Линклар

Imom diniy-siyosiy motivlardagi jinoyatda gumon qilinayotgani aytilmoqda.

Namangan viloyati Kosonsoy tumani jome masjidida 8 yildan beri imomlik qilib kelayotgan taniqli imom Sharifjon Boltaboyev bundan taxminan bir oy avval hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan Namangandagi manbaning aytishicha, qo‘yilgan ayblovlar haqida hozircha aniq ma‘lumotlar yo‘q. Lekin hibsga olinganlarga diniy abylovlar qo‘yilayotgani taxmin qilinmoqda

- Bizning eshitishimizcha, Tojikistondan bir katta qori domla mehmonga kelgan ekan va bizdagi ilmli kishilar Sharifjon domla yetakchiligida u kishini kutib olib, mehmon qilib, kuzatgan ekan. U mehmon ketgan kuni kechasi bularning hammasi hibsga olingan,- deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan namanganlik.

Uning aytishicha, kosonsoyliklar 60 yoshlardagi shahar imomi va u bilan birga hibsga olingan qariyb 40 kishining diniy-siyosiy motivlardagi jinoyatlarda gumon qilinayotganini taxmin qilmoqdalar.

Bu xabarni tasdiqlagan va ismi sir qolishini so‘ragan kosonsoylik yana bir tinglovchiga ko‘ra, hibsga olinganlarning qanchadir qismi qo‘yib yuborilgan.

- Ba‘zilar 40 kishi, ba‘zilar 60 kishi hibsga olingan, deb aytyapti. Yana bulardan qanchasidir ozod qilinganini ham aytishdi. Bular nimaga hibsga olingan, nimaga qo‘yib yuborilgan bizga aniqmas. Lekin, fikrimcha, shu din bilan bog‘liq hammasi,- deydi bu tinglovchi.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumani aholisi asosan tojik millatiga mansub va bu shahardagi dindorlarning ko‘pchiligi qo‘shni Tojikistondagi madrasalarda tahsil olgan.

Kosonsoylik yana bir tinglovchimizning taxminicha, ilgari bu tumandagi din peshvolarini shia mazhabiga moyillik yoki mansublikda ayblash hollari ham kuzatilgan.

- Shuning uchun, bularga Tojikiston orqali shialardan moliyaviy ko‘mak olishga oid ayblov qo‘yilayotgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilayapmiz, - deydi bu tinglovchi.

Ozodlikka kelib tushgan va mustaqil manbalar orqali tasdiqlangan ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida hibsga olingan kosonsoylik dindorlar orasida tumanda tanilgan ikki tadbirkor ham bor.

Hibsga olinganlar o‘z yaqinlari ko‘rsatilmayotgani va shuningdek, ozod etilganlar ham bu voqea haqida odamlar bilan ochiq suhbatlashmayotgani aytilmoqda.

Hozircha Namangan viloyati Kosonsoy tumani huquq-tartibot idoralaridan bu borada biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, Ozodlik bu xabar tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda va kelgusida qo‘shimcha tafsilotlardan sizni xabardor qilib boradi.
XS
SM
MD
LG