Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:04

Sog‘lig‘ingiz qanday¸ janob muhojir?!


Ishlayotgan yurtidan qat‘iy nazar¸ aksar o‘zbek muhojirlari orasida bugunga kelib o‘ziga xos kasalliklar ro‘yxati shakllanib ulgurgan.

Zaharli tutunga qorilgan farovonlik

Samarqandlik Baxtiyor aka qariyb 10 yildan beri Janubiy Koreyadagi plastik qutilar ishlab chiqaruvchi zavodda ishaydi. Bu yerga kelib birinchi orttirganim umurtqa pog‘onasidagi churra (pozvonochnaya grыja) bo‘ldi¸ deydi 40 yashar muhojir.

Sababi esa:

- Ham og‘ir ko‘tarasiz¸ ham kun uzun oyoqda turasiz. Ikkinchisi¸ oshqozon kasali. Bu asosan ishxonaning hididan. Keyin koreyslarning ovqati bizga to‘g‘ri kelmaganidan¸ bularniki juda achchiq. Agar zavodga kirib¸ yoningizga oq bir narsani qo‘yib ishdan chiqish vaqtingizda olsangiz¸ ustiga qora qoplanadi zaharli tutunlardan. Bu ichga ketganidan keyin¸ oshqozon nima bo‘ladi. Ko‘zga zarari bor¸ men ham ko‘zimni operatsiya qildirdim¸ deydi Koreyaga kelganidan beri faqat ana shu toksik tutunga to‘la zavodda ishlayotgan Baxtiyor aka.

Hozirga qadar na O‘zbekiston va na Koreya hukumatlari Koreyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soniga oid aniq raqamlarni e‘lon qilgan emas. Norasmiy manbalarga ko‘ra¸ bu raqam hozirga kelib bir necha yuz mingni tashkil qilishi mumkin. O‘zbekistonlik muhojirlarning aksari koreyaliklarning o‘zi sog‘lig‘i uzun zararli bo‘lgani bois ishlashni istamagan kimyo sanoatida¸ deyarli bir xil og‘ir sharoitda ishlayotgani bois¸ ular orasidagi dardlar ham uyqashdir¸ deydi Baxtiyor aka.

- Men bilganim erkaklar orasida eng ko‘p pozvonochnaya grыja¸ ayollar o‘rtasida har xil ginekologik dardlar. Erkaklar ko‘p og‘ir ko‘tarishdan¸ ayollar nam va sovuq betonda uzoq turib qolishdan shunaqa dard orttirayapti. Men bilganim shu¸ deydi 10 yildan beri Koreyada platik mahsulotlar chiqaruvchi zavoddan boshqasini ko‘rmay yashab kelayotgan Baxtiyor aka.

Rossiyada Birinchi!

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining eng katta qismi Rossiyada va hozirda mamlakatda 5 millionga yaqin o‘zbekistonlik muhojir borligi taxmin qilinadi.

Qozondagi "Noviy vek" tibbiyot-xayriya jamiyati mehnat muhojirlarini rasmiy ruxsatnoma uchun shart qilib qo‘yilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib keladi. Jamiyat rahbari¸ meditsina fanlari doktori Liliya Taishevaning o‘z kuzatishlaridan kelib chiqib Ozodlikka aytishicha¸ 2008 yildan beri o‘zbekistonliklar Rossiyadagi mehnat muhojirlari ro‘yxatida son jihatdan birinchi o‘rinda turgani bois¸ turli kasalliklar ro‘yxatida ham birinchilikni egallab kelmoqda.

Bu kasalliklar orasida eng ko‘p tarqalgani esa:

- O‘zbek muhojirlari orasida¸ qolgan MDH muhojirlari kabi¸ eng ko‘p tarqalgan kasallik bu jinsiy yo‘l orqali tarqaladigan sifilis¸ gonorea¸ triximoniaz va xlamidioz kabi tanosil kasalliklaridir. Ikkinchi o‘rinda¸ sil kasali va uchinchi o‘rinda VICh – OITV (Orttirilgan immun taqchilligi virusi) infektsiyalaridir¸ deydi yillar davomida Rossiyadagi muhojirlar salomatligi bilan bog‘liq vaziyatni bevosita kuzatib kelayotgan rossiyalik mutaxassis.

“Rossiya qonunchiligiga ko‘ra¸ mehnat muhojiri ishlash haqqini olish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va bu muammolar ana shu biz o‘tkazadigan ko‘riklar davomida aniqlanmoqda. Uchala kasallik ham ijtimoiy jihatdan xavfli sanalgani bois¸ birinchi va ikkinchi guruhga oid kasallar darhol davolanadi¸ uchinchi guruh – OITVga yo‘liqqanlar darhol Rossiya hududidan deportatsiya qilinadi”¸ deydi mehnat muhojirlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va muolaja qilish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot rahbari.

O‘z sog‘lig‘iga o‘zi befarqlar

Rossiyalik mutaxassisga ko‘ra¸ o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining aksari bu kasalliklarni o‘z vatanida orttirgan bo‘lsa-da¸ bundan faqat Rossiyadagi tibbiy ko‘rik paytidagi xabar topadi. Biz o‘zimiz o‘tkazgan so‘rov natijasida¸ o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining 41 foizi OITV ning qanday yuqishidan bexabar ekanini aniqladik. Bu esa¸ o‘zbekistonliklar orasida tibbiy ma‘rifat¸ ayniqsa jinsiy a‘zolar salomatligiga oid ma‘rifatning o‘ta nochor ekanini ko‘rsatadi¸ deydi rossiyalik mutaxassis.

Rossiyaning shimoliy Vladivostok mintaqasida yillardan beri o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini qonunan ishga joylashtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan shirkat egasi Feruza Liliya Taisheva fikrlarini tasdiqlaydi.

"O‘zbekistonliklarning ko‘pi Rossiyaga kelgunicha jiddiy dard orttirgan bo‘ladi¸ bu yerda og‘ir sharoitlarda ishlab-yashash¸ pala-partish jinsiy aloqalar¸ bu muammolarni kuchaytirmay qolmaydi¸ deydi bu kuzatuvchi.

- Bu yerga kelib ichkilikka berilganlar ko‘p¸ juda ko‘p. Xotini uyida qolib¸ boshqalarga ilakishib yurganlar juda ko‘p. Ilashvolib turib¸ bilib-bilmay turib aloqa qilib yurganidan keyin bo‘ladi shunaqa kasalliklar.

Do‘xtirga olib borsangiz¸ qochib yurishadi adresini o‘zgartirib. Nimaga qochding¸ desangiz¸ “Yo‘q opa¸ bo‘lmaydi¸ qo‘ni-qo‘shnim¸ qarindosh-urug‘im bor bu yerda¸ men nima degan odam bo‘laman”¸ deydi. Sen indamasan borib¸ anonim shaklda analiz topshirib¸ davolan¸ desangiz¸ unamaydi. Buning kasofatiga¸ erini yilida bir marta ko‘radimi¸ yo‘qmi¸ bechora xotin qoladi¸ deydi yillardan beri o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini ishga joylashtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan Feruzaxon.

Muhojirning birlamchi xos kasali - buyrak xastaligi

Xorazmlik urolog olim¸ professor Suhbat Abdulla bugun o‘zbek muhojirlarining 8 millionga yaqin ekani taxmin qilinadigan ulkan armiyasi ichida¸ qaysi davlatda ishlayotganidan qat‘iy nazar¸ eng ko‘p uchraydigan muammo aynan o‘z sohasiga oid ekanini aytadi:

- Muhojirlar orasida eng ko‘p tarqalgan muammo urologiya sohasida¸ turli xil buyrak xastaliklaridir. O‘zbekiston mo‘‘tadil iqlimli issiq va quruq o‘lka bo‘lgani uchun bu yerdan Rossiya va boshqa sovuq iqlimli yurtlarga ketib ishlayotganlarning¸ birinchi o‘rinda¸ aynan iqlim o‘zgarishidan buyragi zararlanmoqda. Shuning uchun muhojirlar orasida birinchi o‘rinda buyrak shamollashi eng ko‘p uchraydi. Muhojirlarning 95 foizi buyragidan dard topib kelayapti¸ deydi professor Suhbat Abdulla.

Yosh o‘zbek yigitining yangi dardi

O‘zbekistondan mehnat muhojiratiga ketayotganlarning 90-92 foizi erkaklar bo‘lgani uchun muhojirlikda orttirilayotgan dardning ikkinchisi sof erkaklarga xosdir¸ deb davom etadi Suhbat Abdulla.

- Erkaklar orasida eng ko‘p tarqalgani jinsiy ojizlik¸ impotentsiyadir. Bu muammo yildan-yilga yosharib borayapti. Bu dard muhojirat bilan bevosita bog‘liq narsa. Agar o‘zbek yigitlari xorijga chiqmaganida O‘zbekistonda Xitoydagi kabi demografik portlash yuz bergan bo‘lardi.

Xorijdagi og‘ir sharoitlardagi ham jismoniy¸ ham psixologik zo‘riqish buning asosiy sababidir. Tarixan bizda erektil impotentsiya juda kam uchragan. Hozir oddiy holga aylanib¸ hozir impotentsiyaning o‘rtacha yoshi 40 dan 24 ga tushib qoldi¸ der ekan Suhbat Abdulla bugun o‘z sog‘lig‘i¸ kuchi va vaqtini xorijdagi og‘ir ishlarda pul topishga sarflayotgan o‘zbek yigitlari erta bir kun o‘z jinsiy potentsiyasini tiklash uchun nihoyatda qimmat muolajaga majbur qolajagini qayd qiladi.

Marafon boshlangan¸ finish chizig‘idan darak yo‘q

O‘zbek muhojirlarining aksari pul topish uchun sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkizayotganini o‘zi ham biladi¸ ammo uzoq marafonga chiqqan odam kabi¸ ular bolam-chaqam¸ ularning ertasi deb¸ yiqilib qolgunicha chopishga¸ ishlashga¸ pul topishga mahkum¸ deydi Janubiy Koreyada 10 yildan beri vatanni¸ bolalarini ko‘rmay mehnat qilayotgan Baxtiyor aka.

- Davolanishga¸ do‘xtirga borishga sharoit qani? Do‘xtirga borsak ishni kim qiladi. Koreys ish beruvchisiga hadeb kasal bo‘laversangiz yoqmaydi¸ ikki marta do‘xtirga borsangiz¸ uchinchisida javobingizni berib yuboradi. Shunga og‘riqlarga chidab¸ indamay yuribmiz.

yoshim 40 bo‘lgani bilan¸ organizmni tekshirib ko‘rsangiz¸ 60 ga kirgan boboyniki bilan bir bo‘lsa kerak. Miyani tekshirmay qo‘yavering! Miyani uyga borgandan keyin kasalxonaga yotib tekshirtirishga to‘g‘ri keladi. Miyada nima bo‘lardi¸ shu sog‘inch gapida! Kechqurunlari uyqudan uyg‘onib ketasiz¸ farzandlaringizni sog‘inasiz. Tushlaringizga kiradi. Muhojiratdagi eng og‘ir dard bu sog‘inch! deydi 18 yashar qizi va 14 yashar o‘g‘lini so‘nggi bor 10 yil avval ko‘rib bag‘riga bosgan Baxtiyor aka.
XS
SM
MD
LG