Линклар

logo-print
O‘zbekiston Aloqa va axborot agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, 8 million Internet foydalanuvchidan 3 million 570 minggi aloqa liniyalari orqali, 4 million 327 ming o‘zbekistonlik uyali telefon aloqasi orqali Internetdan foydalanmoqda.

2010 yilda Internetga ulanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar 934 bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 939 taga yetgan. Internet-kafelar soni esa 985 dan 1032 taga chiqqan.

Hafta savoli ruknining bugungi sonida respondentlarga “Internetga necha kunda bir kirasiz?” degan savol bilan murojaat qildik.

Ominaxon, toshkentlik talaba:


- Deyarli har kuni Internetga kiraman. Yarim soat, bir soat o‘tiraman. Bir xillarda Odnoklassnikida o‘tiraman. U-bu narsa kerak bo‘lsa, Google ga kirib turaman.

Ozodlik: Internet uchun bir oyda necha pul to‘laysizlar?

- Bizlarda har xil internet kompaniyalari borku. Insonetnikidan ko‘proq ishlatamiz. Har xili bor. 2000 so‘mlik bor, 5000 so‘mlik bor. 2000 so‘mlikdan bir oyda uch-to‘rt marotaba olaman.

Maxsuma, toshkentlik uy bekasi:


- Yo‘q, men bilmayman Internetga chiqishni. Xohlayman, o‘tirib shug‘ullanishga lekin qo‘lim tegmadi. Shu narsa uchun vaqtim bo‘lmadi. O‘tirsang ancha o‘tirishing kerak uning tepasida. O‘rganaman. Rosa qiziqaman. Bilgim keladi hamma narsani. Lekin imkoniyatim bo‘lmaydi. Uy ishlari bilan, oshxiona bilan mashg‘ul bo‘lib qolaman. Kechki payt televizor ko‘rsam, bolalar o‘tirib oladi, menga tegmaydi. Ular o‘zi bilan o‘zi ovora. Menga ochered ham kelmaydi.

Jasur, jizzaxlik talaba:


- Telefon orqali kiraman. Agent ochganman, asosan agentda gaplashaman. Futbol xabarlarini eshitaman, sizlarning saytlaringga kiraman. Bizda kechasi bilan svet o‘chadi. Svet o‘chgan paytda internetda o‘tiraman. Bitta men emas uyda ko‘pchilik. Akam ham internetda o‘tiradi.

Kollejdagi bolalarning hammasida internet bor. Kollejda ham 300 ta bola o‘qiydi. Har bitta xonadonda internet borda. Kechasi oltilarda qorong‘i tushib boshlaydi. Shu bilan svet yonguncha internetda o‘tiraman. Bir xil paytlar svet umuman yonmaydi. Olti soatlab internetda o‘tiraman.

Dadam uch-to‘rt marta telefonimni otvorgan ko‘zingning zreniyesini buzasan deb. Bir oy davomida internetga 15 dollar pul ketib qoladi. So‘mda 30 ming bo‘ladi. E, internet orqali tanishib, zo‘r bo‘lib ketdi. Internetni bilmayman desangiz, bolalar ustingizdan kuladi. Mol boqishda bolalar doimo internetda yozishib o‘tiradi. Hamma joyda internetdamiz qo‘l telefoni orqali.

Mamayunus, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimi:


- Internet bor. Hamma internetdan foydalanadi. Oilamizda uch kishi ham shug‘ullanadi. O‘zim aytaman ochib berishadi. Haftasiga ikki-uch marta kiraman. O‘zimga taalluqli meditsina mavzuini ko‘raman men. Fleshkasini olib kelganmiz, o‘sha bo‘yicha ishlatamiz. Qancha pul to‘lashimizdan xabarim yo‘q. Qizlarim olib keladi.

Ozodlik: Bolalaringizchi?

- Har kuni Kompyuter orqali bir-ikki soat kirishadi. Qo‘l telefoni ko‘pincha batareyasi o‘tirib qoladi, boshqa bo‘ladi. Kompyuter ma‘qulda. Bu hozirgi vaqt talabida. Zamon talabi bu.

Nazifa, Iqtisodiyot vazirligi xodimi:

- Internet ishxonada bor. Uyda yo‘q. Bizlar ertalabdan kechgacha ishda bo‘lamiz. Shunga ulanmagan uyda. O‘g‘lim institutda o‘qiydi. Institutning kutubxonasida foydalanadi. Masalan, hozir har kun foydalanayapti. Sessiyada ularda. Har kun u-bu narsalarni qaraydi. Internetdan bir yildan beri foydalanyapmiz. Oldin foydalanmasdim.

Mahbuba, andijonlik o‘qituvchi:


- Internet yo‘q, foydalanmaymiz. yoshim 50da.

Ozodlik: Kasbingiz nima?

- O‘qituvchiman adabiyotdan. Internetga kirishni ham, boshqani ham bilmaymiz. Televizor bor, radio bor, o‘shalardan foydalanaveramiz. Hozir shoshib turgan edim. Bir yoqqa ketayotgan edim. yoshlar qiziqadi unaqa narsaga. Bizda ishimiz yetarli.

Adham aka qo‘qonlik tadbirkor:


- Yaqinda, Xudo xohlasa, 55ga chiqaman. Uyimda Internet yo‘q. Ikkita farzandim bor. Ular shug‘ullanmaydi.

Ozodlik: Nimaga?

- Bilmadim. Qiziqmadikmi yo o‘zim ham qiziqmadimmi. Ishimni qilib yuraverganmanku yoshim katta bo‘lganigami boshqagami Internetdan foydalanishni o‘ylab ko‘rmabman.

Salovat, nukuslik o‘qituvchi:



- Uyda Internet yo‘q. Internetdan hozirgi paytlarda foydalanmayapman.

Ozodlik: Oldin foydalanarmidingiz?

- Ha. Ma‘lumotlar kerak bo‘lib qolsa, o‘qib yurgan paytimda ko‘p foydalanardim. yoshim 25 da. Bir haftada, ikki haftada bir marta, unaqa ko‘p kirmasdim. Doimiy foydalanmasdim.

Ozodlik: Internetdan nimaga foydalanmay qo‘ydingiz?

- Hozir shaxsiy kompyuterim yo‘q. Shuning uchun foydalanmayapman.

Ozodlik: Qo‘l telefoningiz bormi?

- Ha. U baribir ko‘p saytlarni ocholmaydi. Cheklangan. Shuning uchun telefon uncha bo‘lmaydi. Qimmat telefonlar, smartfonlar bo‘lmasa, oddiyroq telefon ocholmaydi ko‘p saytlarni. Qimmatda qimmat. To‘g‘risini aytsam pul orttira olmayapmiz unga.

Nozim, toshkentlik do‘kon sotuvchisi:


- Uyda Internet bor. Xonadonda olti kishi bo‘lsak, uch kishi foydalanamiz. Ma‘lumot yig‘amiz, ma‘lumot almashamiz. Har kun bir martadan kirib chiqayapmiz pochtani ko‘rishga. Bir soatga bormaydi. 15-20 minut.

Ozodlik: Bir oy davomida internetga necha pul sarflaysiz?

- Buni ayta olmayman. Chunki ishxona to‘lab beradi internetga. Hozir internetlar ancha arzon bo‘lib qoldi. Sotoviy kompaniyalar berayotgan internet ancha arzon oldingidan ko‘ra. Internetga ham kompyuter orqali ham qo‘l telefoni orqali kiramiz.
XS
SM
MD
LG