Линклар

Doim yangi yil kirgach, beixtiyor eski yilni esga olaman, kechgan yilni sarhisob qilaman.

Qiziq o‘tdi eski yil, bir daqiqa ham zerikishga imkon bermadi. Bahor ham o‘zgacha boshlandi – “Arab bahori”.

Yangi ibora paydo bo‘ldi: “Xitoy telefoni”, “Turk kiyimlari”, “Rus mashinalari” va “O‘zbek gastarbayterlari” qatoriga yangi brend - “Arab bahori” ham qo‘shildi.

Tadbirkor inson bu nomdan unumli foydalansa bo‘ladi. O‘zimga qolsa, Toshkentdagi Mustaqillik maydonida “Arab bahori” nomli kafe ochardim. Romantik maydonda romantik nomdagi qahvaxona. Mijozlarning hammasi puldorlar bu yerda, ish yurishgandan yurishib, qo‘l qo‘lga tegmay ketadi. Tushlikka chiqishga vaqti bo‘lmaganlarga o‘zim ishxonasiga olib borib berardim taomlarni. Chiroyli o‘rab, ustiga “Arab bahori har bir xonadon va ishxonada” deb yozib...

Ammo bu sloganni ko‘rib, meni qip-qizil inqilobparastga chiqarib qo‘ymang. Aslida men revolyutsiya emas, balki evolyutsiya tarafdori bo‘lgan odamman.

Bu arablarga o‘tgan yili nima jin tegdi o‘zi - hayronman. Revolyutsiyaga balo bormidi? Yuravermaysanmi tinchgina serquyosh o‘lkangda palma soyasida banandan rohatlanib... Besabr xalq bo‘lsa kerak, “Sabr tagi sariq oltin” degan gapni eshitishmagandir hoynahoy. Issiqda qahva ichishning oqibati bu. Biznikilardan o‘rnak olishsa bo‘lardi aslida. Muammo to‘s-to‘polon bilan hal qilinmaydi, do‘ppini tizzaga kiydirib, achchiq ko‘k choyni uch marta qaytarib quyib, ohista xo‘plab, bir hovuch mayizga yong‘oqni aralashtirib, bu ne‘matdan bir nos otimiday og‘izga solib, “Qora ko‘zim” nag‘masi ostida mulohazaga cho‘mish kerak ish boshlashdan oldin. Qahva emas, ko‘k choy ichish kerak, arab birodar.

O‘zingiz masalani hal qilolmayotgan bo‘lsangiz, loaqal bizning O‘zbekboshidan maslahat so‘rang. “O‘zbekboshing kim” deysizmi? U kishim dono maslahatgo‘y. Umuman olganda, u kishini uzoq sifatlash mumkin: kommunist, sportchi, ma‘lumotini aytmaysizmi ma‘lumotini. Asosiysi, ko‘k choy ichadi - to‘qson beshidan. Oqillikda tengsiz, savlatu salobati bir olam. Yana eng muhimi, hech qanday revolyutsiya dardiga mubtalo emas, ashaddiy evolyutsioner.

So‘zim quruq bo‘lmasligi uchun hijjalab tushuntiraman nima uchun bunday deganimni: evolyutsiya degani tirik mavjudotning tabiiy rivojlanib, turli bosqichlardan o‘tib, kuchli va yetuk shaklga kelishidir. Bizda hozir aynan evolyutsiya jarayoni bormoqda.

