Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:10

Costa Concordia halokatidan omon qolgan qozog‘istonlik o‘zbek uyiga yetib bordi


Lola Ageyeva Costa Concordia kemasiga chiqishdan avval tushgan surat.
Lola Ageyeva Costa Concordia kemasiga chiqishdan avval tushgan surat.
13 yanvar kuni Italiyaning g‘arbiy qirg‘oqlarida toshga urilib cho‘kkan Costa Concordia kruiz kemasi bortida eri bilan birga bo‘lgan Lola Ageyeva Italiyadagi Qozog‘iston elchixonasi ko‘magida Olmaotaga yetib keldi.

- Elchixonamiz hujjatlarimiz bo‘yicha yordam berdi. Biz halokat oqibatida barcha hujjatlarimiz va yuklarimizdan ajraldik. Elchixona hujjatlarni tayyorlab berdi. Olmaotaga qaytish biletimizni o‘zimiz avval xarid qilgan edik,- deydi farzandlari bag‘riga qaytganidan xursand Lola Ageyeva.

Kemada qolib ketggan kiyim-kechagi, sayohat davomida olgan sovg‘a-salomidan ayrilgan Lolaning Ozodlikka aytishicha, Costa Concordia egalari to‘lashi aytilgan tovon pulidan hanuz darak yo‘q.

- Bizga hali tovon puli berishmadi. Biz Qozog‘istonga endi yetib keldik o‘zi. Ochig‘ini aytsam, hali tovon puli masalasida shug‘ullanmadik. Endi harakat qilmoqchimiz. Qancha berishi mumkinligi haqida hatto tassavvurga ham ega emasman,- deydi Lola.

Aslida Qozog‘istonning Jambil viloyati Taraz shahridan bo‘lgan o‘zbek millatiga mansub Lola Ageyeva to‘rt farzandning onasi. U eri, tadbirkor Ruslan Ageyev va bolalari bilan Olmaota shahrida yashaydi.

Er-xotin Ruslan va Lola Ageyevlar dengiz sayriga chiqishni yaxshi ko‘rishadi.
Er-xotin Ruslan va Lola Ageyevlar dengiz sayriga chiqishni yaxshi ko‘rishadi.
Qishki ta‘tilni farzandlari bilan Frantsiyada o‘tkazib, keyin bolalarini Qozog‘istonga jo‘natgan er-xotin Ageyevlar Costa Concordia kemasida sayohat uchun 1300 Yevrolik yo‘llanmani xarid qilishadi.

- Bu sayohat juda qiziqarli bo‘lgani uchun tanladik. Italiya, Ispaniya va Frantsiya bo‘ylab dengiz sayohati edi. Bu bizning ikkinchi dengiz sayohatimiz. O‘tgan yili erim bilan Meksika bo‘g‘ozi bo‘ylab kruizga chiqqandik,- deydi suhbatdosh.

Yetti kunga mo‘ljallangan dengiz sayohatining beshinchi kuni - 13 yanvarda Costa Concordia halokatga uchradi.

O‘sha kunni xotirlar ekan, Lola Ageyeva bolalarini Qozog‘istonga jo‘natganiga shukur qiladi.

- Kechki ovqat payti edi. Biz ovqatlanayotgan edik. Keyin qandaydir tushunarsiz tebranish boshlandi. Sal o‘tib kema bir tomonga og‘a boshladi. Dasturxon ustidagi hamma narsa sochilib ketdi. Odamlar turib har tomonga yugira boshladi. Biz tashqariga chiqib, qutqaruv kemalari yoniga borib, evakuatsiya boshlanishi haqidagi buyruqni kutib turdik. Biroq kapitan hech qanday buyruq bermadi. U oxirgi daqiqagacha “Hammasi joyida” ekanini ta‘kidlab turdi. Lekin o‘zi birinchilardan bo‘lib kemani tark etdi. Hech kim qutqaruv kamzullarini ham tarqatmadi. Biz o‘zimiz bir amallab topdik. Kema keskin og‘ishni boshlagach, odamlar o‘zlari harakat qila boshladi. Kema ekipaji kapitanning buyrug‘isiz ham odamlarni qayiqlarga tushira boshladilar,- deya eslaydi o‘sha ma‘shum kunni suhbatdosh.

Birinchilardan bo‘lib qutqaruv qayig‘iga tushgan Lola odamlar orasida vahima kam bo‘lganini xotirlaydi.

Costa Concordia kruiz kemasi 13 yanvar kuni Italiyaning g‘arbiy qirg‘oqlarida toshga urilib cho‘kgan edi.
Costa Concordia kruiz kemasi 13 yanvar kuni Italiyaning g‘arbiy qirg‘oqlarida toshga urilib cho‘kgan edi.
- Qattiq vahima bo‘lmadi. Yosh bolalar yig‘ladi, qariyalar o‘zlarini yomon his qilishdi. Lekin unaqa qattiq vahima bo‘lmadi. Qichqiriqlar bo‘lmadi. Hayron qolarli darajada hamma o‘zini sokin tutdi. Qirg‘oqqa yetib olganlar xursandliklaridan baqirib-chaqirishdi. Kimdir yotib yerni o‘pdi. Odamlar bir-birini quchoqlashdi. Albatta quvonchimiz cheksiz bo‘ldi,- deydi suhbatdosh.

Lolaning aytishicha, qig‘oqqa chiqqach mahalliy aholi ularga yordam bergan.

- Hamma o‘ziga tunash uchun joy axtara boshladi. Kimdir mehmonxonaga ketdi. Kimdir Cherkovga bordi. Birovlar maktabga joylashdi. Bizga mahalliy aholi uyidan joy berishdi. Ertasi kuni Rimga borib, mehmonxonaga joylashdik. Keyin Qozog‘iston elchixonasi ko‘magida uyga yetib keldik,- deydi suhbatdosh.

23 yanvar kuni Costa Concordia kemasi halokatga uchrashi oqibatida halok bo‘lganlardan yana ikki odamning jasadi topildi.

Ayni paytda kema halokatida o‘lganlar soni 15 ga yetdi.

17 odam bedarak yo‘qolgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi Germaniya, Frantsiya va Italiya fuqarolaridir.

Costa Concordia kemasi bortida hammasi bo‘lib 4220 yo‘lovchi va ekipaj a‘zolari bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG