Линклар

Toshkentda biometrik pasportga o‘tish boshlandi


Fuqarolarga uch turda – fuqarolik pasporti, fuqaroligi yo‘q shaxslar uchun harakatlanish hujjati va diplomatik pasportlar berilmoqda.

Fuqarolarga uch turda – fuqarolik pasporti, fuqaroligi yo‘q shaxslar uchun harakatlanish hujjati va diplomatik pasportlar berilmoqda.

Ikki tumanda boshlangan biometrik pasport berish jarayoni butun poytaxt miqyosiga ko‘chdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidan (OVVIG)dan olingan ma‘lumotga ko‘ra, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent shahrida fuqarolarga biometrik pasport ommaviy ravishda berila boshlandi.

Ozodlik suhbatlashgan Uchtepa, Shayxontohur, Chilonzor tumanlarining Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari xodimlari biometrik pasport berish ommaviy ravishda bo‘layotgani va har bir toshkentlik biometrik pasport olishi mumkinligini ta‘kidlashdi.

“Hozir biometrik pasportni ommaviy berish boshlandi. Lekin yangi pasportni olish majburiy emas. 2015 yilgacha xohlagan vaqti olishi mumkin. Biz kim xohlasa berayapmiz. Hech bir muammosiz Uchtepa fuqarolari yangi pasportni olishayapti”, dedi mikrofonsiz suhbatda Uchtepa tuman Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining navbatchi xodimi.

Tartibga ko‘ra, fuqaroning biometrik ma‘lumotlari olinganidan so‘ng, u 10 kun ichida yangi pasportni qo‘liga oladi.

Fuqarolarga uch turda – fuqarolik pasporti, fuqaroligi yo‘q shaxslar uchun harakatlanish hujjati va diplomatik pasportlar berilmoqda.

Fuqaroligi yo‘q shaxslar va 16 yoshga to‘lmaganlarga sayohat hujjatlari va biometrik pasport berish qoidalari to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, O‘zbekistonda biometrik pasport barcha yoshdagilarga, hatto 1 yoshga to‘lmagan go‘dakka ham beriladi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, ota-onasi bilan xorijga ketayotgan bir yoshga to‘lmagan bolaga biometrik pasport ikki yilga beriladi. Agar 13 yoshdagi o‘smir xorijga ketishi zarur bo‘lsa, unga pasport 3 yil muddatga beriladi va u 16 yoshga to‘lganida yangi biometrik pasport olishi zarurligi qayd qilinadi. Agar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosining yoshi xorijga chiqish arafasida 15 yoshdan kattaroq bo‘lsa¸ bunday hollarda istisno tarzida pasportning amal qilish muddati 10 yilgacha belgilanishi mumkin.

16 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga 10 yil muddatga, mamlakatda yashayotgan 16 yoshga to‘lgan va to‘lmagan fuqaroligi yo‘q shaxslarga besh yil muddatga beriladi.

Agar biometrik pasport rasmiylashtirilayotgan fuqaroning hujjatida muddati o‘tmagan chiqish vizasi bo‘lsa, u fuqaroning xohishiga ko‘ra, avtomatik tarzda yangi pasportga o‘tkaziladi.

Ayni paytda biometrik pasport Toshkent viloyatida faqat pasport almashtirish muddati kelgan fuqarolar¸ ya‘ni 25 va 45 yoshga to‘lganlar, 16 yoshga to‘lib ilk bor pasport olayotganlar va 16 kirmagan¸ ammo xorijga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarga berilmoqda.

Shuningdek, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro xorijga ketayotgan bo‘lsa yoki pasportini yo‘qotgan bo‘lsa biometrik pasport olish huquqiga ega.

Jizzax viloyati mutasaddilarining Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekiston viloyatlarida biometrik pasport berish jarayonining ikki oydan keyin boshlanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, yangi biometrik pasport olayotgan fuqarolar eng kam ish haqining 50 foizi (31 ming 460 so‘m) miqdorida davlat solig‘i to‘laydi.

Ozodlik biometrik pasport olgan toshkentliklardan birortasi bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lmadi.

Uznews.net va Tashkentcity.ru saytlari Toshkentdagi biometrik pasport berish jarayonida uzundan-uzoq navbatlar va tartibsizliklar bo‘layotgani haqida yozishdi.

O‘zbek mulozimlari mamlakatdan tashqarida yashayotgan o‘zbekistonliklarning pasport almashtirishida muammo bo‘lmasligini ham ta‘kidlamoqda.

“Xorijda yurganlar xorijda konsullik ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha yerning o‘zida almashtirish imkoni bor. Biz kelajakda O‘zbekistonning xorijdagi konsulliklarini biometrik pasport bera oladigan apparatlar bilan ta‘minlaymiz. Bu kelgusi yilga mo‘ljallangan”,- degan edi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Xorijga kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimi Ulug‘bek Toshmirzayev Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekiston fuqarolariga hozirga qadar berilgan eski rurusmdagi pasportlar¸ mavjud qonunga binoan 2015 yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi - shu muddatga qadar mamlakat fuqarolarini biometrik pasport bilan ta‘minlash jarayonining tugatilishi belgilangan.
XS
SM
MD
LG