Линклар

logo-print
“Jamoat transporti ishi yaxshi, avtobuslar o‘z vaqtida keladi, faqat hukumat keksa yo‘lovchilar masalasiga e‘tibor berib qo‘ysa yaxshi bo‘lardi”. Bu fikrni toshkentlik uy bekasi Lola opa bildirdi.

“Toshavtobustrans” hissadorlik kompaniyasi vakili Yangi yil arafasida Toshkentda paydo bo‘lgan mish-mishlarni rad etar ekan, “Yangi yildan boshlab yo‘lkira narxi oshmaydi, 600 so‘m edi va shunday bo‘lib qoladi!” degan edi. Shu gap bahona muxbirimiz O‘zbekiston poytaxtida aholiga transport xizmati ahvoliga bir nazar tashladi.

Yangi yildan Toshkentda “Toshavtobustrans” vakili va‘da qilganiday, chindan ham yo‘lkira qimmatlamadi.

Barcha turdagi jamoat transportida yo‘l kira 600 so‘m, deb xabar qildi uy bekasi Lola opa.

- Transport o‘z vaqtida keladi. Marshrutlar ham yaxshi bo‘lib qolgan hozir. Metrodan umuman roziman. Chunki metro eng akkuratniy ishlaydigan transport vositasi, deydi Lola opa.

Oddiy uy bekasidan eshitganimiz gapni yuk tashish bilan shug‘ullanib kelgan, lekin ba‘zi sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgan bir xususiy korxona rahbaridan ham eshitdik.

- Yaxshi. Ko‘p yo‘nalishlar ochildiyu. Yo‘nalishlar ko‘payib qoldi hozir. Aholiga qulay hozir.

Ozodlik: O‘zi umuman shu sohada ekansiz. Foydali ishmi yo‘lovchi tashish?

- Foydali, deydi faoliyatini to‘xtatgan xususiy korxona rahbari.

Toshkentda endigina tashkil etilgan, lekin hali faoliyat uchun litsenziya olishga ulgurmagan transport korxonasi rahbari, o‘zini Abdumo‘min deb tanishtirgan yigit ham Ozodlikning ba‘zi savollariga javob berdi.

Ozodlik: Litsenziya olish osonmi qiyinmi?

- Litsenziya endi mutaxassislar attestatsiyalardan o‘tkazilib tayyorlab o‘tgandan keyin olinadida.

Ozodlik: Litsenziya olganingizdan keyin shaharda avtobus bilan xizmat ko‘rsatasizmi, marshrut taksi bilanmi yoki taksi bilanmi?

- Qaysi faoliyatga litsenziya olishga bog‘liq. Yo‘lovchi tashiydigan bo‘lsa, alohida litsenziya bo‘ladi. Yuk tashish bo‘yicha alohida litsenziya bo‘ladi. Taksi yo‘nalishi bo‘yicha qiladigan bo‘lsa, unga alohida. Qaysi faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan bo‘lsa, shu faoliyat turiga litsenziya olinadi.

Ozodlik: Keyingi yillarda aholiga transport xizmati ko‘rsatish yaxshilandi degan fikrdamisiz yoki...

- Yaxshilandi. Oldin avtobusni interval bo‘yicha 5-10 minut kutadigan bo‘lsa odamlar, hozir 1 minut ham kutmayapti. Taksilar ham ko‘p, marshrut ham, avtobuslar ham. Odamlarda kutish bo‘lmayapti. Hammasida qulaylik yaxshilandida.

Ozodlik: Litsenziya qachon qo‘lingizga tegadi?

- Hozir mutaxassislarimiz attestatsiyadan o‘tishayapti. 144 soatlik o‘qishi bor. Shularni o‘qib bo‘lgandan keyin attestatsiya topshirsa, keyin olamiz.

Ozodlik: Litsenziya olishga harakatni boshlaganingizdan litsenziya qo‘lingizga tekkuncha qancha muddat o‘tadi deb o‘ylayapsiz?

- Ikki oy muddat o‘tsa kerak.

Ozodlik: Demak, ikki oy muddatda qo‘lingizga litsenziya tegadi.

- Ha. Mutaxassislar topshirib o‘tsa bo‘ldida. Muammosi yo‘q, deydi transport korxonasi ochayotgan Abdumo‘min.

Yangi yilning birinchi kunidan boshlab poytaxtdagi ba‘zi yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslar o‘rniga marshrut taksilari qatnay boshladi.

Bu haqdagi ma‘lumotni “Toshshahartransxizmat” assotsiatsiyasi vakili Ravil Sulaymonovdan oldik.

Uning aytishicha, Ibn Sino-2 massividan Aeroportgacha qatnagan 92-avtobus o‘rniga 32-marshrut taksi, Chilonzorning 25-kvartalidan Aviasozlargacha qatnagan 127-avtobus o‘rniga 15-marshrut taksi, TTZdan “Zenit” zavodigacha qatnagan 136-avtobus o‘rniga 6-marshrut taksi hamda TTZdan “Qo‘yliq-2” masssiviga qatnagan 142-avtobus o‘rniga 39-marshrut taksi qatnamoqda.

Ha toshkentliklar transport xizmatidan rozi. Ayni paytda, viloyatlarda mana bunday ko‘rinishlarga ham guvoh bo‘lish mumkin.
XS
SM
MD
LG