Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:35

Toshkentda Umra janjali yuzaga chiqdi


Umraga talabgorlar Toshkentdagi Novza masjididagi ro‘yxatga olish jarayonida korruptsiya avj olganiga norozilik bildirdi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi Umra ziyoratiga bormoqchi bo‘lganlarni ro‘yxatga olishning yagona maskani bo‘lgan Toshkentdagi Novza masjidi oldida 16 yanvardan boshlab, har kuni mingdan ortiq odam yig‘ilmoqda.

Umraga borishni niyat qilgan ziyoratchilarning aytishlaricha, ro‘yxatga olish jarayonining adolatsiz tashkil qilingani norozilikka sabab bo‘lmoqda.

O‘zi ham Umra ziyoratiga borishni niyat qilgan Ezgulik inson huquqlari jamiyatining Toshkent shahar bo‘limi faoli Shoira Sodiqbekovaga ko‘ra, 17 yanvar kuni tushdan keyin navbatga yozilishdagi adolatsizliklarni ko‘rgandan so‘ng odamlarning toqati toq bo‘lgan:

- Uch yildan buyon navbatga yozilolmagan odamlar shikoyat qilishvotti. Kecha soat 4 larga borib olomon ko‘tarilib ketdi. Baqir-chaqir qilib yubordi, odamlar. Kirishga navbatga yozilgan bo‘lsa ham, navbati birinchi o‘rinda turgan bo‘lsa ham tanish-bilishchilik qilib o‘zlarining odamlarini orqa eshikdan kiritishyapti, deydi Shoira Sodiqbekova.

Huquq faoliga ko‘ra, masjid ichkarisiga kim kirishini faqat bir kishi, Zulhaydar degan odam nazorat qilayapti. Biroq, bu odamning to‘g‘riligiga odamlarning ishonchi qolmadi, deydi Shoira Sodiqbekova.

- Havo judayam sovuq, skameyka degan narsa umuman yo‘q. Odamlar o‘zlari uydan olib ketgan stullarda o‘tiribdi. Yaxshiyam ayollarga masjidni podvaliga joy qilib berishgan ekan. Lekin unga ham hamma sig‘maydi, navbat bilan kirib-chiqishyapti. Xalq masjidga kirishda qorovul turgan Zulhaydar degan yigitdan juda ham norozi bo‘ldi, odamlar sen Zulhaydar emassan, sen Zararhaydarsan deb to‘polon qildi. Chunki, u o‘z odamlarini navbatsiz kiritayotgan edi, deydi huquq faoli.

Shoira Sodiqovaga ko‘ra, ziyoratchilarni ro‘yxatga olish ishlari faqat kimlarnidir manfaati uchun mos bo‘layotganligi, bu yerdagi tashkiliy ishlardan ham ma‘lum bo‘lib qolgan:

- Hech kimni ichkariga qo‘yayotgani yo‘q, faqat o‘z odamlari kiryapti. Bir kunda, o‘zimiz ko‘rdik, 10-15 odam kirib chiqdi. Biroq kechqurun ro‘yxatga olinganlar soni 100 dan ortiq ekanligi e‘lon qilinadi.
Bitta yosh yigit bir so‘mka pasport olib kirib ketayotganini o‘zim ko‘rdim. Shunday ulug‘ dargohda ham pora bilan ish bityapti¸ shekilli, degan fikr paydo bo‘ladi, odamda, deydi Shoira Sodiqbekova.

Umra va Hajga ziëratchilarni tanlash jaraënidan yaxshi xabardor toshkentlik pensioner Abdumannon Xoljo‘rayevning aytishicha, Haj va Umra ziyoratlaridagi navbatni tezlashtirish uchun pora bilan ish bitirish oddiy holga aylangan:

- Bu ish porasiz bitmaydiku, bu O‘zbekistonku. Umraning narxi navbatning qanchalik tezlashtirishiga qarab narxi 300-1000 dollar. Buni mahalladan Hajga talabgorlardan bilib oldim. Endi bizda shunaqa, qo‘shnisi ochdan o‘layotgan bo‘lsa hamu pora berib Hajga boradi. Bu ham ziyorat, ham tijoratda, deydi Abdumannon Xoljo‘rayev.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasining o‘zini tanishtirmagan xodimi mikrofonsiz suhbatda Umra ziyoratiga borish uchun pora olinayotgani faktini keskin inkor etdi va Novza masjidi telefoni ishlamayotgani sababli Umra ziyorati bo‘yicha ma‘lumot olish uchun mazkur idoraning xalqaro bo‘limiga murojaat qilishimizni maslahat berdi. Biroq xalqaro bo‘limning 240 18 58 telefoni go‘shagini kun bo‘yi hech kim olmadi.

Har yili Umra ziyoratiga 6000dan ortiq o‘zbekistonlik boradi.

Musulmonlar 30 millionga yaqinlashib qolgan O‘zbekiston aholisi uchun bu juda ham kam ekanidan shikoyat qiladilar.

O‘zbekistondagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘tgan yilda 6 000 dan ortiq o‘zbekistonlik Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida Umra ziyoratini ado etib qaytgan.
XS
SM
MD
LG