Линклар

O‘shliklarga berilgan tovon puliga militsiya ham sherikmi?


O‘sh huquq-tartibot tuzilmalari xodimlari o‘shliklarni talashning yangi usullarini o‘ylab topishmoqda.

O‘sh huquq-tartibot tuzilmalari xodimlari o‘shliklarni talashning yangi usullarini o‘ylab topishmoqda.

O‘sh qirg‘inida jabrlangan va yaqinlarini yo‘qotgan o‘shliklar huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan talanmoqda.

Hukumat tomonidan O‘sh qirg‘ini paytida yaqinlaridan ajragan o‘shliklarga bir million so‘m, ya‘ni taxminan 22 ming dollardan tovon puli berilmoqda. O‘shdagi “Edvokasi tsentr” huquq markazining bildirishicha, huquq-tartibot tuzilmalarining nopok xodimlari 2010 yil qirg‘inida jabrlangan va yaqinlaridan ajragan o‘shliklarga hukumat tomonidan berilayotgan tovon pullariga sherik bo‘layotgani haqida arizalar kelib tushmoqda..

O‘shlik huquq himoyachisi Izzatullo Raxmatullayevning aytishicha, huquq-tartibot xodimlari tomonidan talanayotgan o‘shliklarning asosiy qismi o‘zbeklardir.

- Bizga o‘nga yaqin odam og‘zaki murojaat qildi. Ularning hammasi o‘zbeklar. Ular qirg‘inda halok bo‘lgan qarindoshlari uchun va mol-mulklari uchun kompensatsiya olgan ekanlar. Ularni militsiyaga chaqirishib, turli bahonalar bilan 50 mingdan 200 ming so‘mgacha, ya‘ni taxminan 1100 dollardan 4500 dollargacha pul talab qilishibdi. Bizga og‘zaki murojaat qilganlar ariza yozishdan ham qo‘rqishmoqda, -dedi Izzatullo Raxmatullayev.

O‘shlik huquq himoyachisi Sodiqjon Mahmudovning aytishicha, bunday tovlamachilik bilan ko‘proq shahar huquq-tartibot tuzilmalari xodimlari emas, viloyat darajasidagi tuzilmalar shug‘ullanayotgani haqida arzlar bo‘lgan.

- Huquq-tartibot xodimlari o‘lganlarning qarindoshlariga “Eksgumatsiya qilinganda noto‘g‘ri qilingan. Sening qarindoshing voqea paytida o‘lmagan” qabilidagi gaplar bilan ularni qo‘rqitib, keyin “mana shuncha pul olib kelasan, bu yog‘ini o‘zimiz to‘g‘rilab yuboramiz”, deyishayapti ekan.

Ozodlik: Bu masalada prokuratura, militsiya rahbariyati bilan gaplashdinglarmi?

- Bizga ko‘proq shahar strukturalari ustidan emas, viloyat strukturalari ustidan arzlar bo‘layapti. Undan keyin quruq gapni gapirishdan foyda yo‘q. Shikoyatchilar esa rasman ariza yozishdan bosh tortishmoqda.

Ozodlik: Nega endi shikoyatchilar arzia yozishdan qo‘rqishayapti?

- Bundan ham yomonroq kunlarga mubtalo bo‘lmaylik, deb qo‘rqishadi-da. Hozir huquq-tartibot hodimlari bespredel qilishayaptiku, hohlagan ishlarini qilishayapti. Odamlar kimga borib arz qilishni bilishmayapti, -dedi Sodiqjon Mahmudov.

O‘zini Sodiqjon deb tanishtirgan o‘shliklardan bir esa shaharning Cheremushki mavzesida nafaqat huquq-tartibot tuzilmlari xodimlari, balki oddiy askarlar ham talonchilik bilan shug‘ullanayotganini aytadi:

- Cheremushkadagi harbiy qismdan to‘rtta harbiy chiqib, ko‘chada turgan o‘smirlarni ushlashib, kasalxonaning hovlisiga olib kirishibdi. Keyin harbiylar o‘smirlardan telefoni va fleshkalarini tortib olishga harakat qilishgan. O‘smirlar u yerdan qochib ketishga muvaffaq bo‘lishgan. O‘smirlarning aytishlaricha, harbiylar ularni to‘pponchalari bilan qo‘rqitishgan. Bu kabi holatlar qachongacha davom etiadi o‘zi?- deydi Sodiqjon.

O‘sh shahar militsiyasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov bu kabi holatlar sodir bo‘layotganini va bu ishlarda huquq-tartibot tuzilmalarining ayrim nopok xodimlari qo‘li borligini yashirmaydi. Ayni paytda rasmiy bu boradagi shikoyatlarning ko‘pchiligi o‘z tasdig‘ini topamayotganini ham aytadi:

- Besh qo‘l barobar emas, shuning uchun hamma o‘z vazifasini sidqidildan bajarayapti deyishdan ojizman. Baxtga qarshi xodimlarimiz orasida nopoklari ham uchrab turibdi. Ammo huquq-tartibot xodimlariga nisbatan bildirilayotgan shikoyatlar va arz-dodlarning hammasi ham o‘z tasdig‘ini topayotgani yo‘q. Shuning uchun og‘zaki gapdan ko‘ra, aniq faktlarga asoslangan dalillarni aholi ham, huquq faollari ham bizga taqdim qilsalar, bu borada albatta chora ko‘riladi, -dedi Zamir Sidiqov.
XS
SM
MD
LG