Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:27

Rossiyada yangi mikro-blog xizmati ishga tushdi


Mail.ru internet-kompaniyasi o'zining mikro-blog xizmatini ishga tushirdi. Tahlilchilarga ko'ra, Futubra.Ru domen nomi bilan ishga tushiriladigan yangi xizmat taniqli mikro-blog tarmog'i Twitter bilan raqobatdchi bo'ladi.

Ayni damda Futubra.ru "beta", ya'ni sinov versiyasida ishga tushirilgan. Shunga qaramasdan unda ro'yxatdan o'tish barcha internet foydalanuvchilari uchun ochiq.

"Yosh to'lqin" tahririyati yangi mikro-blog xizmatini birinchilardan bo'lib o'rganib chiqdi va quyidagi xulosalarga keldi.

Futubra.ru dagi birinchi ko'zga tashlanadigan narsa bu har bir xabar/yozuvning 200 belgiga ega bo'lishi (Twitterda 140 belgi). Futubra.ru foydalanuvchisi o'z sahifasida matn, surat va videolar qo'yishi, iqtiboslar keltirishi, yoki rejalashtirilgan voqealar va hodisalar bilan o'rtoqlashishi mumkin.

Yangi mikro-blogning "fishka"si, ya'ni o'zgacha taraflaridan biri bu "Zerikib ketdim!" (Скучно!) tugmachasidir. Foydalanuvchi ushbu tugmachani bosib, nima sabablar tufayli zerikib qolganini tarmoqdadi do'stlariga aytishi mumkin.

Tahlilchilarga ko'ra, Futubra.Ru taniqli Twitter saytiga raqobatchi bo'ladi. (Suratda Twitter logosi)
Tahlilchilarga ko'ra, Futubra.Ru taniqli Twitter saytiga raqobatchi bo'ladi. (Suratda Twitter logosi)
Ushbu tugmacha bilan qo'llanishni boshlagan foydalanuvchilar Futubra xodimlariga "Men xursandman!" (Весело) tugmachasini ham qo'shishni tavsiya qilishmoqda.

Twitterdagi kabi, Futubra da ham har bir yozuv alohida sahifada ochilish imkoniyatiga ega. Foydalanuvchilar bir-birlarining yozuvlariga sharhlar qoldirishlari va yozuvga kelayotgan sharhlarga obuna bo'lishlari mumkin. Sharhlar esa asosiy yozuv ostida ko'rsatiladi (huddi Twitter dagi kabi).

Foydalanuvchilar qiziqarli yozuvlarga "Yoqdi" (Мне нравится) tugmachasi orqali ovoz berishlari, yoki ularni iqtibos sifatida o'z sahifalarida keltirishlari mumkin (Twitter da bu "RT" yoki "retweet" deyiladi).

Futubraning Twitterdan yana bir farqli tarafi shundaki, foydalanuvchilar "Facebook" va "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmoqlaridagi kabi guruhlar ochish va ularga qo'shilish imkoniyatiga egalar.

Tahlilchilarga ko'ra, yangi ishga tushirilgan Futubra.Ru xizmati mikro-bloglar orasida yetakchilik qilib kelayotgan Twitter saytiga raqobatchi bo'ladi. 2006 yili ishga tushgan Twitterda ayni damda 200 million faol foydalanuvchi bor. Twitter rossiyalik internet foydalanuvchilar orasida ham katta obro'ga ega. Rossiyada mamlakat prezidenti Dmitriy Medvedev va boshqa bir qator yuqori lavozimdagi amaldorlar Twitterda o'z sahifasiga ega.

Ru. domen hududida yangi mikro-blog xizmatini ishga tushirgan Mail.ru Group xoldingi 2010 yili tashkil topgan. Bu tashkilot "Odnoklassniki.ru" va "Moy mir" ijtimoiy tarmoqlari aksiyalarini to'lig'icha nazorat qiladi, hamda "VKontakte", "Facebook" kabi ijtimoiy tarmoqlar aksiyalarida o'z ulushiga ega.

Eslatamiz, Mail.ru Group shirkati aksiyalarining katta qismi yangi texnologiyalarga katta e'tibor beruvchi O'zbekistonda tug'ilgan rossiyalik biznesmen Alisher Usmonovga tegishli.
XS
SM
MD
LG