Линклар

logo-print
Arbuz.com forumi sobiq faoliga ko‘ra, yangi forumda ham siyosiy mavzularda bahs bo‘lmaydi.

Xorijdagi va mamlakatdagi o‘zbek yoshlari orasida mashhur bo‘lgan hamda o‘tgan yilning 8 dekabrida yopilgan Arbuz.com internet-forumi mazmuni yangi Choyxona.com saytiga ko‘chdi.

Bu haqda Arbuz.comning sobiq faol forumchilaridan biri ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka xabar qildi.

Ozodskayp orqali so‘zlagan forumchiga ko‘ra, sobiq Arbuz.com forumida faol bo‘lgan O‘zbekiston siyosati, iqtisodiga oid mavzular yangi forumda ham chetlab o‘tilgan.

O‘tgan yilning fevral oyida Arbuz.com forumi ishtirokchilaridan bir nechtasi hibsga olingani ortidan sayt qisqa muddatga yopilgan edi.

2011 yil dekabr oyida yopilgan Arbuz.com forumidan olingan so‘nggi suratlardan biri.

2011 yil dekabr oyida yopilgan Arbuz.com forumidan olingan so‘nggi suratlardan biri.

So‘ngra “O‘zbekiston: muammo va yechimlar”, “Din” va “Qirg‘izistondagi fojeali voqealar” kabi mashhur rubrikalar tugatilgan va forum yana ish boshlagan edi.

Ammo, 2011 yilning 8 dekabrida forum ma‘muri Nasim Mansurov forum a‘zolariga nisbatan tazyiqlar bois, oxir-oqibat, uni yopishga qaror qilgani va uni sotmasligi, shuningdek, hech bir ko‘rinishda davom ettirmasligi haqida bayonot chop etdi.

"Ha, o‘sha kun keldi. Bizning ayrim a‘zolarimizga aloqador so‘nggi voqealardan so‘ng forum qaysidir ma‘noda o‘ldi. Shuning uchun men uni yopishga qaror qildim. Menda uni yurgizish uchun kuch ham, mablag‘ ham yo‘q. Bizning hozirgi va avvalgi forumchilarimizning himoyasini ko‘zlab, bu domenni hech kimga sotmayman", deb yozgan edi forum ma‘muri Nasim Mansurov.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston "hukumat kuchlari" tomonidan bo‘lgan bosimlar shaxsan unga va u bilan birgalikda ishlagan hamda o‘zini Delf, deb nomlagan hamkasbimga nisbatan ham o‘tkazilgan.

Shuningdek, Mansurov Arbuz.com internet forumi atrofida yig‘ilgan jamoani yo‘qotmaslik uchun boshqa bir loyihani yo‘lga qo‘yish fikri ham endilikda amalga oshmasligini aytgan edi.

"Ko‘rinishidan bu ham hech qachon amalga oshmaydi. Chunki, na Delf va na menda yangi loyiha ustida ishlash uchun vaqt va mablag‘ bor", deya xulosa qilgan edi o‘z bayonotiga Nasim Mansurov.

Arbuz.com internet forumi 13 yildan ortiqroq faoliyat yuritdi. Unda 1 milliondan ortiq sharh qoldirilgan va bu sharhlar 10 mingdan ortiq a‘zo tomonidan qoldirilgan edi.

Endilikda Arbuz.com internet forumi mazmunini ayrim siyosiy rubrikalarni chetlab o‘tib ko‘chirgan Choyxona.com forumi o‘tgan yilning dekabr oyida ish boshlagani aytilmoqda.

Darvoqe, Choyxona.com forumida "Din va madaniyat" nomli rubrika ish boshlagan va unda hozircha Islom, Jamiyat, Hadis, Islom tarixi va diniy adabiyotlar kabi bo‘limlar bor.

So‘nggi kuzatuvlarga ko‘ra, ushbu formuda 100 ga yaqin ishtirokchi qayddan o‘tgan va forumchilar safi kengayib bormoqda.

Hozir Choyxona.comning, muqaddam esa Arbuz.com internet forumining faol ishtirokchisi bo‘lgan hamda Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan so‘zlagan forumchi bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG