz va bu soliq miqdorioda o‘zgarish yo‘q. Soliqlarni alohida-alohida to‘laydiganlar balki foyda ko‘rishi mumkin deydi, Rahimov.

Suhbatdosh nazarida gazeta noshirligi foyda keltiradigan soha bo‘lmay qoldi.

Toshkentdagi "Matbuot tarqatuvchi" shirkat vakiliga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati gazeta va jurnal chop qilish faoliyati uchun imtiyozlar bergani bilan mazmunan sayoz va erkin tanqidiy fikrlardan holi nashrlar narxi qanday bo‘lishidan qat‘iy nazar, xaridor nazaridan chetda qolaveradi.

Xalqaro tashkilotlar, xususan, "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti O‘zbekistonni matbuoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar sirasiga qo‘shib keladi.
XS
SM
MD
LG