Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:22

Ruslan Chagayev yana ringga tushadi


Russia -- Ruslan Chagaev, heavyweight boxer from Uzbekistan, in a ring against Aleksandr Povetkin of Russia, 29Aug2011
Russia -- Ruslan Chagaev, heavyweight boxer from Uzbekistan, in a ring against Aleksandr Povetkin of Russia, 29Aug2011
O‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayevning navbatdagi jangida raqibi ma‘lum bo‘ldi. Eng og‘ir vazn toifasidagi sobiq Jahon chempioni Chagayev shu oy oxirida trinidad-va-tobagolik raqibi Kertson Mensuellga qarshi ringga tushadi.

33 yoshli Ruslan Chagayev va Kertson Mensuell o‘rtasidagi jang 28 yanvar kuni Germaniya shimoli-g‘arbidagi Hamburg shahrida bo‘ladi.

Ruslanning trinidad-va-tobagolik 35 yashar raqibi jami 25 jang o‘tkazgan, 22 tasida g‘alaba qozongan. 2009 yilda u boks bo‘yicha eng og‘ir vaznda Trinidad va Tobago chempioni bo‘lgan edi.

Bu Ruslan Chagayevning o‘tgan yil avgust oyida rossiyalik Aleksandr Povetkinga mag‘lub bo‘lganidan keyingi ilk jangi bo‘ladi.

Chagayevaga homiylik qiladigan Germaniyadagi Universum Box-Promotion shirkati vakili Valdemar Klyuh, o‘tgan oy Ozodlik muxbiri bilan suhbatda o‘zbek bokschisi yaqin fursatda yana ringga tushishi va jang yaqin kunlarda bo‘lishini aytgan edi.

- Biz Ruslanga yana bir imkon bermoqchimiz va uni jahon chempionligi uchun jangga tavsiya etamiz. O‘ylaymizki, Ruslan chempionlik kamarini qaytarib olish uchun hali ko‘p narsaga qodir,- degan edi Klyuh.

Ruslan Chagayev shu yilning 27 avgust kuni Germaniyaning Erfurt shahrida rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga faqat ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygandi.

O‘zbekistonlik bokschi bu jangidan qoniqmagani va ringda bor imkoniyatini ishga solishga muvaffaq bo‘lmaganini aytgandi.

U 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgandi.

Ruslan Chagayev bir necha yildan buyon Hamburgdagi Universum Box-Promotion klubida shug‘ullanib keladi.

Har ikki qo‘li bilan kuchli zarba berish qobiliyatiga ega bo‘lgani uchun Ruslan Chagayev professional boks olamida "Oq Tayson" laqabini olgan.

Povetkin bilan jangda mag‘lubiyati ortidan Ozodlik radiosiga bergan intervyusida Ruslan Chagayev muxlislaridan kechirim so‘ragan va yana katta ringga tushishini va‘da qilgan edi.

- Bu men uchun oxirgi jang emas. Xudo xohlasa, yana jang bo‘ladi va chempionlik shohsupasiga yana qaytaman,- degan edi Ruslan Chagayev.

O‘zbekistonda esa hukumat nazoratidagi matbuotning Ruslan Chagayev haqida gapirmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan.

Chagayevning 2010 yili avstraliyalik Kali Mihan ustidan g‘alabasi ham, Povetkin bilan bo‘lgan janggi ham o‘zbek matbuotida tilga olinmadi.

Mahalliy aholi orasida "Chagayev O‘zbekistondan butunlay ketib qolgan va Germaniya fuqaroligini olgan" degan gap-so‘zlar tarqalgan.

Ruslan Chagayevning o‘zi esa O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechmaganini aytadi. U hali ham barcha janglarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ringga chiqadi.
XS
SM
MD
LG