Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:16

Kosonsoyda hibsga olingan imomga jinoiy ish qo‘zg‘atildi


Kosonsoy shahridagi bir guruh dindorning bir oy muqaddam hibsga olingani haqida 11 yanvar kuni Ozodlikning o‘z manbalari xabar qilgan edi.
Kosonsoy shahridagi bir guruh dindorning bir oy muqaddam hibsga olingani haqida 11 yanvar kuni Ozodlikning o‘z manbalari xabar qilgan edi.
Namangan viloyati Kosonsoy shahri Jome masjidi imomi Sharifjon Boltaboyev va yana 5 dindor terrorizm, ekstermizmga oid jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Kosonsoy shahar Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, shahardagi Jome masjdida qariyb 8 yildan buyon imomlik qilib kelgan 60 yoshli Sharifjon Boltaboyevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

- Terrorizm, diniy ekstremizm bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozir u kishi va yana 5 nafar dindor ustidan tergov boryapti. Ular Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasida hozir,- dedi bo‘limning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ayni paytda ichki ishlar xodimi hibsga olinganlarga O‘zbekiston JKning aynan qaysi moddalari bilan jinoyat ishi ochilganini aniq aytmadi.

Terrorizm, diniy ektremizmga oid jinoyatlar esa O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 155-moddasi, 244 moddasining 1-, 2-bandlarida ko‘zda tutilgan.

Hozir O‘zbekistonda diniy-siyosiy motivlardagi jinoyatlarda gumon qilingan shaxslarga nisbatan ko‘proq shu ikki modda va bular asosida O‘zbekiston JKning 159-moddasi asosida jinoiy ishlar qo‘zg‘atilmoqda.

Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Kosonsoy shahrida istiqomat qiladigan 30 dan ortiq kishi diniy-siyosiy motivlardagi jinoyatlarda gumon qilinib, taxminan, 2011 yilning 28-31 dekabr kunlari oralig‘ida hibsga olingan.

- Hozir shahar boshqarmasida 5 yoki 6 kishi qoldi. Ularga jinoiy ish ochildi. Qolganlari qo‘yib yuborilgan,- dedi Kosonsoy shahar Ichki ishlar boshqarmasining xodimi.

11 yanvar kuni Namangan viloyatining Kosonsoy shahrida 40 ga yaqin dindor hibsga olingani va ular orasida Kosonsoy shahar Jome masjidining xalq orasida tanilgan imomi Sharifjon Boltaboyev ham borligini Ozodlik o‘z manbalariga tayanib, xabar qilgan edi.

Bu xabarda hibsga olinganlar orasida imomdan tashqari, Kosonsoy shahrida ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar borligi ham aytilgan edi.

Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, taniqli tadbirkorlarning hammasi qo‘yib yuborilgan va hibsda din peshvolari hamda ularga yaqin shaxslar qolgan.

Kosonsoy shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimi Sharifjon Boltaboyevdan tashqari hibsda qolayotgan 5 kishining shaxsiga oid ma‘lumotlarni oshkor qilmadi.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumani aholisi asosan tojik millatiga mansub va bu shahardagi dindorlarning ko‘pchiligi qo‘shni Tojikistondagi madrasalarda tahsil olgan.

Kosonsoylik bir tinglovchi taxminicha, ilgari bu tumandagi din peshvolarini shia mazhabiga moyillik yoki mansublikda ayblash hollari ham kuzatilgan.

- Shuning uchun, bularga Tojikiston orqali shialardan moliyaviy ko‘mak olishga oid ayblov qo‘yilayotgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilayapmiz,- degan edi 11 yanvar kuni Kosonsoyda bo‘layotgan voqealar haqida ma‘lumot bergan Ozodlik tinglovchisi.

Ozodlikka kelib tushgan va mustaqil manbalar orqali tasdiqlangan ma‘lumotlarga ko‘ra, hibsga olinganlar o‘z yaqinlari ko‘rsatilmayapti va shuningdek, ozod etilganlar ham bu voqea haqida odamlar bilan ochiq suhbatlashmayapti.

Ozodlik bu xabar tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda va kelgusida qo‘shimcha tafsilotlardan sizni xabardor qilib boradi.
XS
SM
MD
LG