Линклар

Qodirjon Botirovning sudi yana qoldirildi


Qodirjon Botirovga nisbatan Jalolobod shahar sudi umrbod qamoq jazosini belgilab, sirtdan hukm o‘qigan edi.

Qodirjon Botirovga nisbatan Jalolobod shahar sudi umrbod qamoq jazosini belgilab, sirtdan hukm o‘qigan edi.

O‘sh qirg‘ini tashkilotchisi sifatida ayblanayotgan Qodirjon Botirovning appelyatsiya arizasi yuzasidan mahkama jarayoni beshinchi marta qoldirildi.

Jalolobod viloyat sudida apellyatsiya tarzida Qodirdjon Botirov va sobiq deputat Inomjon Abdurasulovga nisbatan sirtdan o‘tkazilayotgan mahkamaning navbatdagi majlisi 11 yanvar kuni boshlandi. Bungacha mahkama to‘rt marta qoldirilgan edi. Ammo 11 yanvar kuni o‘tkazilgan sud jarayoni ham uzoqqa cho‘zilmadi. Bir necha guvoh va jabrlanuvchi sud tomonidan so‘roq qilingach, mahkama 20 yanvarga qoldirildi. Bunga sud jarayoniga asosiy guvohlarning kelmagani sabab qilib ko‘rsatildi.

Jalolobod viloyat sudi kollegiyasi raisi Amangeldi Mo‘ldo‘bayev guvohlar va jabrlanuvchilarni sudga majburiy tarzda olib kelish to‘g‘risida qaror chiqardi.

- Qonunchilikka rioya qilgan holda jabrlanuvchilar, guvohlar, oqlovchi va qoralovchi tomonning ko‘rsatmalari va dalillarini diqqat bilan o‘rganib, keyin hukm chiqarishimiz kerak. Shuning uchun barcha guvohlar va jabrlanuvchilar ko‘rsatma bermagunlaricha, sud jarayonini yakunlay olmaymiz, -dedi Amangeldi Mo‘ldo‘bayev.

Qodirjon Botirov va Inomjon Abdurasulov Jalolobod shahar sudi tomonidan o‘zlariga berilgan umrbod qamoq jazosi hukmiga norozilik sifatida yuqori sud instantsiyasiga advokatlari orqali appelyatsiya arizasini topshirgan edilar. Jalolobod viloyat sudi kollegiyasi raisi bergan ma‘lumotga ko‘ra, apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqish yuzasidan sud jarayoni 4 dekabrda boshlangan. Shu kungacha 60 jabrlanuvchining 13 nafari, 203 guvohning 57 nafari sudda ko‘rsatma bergan.

Qodirjon Botirov va Inomjon Abdurasulov ayni paytda qochqinlikda bo‘lganlari uchun ularga nisbatan sud jarayoni sirtdan o‘tkazilmoqda. Ular apellyatsiya arizalarini o‘z advokatlari orqali sudga topshirganlar.

Qirg‘iziston parlamentining O‘sh voqealari yuzasidan o‘tgan yilning iyul oyida chiqargan siyosiy qarorida Qodirjon Botirov rahbarligidagi bir qator o‘zbek liderlari 2010 yil iyun qirg‘inining asosiy aybdorlari va tashkilotchilari sifatida tilga olingan. Hali sud hukmi chiqarilmasidan avval parlament tomonidan bunday qarorning qabul qilinishini mahalliy huquq faollari sudlarga berilgan siyosiy buyurtma sifatida baholaydilar.

Qodirjon Botirovning advokati Rashid Muzaffarov esa o‘z himoyasidagi odamga bir yoqlama ayblovlar bildirilganini aytmoqda:

- Mazkur jinoyat ishida juda ko‘p shubhali joylar bor. Masalan, tergov o‘ta bir yoqlama va qoralash ruhida olib borilgan hamda bu bir yoqlamalik aytayin qilingani sezilib qolgan. Bundan tashqari Qodirjon Botirovning ommaviy chiqishlarida millatlararo nizo qo‘zg‘ash chaqirig‘i bo‘lgan yoki bo‘lmagani ekspertiza qilinmagan. Ayblov quruq iddaolar asosiga qurilgan, -dedi Rashid Muzaffarov.

Ayni paytda xorij davlatlaridan biridan siyosiy boshpana topgan Qodirjon Botirov Ozodlik radiosiga bergan suhbatlarida o‘ziga nisbatan ayblov sohtalashtirliganini va aybsizligini aytgan edi.
XS
SM
MD
LG