Линклар

Yangiyo‘l tumanidagi paxta maydonlarida endi sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi. Bu tadbir mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta‘minlashga qaratilgani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, bunga doir qaror O‘zbekiston Vazirlar mahkamasida tayyorlanmoqda.

Yangiyo‘l tumanining paxtachilikdan sabzavotchilikka ixtisoslashtirilayotgani to‘g‘risidagi hukumat qarori tayyorlanayotganligi haqidagi xabarni Yangiyo‘l tumani hokimi o‘rinbosari Rustam Qosimov ham tasdiqladi:

- To‘g‘ri, shunday gap bor. Lekin bu haqda hali hukumatning qarori chiqqanicha yo‘q. Yaqin kunlarda bu masala o‘z yechimini topsa kerak, - deydi hokim o‘rinbosari.

Rustam Qosimov Yangiyo‘l tumani yerlarining paxtachilikdan sabzavotchilikka ixtisoslashtirilishi sababini bunday izohladi:

- Hozir butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi birinchi o‘ringa chiqib qoldi. Bilasiz, dunyoda ham, O‘zbekistonda ham aholi soni kun sayin o‘sib boryapti, oziq-ovqatga bo‘lgan talab oshyapti, bozordagi narx-navolar buning isbotini ko‘rsatyapti. Yurtboshimiz ham shu masalani qo‘ygan. Shuning uchun ham, birinchi navbatda ichki bozorni, Toshkent bozorlari ta‘minotini yaxshilash va eksportga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida shu ish qilinyapti,- deydi Rustam Qosimov.

Hokim o‘rinbosariga ko‘ra, sabzavotchilikda mehnat resurslari paxtachilikka nisbatan ko‘proq talab qilinadi va shuning uchun ham hozir fermerlarning yer maydonlari ularning quvvatiga qarab kichiklashtiriladi.

Biroq, O‘zbekistonda rasman qaydga olinmagan Agrariylar va tadbirkorlar partiyasi raisi Marat Zohidovga ko‘ra, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani yerlarining paxtachilikdan sabzavotchilikka ixtisoslashtirilishi korruptsiya bilan bog‘liq "yangi o‘yinlarni" keltirib chiqarishi mumkin:

- Bu to‘ralar besh yildan buyon Toshkentga yaqin bo‘lgan paxta yerlarini sotdilar. Bu yerlarni puldor odamlar sotib oldi. Lekin bu maydonlar paxta yeri bo‘lgani uchun hisobda turardi. Keyin sotilgan paxta yerlari hisobini to‘g‘irlab qo‘yish uchun uzumzorlarni, bog‘larni kesib tashlab paxtazor qilishdi. Biz bu masalani prokuraturadan tortib prezidentgacha bir necha bor ko‘targanmiz,- deydi Marat Zohidov.

Marat Zohidovga ko‘ra, yangiyo‘llik dehqonlar, paxta yerlarini sabzavotchilikka ixtisoslashtirish va fermerlarni yer bilan ta‘minlash jarayoni adolatli bo‘lishiga ishonmaydi:

- Bu jarayon hali uzoq davom etadi. Chunki korruptsiya bilan kurashish juda qiyin,- deydi Marat Zohidov.

Yangiyo‘l tumani yerlari toza va suvga serob bo‘lganligi uchun ham respublikada hosildorligi baland bo‘lgan hududlardan biri sanaladi.

Toshkent shahrini qishin-yozin barra ko‘katlar, sabzavot bilan ta‘minlashda yangiyo‘llik dehqonlarning muhim ulushi bor.

Paxta yetishtirish davlat monopoliyasi bo‘lgan O‘zbekistonda rasman mustaqil bo‘lgan fermerlar o‘zlariga katta daromad keltiradigan boshqa ekinlarni eka olmaydi. Fermerlar har yili paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha hukumatga qarashli tashkilotlar bilan shartnoma imzolashga majbur.

Yangiyo‘llik dehqonlar endi har yili majburlab ektiriladigan paxta yakkahokimligidan qutuladigan ko‘rinadi.

Toshkent shahrining o‘z atrofidagi tumanlar hisobiga kengayib borayotgani hisobiga Yangiyo‘l tumanining poytaxtga chegaradosh hududlarida yerning narxi ko‘tarilib borayotgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG