Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:48

AQSh o‘z askarlari "ahloqsizligi"ni tergov qilmoqda


AQSh Dengiz piyodalari korpusi o‘zning to‘rt nafar askari tolib janggarilari jasadlariga siyayotgani tasvirlangan video yuzasidan tergov qilayotganini ma‘lum qildi.

AQSh Dengiz piyodalari korpusi e‘lon qilgan bayonotda aytilishicha, YouTube portalida paydo bo‘lgan videoning manbasi va haqiqiyligi aniqlanganicha yo‘q.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kyorbi Internetda paydo bo‘lgan video tashvishga sabab bo‘lganini ta‘kidladi. “Kim bo‘lishidan va qay holatda bunday qilganidan qat‘iy nazar – bu holatni tergov qilayotganimizni bilasiz – bu harakatlar o‘taketgan ahloqsizlik va harbiy kuchlar vakili uchun qabul nomaqbul hatti-harakatdir”, deya ta‘kidladi u.

Videoda avtomat ushlagan AQSh harbiy uniformasidagi to‘rt kishi tasvirlangan. Ular amerikacha aktsentda gapirib, kulgan holda uch nafar soqolli kishining jasadi ustiga siyayotgani ko‘rsatilgan.

Ulardan biri jasad ustiga siyar ekan “yuragiga”, deb kuladi. Yana biri esa istehzo bilan “yaxshi qol og‘ayni”, deydi.

YouTube va boshqa Internet saytlariga joylashtirilgan videoni kim olgani hozircha aniq emas. Lekin videokamerani ushlab turgan kishi ham boshqalar kabi amerikacha aktsentda gapirib, harbiy qo‘lqopda ekani ko‘rinib turadi.

Videoning e‘lon qilinishi Vashington Afg‘onistonda murosaga erishish harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgan va AQSh askarlarini mamalkatdan olib chiqishga urinayotgan nozik paytga to‘g‘ri keldi. Tolibon harakati joriy oy boshida Qatarda o‘z vakolatxonasini ochib, xalqaro hamjamiyat bilan tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga rozilik bergan edi. Toliblar shuningdek AQShning Guantanamo qamoqxonasida qolayotgan janggarilarini o‘z ixtiyoridagi asirlar bilan alamshishni ham talab qilgan edi.

Tolibon matbuot vakili Zabihulloh Mujohid bu videodagi holatni “yovvoyilik” deya atadi va AQSh yetakchiligidagi kuchlar 2001 yilda Tolibon hukumatini ag‘dargandan beri “bu kabi oshkor bo‘lmay qolgan yuzlab hodislar ro‘y bergan”, deya ta‘kidladi.

Lekin Reyters agentligi Mujohidning “bu video muzokaralarimiz va asir almashish rejalariga putur yetkazmaydi”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirdi. U shuningdek, tolib janggarilari o‘zining qurolli qarama-qarshilik harakatlarini davom ettiradi, deya qo‘shimcha qildi.

Video afg‘onistonliklar g‘azabiga sabab bo‘lmoqda. Qandahorlik Omonulloh bu hodisa tinchlik istiqbollariga putur yetkazishidan tashvishda ekanini aytadi.

- Biz Tolibon janggarilari jasadlariga siygan AQSh askarlari harakatlarini qoralaymiz. Bu tinchlik muzokaralariga zarar yetkazadi. Bundan Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishini istamydi, degan tasavvur tug‘iladi va bu harakat mamlakatdagi ayanchli vaziyatni yanada keskinlashtiradi.

Kobullik Feda Muhammad esa bu voqea Afg‘onistondagi askil-amerika kayfiyatini yanada kuchaytirishini aytadi.

- Musulmonlar jasadiga siygan AQSh askarlari jinoyat qildi. Ular bunday jinoyatga qo‘l urgan ekan, ularning mamlakatimizda qolishlarini istamaymiz. Xorij askarlarining mamlakatimizda bo‘lishini istamaymiz, deydi u.

Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay Internetda paydo bo‘lgan videoga munosabat bildirganicha yo‘q. Karzayning joriy hafta Kobulda AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mark Grossman bilan uchrashishi kutilmoqda.

Afg‘onistonda keyingi bir necha yil ichida aksil-amerika kayfiyatlarining zo‘ravonliklarga aylanishi kuzatilgan. Qur‘oni Karimning tahqirlanishi haqidagi xabarlar ortidan Afg‘onistonda odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan namoyishlar kelib chiqqan edi.
XS
SM
MD
LG