Линклар

logo-print

Qachon turmush qurgan ma‘qulroq?


Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbekistonliklarning aksari o‘g‘il va qizlarning 20 yoshdan keyin turmush qurishi yaxshiroq, degan fikrda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbekistonliklarning aksari o‘g‘il va qizlarning 20 yoshdan keyin turmush qurishi yaxshiroq, degan fikrda.

2012 yil O‘zbekistonda “Mustahkam oila yili” deb e‘lon qilindi. Shu bois bu mavzu O‘zbekistonda dolzarb mavzuga aylandi. Xususan, O‘zbekiston ayollar qo‘mitasi huzuridagi “Oila” Respublika ilmiy-amaliy markazi “Oila kodeksi”ga tuzatish kiritish taklifi bilan chiqdi. Qizlarning turmush qurish yoshini amaldagi qonunda ko‘rsatilgan 17 dan 18 yoshga ko‘tarish tavsiya qilinmoqda. Shu munosabat bilan HAFTA SAVOLI ruknining bugungi sonida respondentlarga “Necha yoshda turmush qurgansiz va qizlarni erta yoshda turmushga berishga munosabatingiz qanday?” degan savolni qo‘ydik.

Akmal – tadbirkor, Toshkent viloyati


Men 21 yoshda uylanganman. Ba‘zilar 25-26 uylanadi. Vaqtga qarabda. Endi mening aqlim vaqtli kirgan. Bir xillarniki 25 da ham aqli kirmagan bo‘ladi. Men uylangan paytda xotinim ham 21 yoshda bo‘lgan. Mendan ikki oylik katta xotinim. Turmushim, Xudoga shukr, umuman zo‘r. Mana qancha o‘rtoqlarim bor, men hayotimdan nolimayman hech qachon. Chunki o‘rtoqlarimning nechtasi ajrashib ketayapti. Ko‘z tegmasin (mening hayotim) hamma taraflama zo‘r.

Endi yosh qizga uylanish erkaklar uchun yutuq bu. Qiz qancha yosh bo‘lsa, o‘ziga o‘rgatib oladi, tushuntirib yo‘lga soladi. Yoshi qancha katta bo‘lsa, qizlar qarashi shuncha o‘zgarib, “mneniyesi” buzilishni boshlaydi. Men o‘ylaymanki, 18 yosh ham hali “normalьniy”. 17 yosh kichkina. 17 yosh ona bo‘lishga ham vaqtli.

Mashhura – Toshkentlik uy bekasi


Yaqinda 52 ga kiraman. 21 yoshimda turmush qurganman. Xo‘jayinim o‘sha paytda 25 yoshda edilar. Oliy ma‘lumotli, bir yil ishlagan edilar. Hayotda juda ham yaxshi yashadik, qiynalmadik. Hamma narsani yaxshi tushunib, yaxshi o‘tdi hamma hayotimiz.

Yosh qizlarni turmushga berish masalasida, 15-16-17 yoshdagi qizlar hali bolaku. Nimani biladi ular hayotda. O‘ynab-kulib yurgan payti bo‘lsa, yosh bo‘lsa. Organizmlari to‘lishmagan hali, meditsina tomondan olganda ham. Ularni “egib olish” oson bo‘lsa ham ularning organizmichi? Boshqa uyga borgandan keyin qaynona-qaynotasiga qaraydimi, ishini qiladimi, o‘qishiga boradimi, qiyinku baribir. yosh boladay narsa bo‘lsa. Hali hech narsani tushunmasdan oila qurgan bilan, institutlarda o‘qib, oq-qorani tanib turmush qurganlarning farqi bo‘ladiku. Hayot to‘g‘risida, oila to‘g‘risida ozgina bo‘lsa ham tushunchasi bo‘ladi.


Azimjon – jizzaxlik elektromontyor


yoshim 42 da. 23 yoshimda uylanganman. Ayolim mendan bir yosh kichkina edi. Ota-onam o‘tib ketgan. Men tatarkaga uylangan edim. U qiz ketvordi. Oradan ancha o‘tgandan keyin men o‘zimdan kichkina o‘zbek qizga uylandim. Unda 32 yoshlarda edim. Bu o‘zbek qizi mendan taxminan 11 yosh kichkina edi. Hozir uch farzandimiz bor. Hayotimiz yaxshi.
Qizlarning erta turmushga berilishi noto‘g‘riyov. Yosh qizlar turmush qursa, ko‘p narsani tushunmaydi. Sal yoshi kattaroq bo‘lsa tushunadi deb o‘ylayman. Hech narsani bilmasa, nima keragi bor uni erga berishni. Farzand ko‘rishda ham qiynaladi.


Gulhayo – Samarqandlik uy bekasi


- Men 1984 yilda tug‘ilganman. 1999 yilda turmushga chiqqanman.

Ozodlik: 15 yoshda turmushga chiqqanmisiz?

- Ha.

Ozodlik: O‘sha paytda turmush o‘rtog‘ingiz necha yoshda edi?