Tasavvur qilingki, biz homilamiz, evolyutsiya qonunlari bo‘yicha rivojlanayapmiz. Ushbu qonunga ko‘ra, homila o‘z rivojlanish jarayonida evolyutsiya bosqichlaridan birma-bir o‘tib keladi, ya‘ni evolyutsiya zanjirini takrorlaydi. Zanjir boshida mayda tanachalar turadi. Bu tanachalardan baliqlar, baliqlardan suvda va quruqda yashovchilar (amfibiyalar), amfibiyalardan sudralib yuruvchilar paydo bo‘ladi. Sudralib yuruvchilardan bir tarmoq - qushlar paydo bo‘lib, uchib yurishibdi hanuzgacha. Biz aqlsizlik qilib uchib ketmaymiz, evolyutsiyani to‘xtatib qo‘yib. Sudralib yuruvchilar oldiga qaytamiz va hayotga jiddiy yondoshib, evolyutsiyani sut emizuvchilar bosqichi bilan eson-omon yakunlab, barchaning enasini emdiramiz. Ungacha esa hali vaqt bor. Biz hozir evolyutsiya zanjirining muhim - baliqlar pog‘onasidamiz. Uvildiriqdan chiqib, mayda chavoqchalarga aylanib, dunyo ummonida suzib yurgan kezimiz.

Mayda baliqchalar xavfsiz yashashi uchun Nazoratchilar g‘amxo‘rlik qilib turadi. Bu vazifani bizda militsiya bajaradi. Bu Nazoratchi deganimiz qo‘rqmas va fidoiy. Bekorga bunday sifatlaganim yo‘q ularni, biznikilarni boshqa Nazoratchilar bilan solishtirib ko‘ring. Deylik, boshqalar Nazoratchilarga maosh bermay qo‘yilsa, yashay oladimi? Hech qachon. Yetti uxlab tushda ko‘rmaysiz buni - bari ochlikdan qirilib ketadi. Biznikilar o‘ta yashovchan, topqir, maoshsiz ham kuni o‘taveradi.

Yoki, masalan, Amerika yoki Yevropada tartibni buzsangiz, ishni yeng ichida hal qilish uchun pul taklif qilsangiz oladimi? “Ha, oladi, ulardayam bola-chaqa va qorin ichak bor” deysizmi? E, aka, nimalar deyapsiz o‘zi, ularda yurak bormi bunga? Qo‘rqqanidan darrov shimining rangini o‘zgartirib yuboradiyu. Pulni olish tugul, bu haqda bexosdan o‘ylab qolsa, dag‘-dag‘ titrab, issig‘i chiqib, labiga uchuq toshib ketadi-ku. Biznikilar-chi? Biznikilarning yuragi otning kallasiday, u berganingiz pul ekan, qo‘yib bersangiz, joningizni qo‘shib olaveradi. Bu dovyuraklik va jasurlik isboti. Juda chidamli bular, ekvator issig‘iyu arktika sovuqlari pisand emas. Qor yomg‘ir aralash tosh tugul balo yog‘sayam, bardosh beradi. Ularni shu sifatlariga yarasha nomlashimiz kerak. Masalan, FBN, ya‘ni Fidoiy Baliqlar Nazoratchisi. FBR emas, u Amerikaniki, ular qo‘rqoq. Biznikilar esa qo‘rquv bilmas FBN.

Mavzudan sal chetlab ketdim, uzr. Xullas, bardosh-la evolyutsiya qonunlaridan og‘ishmay rivojlanyapmiz. “Ja cho‘zildi-da bu jarayoning” deydiganlar uchun eslatma: birinchidan, bu bizning jarayonimiz, ikkinchidan, buni o‘z nomi bilan Evolyutsiya deydilar. Shoshqaloqlar o‘zbek emas. Hali oldinda amfibiyalar, sudralib yuruvchilar, qushlar yoki sut emizuvchilar bosqichi bor.

P.S: (azonda) Buni yozishga yozdimu, menga evolyutsiya ta‘limoti ma‘lumotlari qaydan keldi, deb o‘zimdan o‘zim hayron qoldim. Oddiy duradgor bo‘lsam... Balkim avvalgi hayotimda Darvin shogirdi bo‘lganmikinman?..

P.P.S: (kechga tomon) Esladim! Men bir paytlar biologiya fakultetida biror yil o‘qigandim. Kechagi gashtakda ichilgan aralash-quralash ichimliklar xotiraga pand berdi, haytovur.

Muallif: Shavkat Muhammad

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG