Линклар

logo-print
Turkmanistonda maktab o‘qituvchisining prezidentlikka nomzodlik arizasi saylov komissiyasi rasmiylari tarafidan rad etilgan.

Bu haqda Ozodlik radiosiga Ayna Abayevaning o‘zi ma‘lum qildi. Abayevaga ko‘ra, uning nomzodini Fuqarolik jamiyati harakati deb ataluvchi nohukumat tashkiloti qo‘llab-quvvatlagan.

Ayna Abayeva barcha lozim hujjatlarni to‘plab, nohukumat tashkilotlari vakillari bilan o‘tgan oy o‘rtalarida Ashxoboddagi Markaziy saylov komissiyasiga borganida komissiya rasmiylari unga quloq solishni ham istamaganlar.

Turkmaniston Saylov komissiyasining o‘z ismini aytishni istamagan rasmiylaridan biri Abayevaning nomzodini ilgari surgan nohukumat tashkiloti avval rasmiy ro‘yxatdan o‘tishi, ana undan keyin biron nomzodni ilgari surishga haqli ekanini "Ozodlik" radiosiga ma‘lum qildi.

40 yoshli Ayna Abayeva 12 fevralda bo‘ladigan prezidentlik sayloviga nomzodini ilgari surish ahdidan hali ham qaytmagan.

U Turkmaniston Bosh prokuraturasi va Oliy sudiga ham xat jo‘natdi, lekin javob olmadi.

Endi u xalqaro tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qilmoqchi. 12 fevralda o‘tadigan saylovlarda iqtidordagi prezident Qurbonguli Berdumuhammedov bilan sakkiz nomzod bellashadi.

Turkman televideniyesining xabariga ko‘ra, Toshovuz viloyati hokimi hamda o‘rta bo‘g‘indagi hokimiyat mulozimlari bo‘lgan yana ikki nomzod allaqachon saylovlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishgan.

Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov adolatli va erkin saylovlar o‘tkazishga va‘da bergan.

Mustaqil Turkmaniston tarixida hech qachon erkin va adolatli saylov bo‘lmagan.

Mamlakat sobiq prezident Niyozov - Turkmanboshi boshqaruvi ostida dunyodagi eng yopiq diktatorlik tuzumlaridan biri sifatida tanilgandi.

Aksariyat kuzatuvchilar, o‘tgan 5 yil mobaynida Turkmanboshi shaxsiga sig‘inish o‘rnini Berdimuhammedov shaxsiga sig‘inish egallab borayotganiga e‘tibor qaratishadi.
XS
SM
MD
LG