- U 1979 yilda tug‘ilgan. Mendan besh yosh katta. Menga uylanganida 20 yoshda edi. Uni qattiq sevib turmushga chiqqanman.

Ozodlik: Turmushingizdan xursandmisiz?

- Yo‘q.

Ozodlik: Nega?

- Keyin erim meni tashlab Rossiyaga ishlashga ketdi va o‘sha yerda bittasiga uylanibdi. Hozir ikki bolam bilan qolganman. Agar mendan so‘rashsa, turmush qurmoqchi bo‘lgan qizlarga, shoshilmay, 26 – 27 yoshlarga kirib turmushga chiqinglar degan bo‘lar edim.


Madina opa, toshkentlik tadbirkor


Men o‘zim 19 yoshda turmush qurganman. Hayotim yaxshi. Farzandlarim bor. 17 yoshga to‘lmagan qizni turmushga uzatishga men qarshiman. Sababi qizlar hali tayyor bo‘lmaydi. Ba‘zan qizlar hali 20 yoshda ham tayyor bo‘lmaydi. 17 yashar qizingiz hali go‘dak bo‘ladi. To‘g‘ri 17 yoshda maktabni bitkazish mumkin, institutga kirish mumkin, bu degani hayotga tayyor degani emas. Qonunda 17dan oldin erga bermasin degan bo‘lsa, yana kimdir 15 yoshda erga berishni xohlaydigandir. Erta beraman degan odam qonundan qat‘iy nazar beraveradi. Axmoqqa o‘xshab nikohdan o‘tmasdan yashashaveradi. Ertaga ajrashib ketib nikoh yo‘qligidan muammolar ham kelib chiqaveradi.

17 yosh qilib qo‘yayaptimi qonun qilib nikohni, 18 yosh qilib qo‘yayaptimi bundan qat‘iy nazar odamlar bilganini qiladi. O‘zbekda bu. O‘zingiz bilgan o‘zbek. Har kim ko‘ngliga ma‘qul deganini qilaveradi. Qonunda 17 yoki 18 yoshdan turmush qurish belgilangan bilan nimadir globalniy o‘zgarib qoladi deb o‘ylamayman. Qonunga qaramasdan har kim o‘zining bilganini qilaveradi. Qaysi bir qonun bizda zo‘r ishlabdiki, bunisi ishlasin.

Mahbuba - toshkentlik farmatsevt


Men 22 da turmushga chiqqanman. Uch farzandim bor. Qizlarni turmushga chiqish yoshini 17 dan 18 gacha ko‘tarish degan taklif to‘g‘ri. Hozir yosh ko‘p narsani hal qiladigan bo‘lib qoldida. Hozirgi yoshlarni ko‘rsang, jismoniy tomondan yetuk emas. Ayniqsa, qizlar. Bolalar ham nisbatan slabiyroq. Hozir bolalarning ko‘pida jismoniy mehnatga layoqat yo‘q. Jismoniy mehnat bilan ko‘p bolalar ham, qizlar ham shug‘ullanmayapti. 17 yoshli qizlar xuddi yosh boladay. Gavdalariga qarasang ham hammasi ozg‘in, yetilmagan ular hali. Fikri ham shu darajada deb o‘ylayman. Qizlarni turmushga berishning 17 yoshdan 18 yoshga ko‘tarilishi, harna, bir yil. Misol uchun, 17 yoshida kollejini bitirib bo‘ladi. Misol uchun, biror ishga joylashsa, bu hayotning katta oqimiga qo‘shildi degan narsa. Bir yil ishxonaga kirib ishlashi mumkin. Kollektivga qo‘shiladi, uriladi, turtiladi. Sal bo‘lsa ham toblanadi hayot oqimiga qo‘shilib deb o‘ylayman.

Azamat – andijonlik talaba


22 yoshdaman. Xudo xohlasa, o‘qishlarni tugatib ikki-uch yillarda uylanamanda. Necha yashar qizga uylanishim haqida o‘ylab ko‘rganim yo‘q hali. Iloji boricha o‘qigan qizni olgan bo‘lardim. O‘qigan bo‘lsa, 23-24 yasharlik qiz to‘g‘ri keladida. O‘qigan qiz bo‘lsa, bir-birini tushungan bo‘ladi. Hali bu masala bo‘yicha to‘liq o‘ylanib ko‘rganim yo‘q. Oldin maqsadim o‘qishni tugatish.

Fyodor – Oxangaronlik ishchi


- Men 31 yoshdaman. 27 yoshimda uylanganman. O‘shanda rafiqam 26 yoshda edi. Biz bir-birimizni sevib turmush qurganmiz. Men qizlarning 17-18 yoshda turmushga berishlariga qarshiman. Chunki bu yosh turmush qurish uchun juda erta. Yigitlar 25-26 yoshda, qizlar 20 yoshdan keyin turmush qilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dunyoqarashi shakllangan yoshlar turmush qursa, oila mustahkam bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG