Линклар

logo-print
Yangi yil arafasida Toshkentning xalq orasida “Ippodrom” nomini olgan Chilonzor buyum bozorida savdo qiladigan tadbirkorlarga yangi "soliq" solindi.

“Ippodrom”dagi savdogarlar militsiyaga har oyda qo‘shimcha to‘lov to‘lashlari lozimligidan ogohlantirildi.

Bundan buyon bozorda savdo qiladigan har bir savdogar yoki do‘kondor “Qo‘riqchi” deb ataluvchi birlashma bilan shartnoma imzolashi va o‘sha shartnomada keltirilgan bank hisob raqamiga har oy 60 ming so‘m (21 AQSh dollari) o‘tkazib turishi kerak bo‘ladi.

Buning evaziga “Qo‘riqchi” birlashmasi go‘yo "o‘z mijozi" bo‘lgan savdogar mol-buyumlari o‘g‘irlanmasligi kafolatini zimmasiga oladi, deydi Mo‘min ismli savdogar.

- Pogonli odamlar bozorda shu shartnoma nushasini tarqatishyapti. Buni imzolaganlar qandaydir “Qo‘riqchi” deb ataluvchi birlashma mijoziga aylanar va har oy oy 60 ming so‘m to‘lab turishi kerak emish,- deydi Ippodromda savdogarlik qiladigan 35 yoshli Mo‘min.

Shaxsi sir qolishini istagan yana bir 40 yoshli tadbirkor ayol bunday "shartnomalarga" ko‘nikib qolgani va ortiqcha e‘tiroz qilib o‘tirishni foydasi yo‘qligini aytadi.

- Menga ham olib kelishdi shunaqa shartnomani, imzolavordim. Nima qilaman, ular bilan adi-badi aytib o‘tirish befoyda, o‘zi oyiga arzimagan pul ekan, qo‘l qo‘yib berivordim,- deydi Chilonzor buyum bozorida to‘rtta savdo shahobchasiga ega toshkentlik savdogar.

Lekin, aksar tadbirkorlarni taajjublantirayotgan narsa, majburan o‘tkazilayotgan "shartnoma" shartlarining noaniqligidir.

Tadbirokrlarga tarqatilgan shartnoma nushalarida hech qanaqa odamning imzosi ham yo‘q, hech qanaqa muhr ham bosilmagan va bank hisoblar ham shubhali. Savdogarlar to‘lagan pullari qayerga ketishini ham bilishmaydi.

- Savdogarlarni talashning yangi usulini o‘ylab topishgan shekilli,- deya xulosa qiladi toshkentlik savdogar Mo‘min.

Otchopardagi Chilonzor buyum bozorining o‘z ismini aytamagan mas‘ullaridan biri “Qo‘riqchi” nomi ostidagi shirkat Chilonzor tuman ichki ishlar bo‘limiga qarashli ekani, bu tadbir bozorda o‘g‘rilik ko‘payib ketgani bois amalga oshirlayotganini aytdi.

- Har bir do‘kon bilan shartnoma tuzilayotganini sababi, bir narsa yo‘qolsa, biron o‘g‘rilik bo‘lsa o‘shani bular bo‘yniga oladi-da. GUVDdan chiqqan qaror bor. Shu qaror har bitta savdogar bilan shartnoma asosida ishlagin deyapti-da,- deydi bozori ma‘muriyati vakili.

Lekin, tadbirkorlarga bu majburlab tiqishtirilayotganini bozor rasmiysi rad etdi.

- Endi buni qilmasak bozorda o‘g‘rilik ko‘payib ketyapti-da. Iloji bo‘lsa tuzish kerak, savdogar shartnoma tuzsa uyida bemalol o‘xlayda-da,- deydi Chilonzor buyum bozori mas‘uli.

Savdogarlarning o‘zlari esa "shartnoma"ni qabul qilmaslik oqibatlaridan ogohlantirildi.

- Nimadir qilishadi-da endi, yo jarimga tortishadi yoki bo‘lmasa soliqchilarni bizga qarshi qayrashadi, ohiri majbur qilishadi. Axir buni ortida militsiya turibdiku,- deydi Mo‘min.

Huquqbon va iqtisodiy masalalarda tahlilchi Jahongir Shosalimovning aytishicha, Ichki ishlar vazirligi qaramog‘idagi Ippodrom buyum bozori bugun hukumatning "o‘lpon" yig‘ish joyiga aylangan.

- Ippodrom tushumlari asosan Ichki ishlar vazirligi kassasiga tushadi. Bozorda mingdan ziyod shoxobcha bor, hech kim g‘iring deya olmaydi. G‘iring degani ketadi. Tushumlar haqida Ichki ishlar vazirligi hisobot berganini men eslay olmayman. Juda ham qorong‘u joy-da, korruptsiya juda avj olgan joy, - deydi Shosalimov.

Shu paytgacha savdogarlar o‘z mol-buyumlari xavfsizligiga o‘zlari mas‘ul edi.

- Endi esa ular qandaydir shartnomalarni o‘ylab topib, o‘zlarimiz qo‘riqlaydigan mol-buyumlarimiz xavfsizligi uchun pul to‘lashga majburlashyapti, nima ham qilaolradik, shartnomani imzolashdan boshqa choramiz yo‘q,- deydi toshkentlik savdogar Mo‘min.
XS
SM
MD
LG