Линклар

Toshkentda kirakashlarga qarshi reyd boshlandi


Toshkentda mashinasini qaymoq rangiga bo‘yamasdan va tomida TAXI yozuvli fonarsiz kirakashlik qilayotganlarga ov ochilgani aytilmoqda.

Toshkentda mashinasini qaymoq rangiga bo‘yamasdan va tomida TAXI yozuvli fonarsiz kirakashlik qilayotganlarga ov ochilgani aytilmoqda.

Yil boshida kuchga kirgan taksilar faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi hukumat qarorini bajarishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

Toshkentlik Sarvar aka Tiko mashinasida 10 yildan buyon kirakashlik bilan shug‘ullanib keladi. U kishi 1 yanvardan kuchga kirgan taksilar faoliyatini tartibga solishni ko‘zda tutadigan hukumat qarorida belgilangan talablarni hali bajarmaganini aytadi.

Biroq kirakashlikni davom ettirayotgan Sarvar aka shanbadan boshlab reydlar boshlanganidan xavotir bildiradi.

- Tekshir-tekshir bo‘layapti. Tekshirayapti, televizorda gapirayapti. Litsenziya olish kerak deyapti, zastavlyat qilayapti olinglar deb. Yurishga qo‘ymayapti. Litsenziya olish kerak. Hozir olmasang, reydga tushib qolsang shtrafi katta. Minimal oylikning 20 barobaridan 100 barobarigacha. 20 barobar bo‘lsa deyarli 1 million 200 ming bo‘lib ketadi. Ikki marta tushib qolsa, mashinani olib qo‘yadi. Endi litsenziya olish harakatidaman. Kuniga 10-15 ming so‘m to‘lash kerakda borib litsenziya olgan joyga. Faqat mashinani bo‘yashi ëmon bo‘layaptida, deydi Sarvar aka.

O‘zbekiston Davlat avtomobil nazorati Respublika bo‘limining navbatchi xodimiga ko‘ra, 7 yanvardan boshlab “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning amaldagi ijrosini tekshirish maqsadida maxsus reydlar boshlangan.

Litsenziyasiz va mashinasini qaymoq rangga bo‘yamagan holda taksichilik qilgan shaxslarga qarshi o‘tkazilayotgan reydga soliq qo‘mitasi xodimlari ma‘sul etib tayinlangani aytilmoqda.

Toshkentda o‘tkazilayotgan reydlarga oid vaziyatni o‘rgangan jurnalist Sergey Yejkovga ko‘ra, bu tadbirlar maxsus stsenariy asosida amalga oshirilmoqda.

- Bu ishga talabalarni jalb qilishgan. Ularga pul berib, yo‘lovchi sifatida jo‘natishadi. Talaba taksi ushlab, masalan, Beshog‘ochgacha boradi. U yoqda taksini militsiya xodimlari kutib turadi. Taksichi talabadan pul olgach, uni ushlashadi. Bu g‘arb qonunchiligida jinoyatga qo‘l urishga majburlash sifatida man qilinadi. Bizda esa bu kabi qoida yo‘q, deydi jurnalist Yejkov.

Toshkentning Sirg‘ali tumanidagi soliq qo‘mitasi bo‘limi xodimining, o‘z ismini oshkor qilmagan holda aytishicha, uch kun davomida bir kirakash litsenziyasiz taksichilik qilgan payti ushlanib, jarimaga tortilgan.

CA News agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab kuchga kirgan qarorga binoan, litsenziyasiz taksi haydovchilari eng kam ish haqining 20 dan 100 barobari (480-2400 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortiladi.

Agar bu holat ikkinchi bor takrorlansa, kirakashning avtomobili musodara qilinadi.

Ayni qarorga asosan taksilar butun O‘zbekiston bo‘ylab sariq rangga, Toshkentda esa qaymoq rangiga bo‘yalishi lozim. Ularning tomiga zarg‘aldoq rangda TAXI yozuvi tushirilgan fonar o‘rnatilishi, oldingi eshikda esa shashka va T harfi aks etishi lozim.

Bundan tashqari, taksining bo‘shligini anglatuvchi yashil chiroq, hisoblagich, radio aloqa, nazorat-kassa mashinasi hamda plastik karta to‘lov terminali o‘rnatilishi lozim.

Gazeta.uz ma‘lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida aholiga taksi xizmati ko‘rsatuvchi 100 dan ziyod shirkat va ular ixtiyorida 1200 tadan ortiq avtomashina mavjud.

Ayni paytda O‘zbekiston poytaxtida 35 ming nafargacha nolegal taksichi-kirakashlar borligi taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG