Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:55

O‘zbekistonda Internet trafigi arzonladi


"O‘zbektelekom" shirkati 2012 yil 20 yanvaridan boshlab Internet xizmati provayderlariga 1 Mbit/s xizmat narxini 5,8 foizga kamaytirib, 500 dollarga tushirdi.

Infocom.uz sayti xabariga ko‘ra, 2011 yil davomida internet xizmati provayderlari uchun belgilangan narxlar to‘qqiz marta kamaytirilgan.

O‘tgan yil yanvaridan 1 Mbit/s Internet xizmati narxi 849 AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 12 oy davomida narx 60,8 foizga kamaytirilib, 2012 yil 20 yanvardan boshlab 500 AQSh dollarini tashkil qilmoqda.

2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining 19 yanvar kungi majlisida qilgan ma‘ruzasi davomida prezident Islom Karimov hozir O‘zbekistonda taxminan sakkiz million odam internetdan foydalanayotganini ma‘lum qilgan edi.

O‘zbekiston Aloqa va axborot agentligi 24 oktyabr kuni o‘tkazgan 2011 yil dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga bag‘ishlangan majlisda o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilar soni 7,9 millionga yetgani ma‘lum qilingan edi.
Ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar asosan ko‘ngilochar saytlarni o‘qishni yoqtiradilar.

Bu 2010 yildan beri global tarmoqqa chiqayotgan o‘zbekistonliklar yarim millionga ko‘payganini anglatadi.

Internetga ulanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar 2010 yilda 934 bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 939 taga yetgan. Internet-kafelar soni esa 985 dan 1032 taga ko‘paygan.

Qariyb 8 million fuqarodan 3 million 570 ming kishi aloqa liniyalari orqali, 4 million 327 ming fuqaro uyali telefon aloqasi orqali Internetdan foydalanmoqda.

Boshqacha aytganda, hozir O‘zbekistondagi har ming kishidan 277 nafari Internetdan faol foydalanib kelmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar asosan ko‘ngilochar saytlarni o‘qishni yoqtiradilar. Shuningdek, runetga doxil Odnoklassniki.ru hamda Mayl.ru portalining "Moy mir" ijtimoiy tarmog‘i ham o‘zbekistonlik internet ishqibozlari orasida ma‘lum va mashhur. Xususan, hozirgi paytda O‘zbekistonda Odnoklassniki.ru tarmog‘ining 2 milliondan ziyod, "Moy mir" tarmog‘ining esa 1 million chog‘li mushtariysi borligi aytiladi.

Ayni paytda Facebook ijtimoiy tarmog‘idan bugungi kunda 106 ming chog‘li o‘zbekistonlik foydalanmoqda. Jahon bo‘ylab Facebook a‘zolari soni 900 millionga yaqinlashgan.

Biroq O‘zbekistonda mikro-blog xizmati u qadar ommalashmagan. Xususan, jahonga mashhur Twitter mikro-blog xizmatining 250 millionga yaqin foydalanuvchisi ichida atigi 3-4 ming chog‘li o‘zbek borligi taxmin qilinadi.

Internet bo‘yicha ayrim mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonda o‘rtahol foydalanuvchi Internet uchun oyiga 15-20 ming so‘m sarflaydi.
XS
SM
MD
LG