Линклар

logo-print
(davomi, boshlanishi bu yerda)

Fuqaro kiyimida bo‘lgan politsiyachilar yo‘ldayoq barchamizdan mobil telefonlarimizni olib qo‘ydi.

Yarim soatlarda politsiya bo‘limiga yetib keldik. Qop-qora kiyimli politsiyachi barchamizni tintuv qilib, yonimizda nimaiki bo‘lsa shkafiga solib qo‘ygach, bizni temir eshikli xonaga qamadi.

Xonada bizdan tashqari yana o‘ntacha odam bor edi. Kechgacha sassiq xonada o‘tiraverdik.

Keyin birma-bir odamlarni “tanishuv” uchun chaqira boshlashdi. Politsiyachilar bilan birinchi bo‘lib “tanishib" kelgan brigadirimiz qaytib kelib, bizga nima deyish kerakligini tushuntirdi. “Qarindoshimiznikiga to‘yga keldik, erta indin uyga ketamiz” deb aytishni tayinladi.

Nihoyat mening navbatim kelib, politsiyachi hamrohligida uzun koridordan yurib, bir xonaga kirdim. Xonada vajohatli opa bilan avtomat ushlab olgan politsiyachi bor edi.

“Kimsan, qayerdansan, kimnikiga kelding, nima qilib yuribsan, hammasini ayt” dedi opa.

Bajonidil dedimda barchasini aytib berdim. Opa aytganlarimni kompьyuterida yozib o‘tirdi. Keyin “O‘qib chiqib, qo‘l qo‘y” deb bir varaq qog‘oz berdi.

“O, boje moy” devordim o‘qib bo‘lgach. Opa bu fantaziyasi bilan yozuvchi bo‘lishi kerak ekan aslida. Shuncha talantni xor qilib yurgan ekan. Meni “Tog‘amnikiga to‘yga keldim, pasportimni unikida qoldirib, to‘y tashvishlaridan charchaganimiz sabab ketish oldidan dachada bir ikki kun dam olayotgan edik. Poyezdimiz uch kundan so‘ng, biletni olib qo‘yganmiz” deb aytganlarim qolib, opa o‘zicha to‘qibdi.

“Men palonchi pistonchiyev, palon mahalda Aqto‘be shahriga keldim. Sheriklarim bilan palon adresda yashovchi Palonchining dala hovlisidagi qurilish ishlarini bajarish uchun palon ming dollarga kelishdim. Meni tutib keltirgan politsiya xodimlari bu noqonuniy ekanligini tushuntirdi. Bilib bilmay qonunni buzganimni tan olaman. Politsiya xodimlariga tergov jarayonida ixtiyoriy yordam ko‘rsatganimni inobatga olib, sudda menga nisbatan yengilroq jazo berishingizni so‘rayman” deb yozibdi opa tushmagur.

“Opa, siz meni yaxshi tushunmay sal xato yozib qo‘yibsiz. Bunga qo‘l qo‘ya olmayman. Keling men o‘zim boshqa qog‘ozga qaytadan yozib beray” deb yalinganimga opa ko‘nmadi.

Vajohatli opaning “bexosdan” biqinimga ikki marta tegib ketgan mushtidan so‘ng, qog‘ozga qo‘l qo‘yib berdim.

Xonada atrofimni sheriklarim o‘rab olishdi. Brigadirimizga “Siz aytgan komediya kino opaga yoqmadi, u detektiv kinolarni ko‘rarkan” dedim.

“Tanishuv”dan chamasi bir soatlar o‘tib, opa xonaga kirib, “Hurmatli mehmonlar, kech bo‘lib qoldi, begona yerda qorong‘uda sarson bo‘lib yurmay, buguncha shu yerda qolinglar” dedi.

Biz nimayam derdik, “ruxsat mezbondan” deyishadi, opaning taklifiga rozi bo‘ldik.

Qornimiz och qolganini sezdi shekilli politsiyachi aka ovqatga chaqirishga kirdi.
Biz unga “Akalar sizlar xizmatdagi odamsizlar, ovora bo‘lib, beshbarmoqqa unnab o‘tirmang. Biz sizga pul bersak, do‘kondan non-pon, qatiq-matiqmi olib kelib bersangiz kifoya” dedik.

Bunaqa xushmuomalalikni ko‘rib, politsiyachi aka xizmati uchun biz taklif qilgan puldan voz kecha olmadi.

Xonaga bizdan oldinroq kelgan hamyurtlarimiz bilan tanishib, bazmu jamshidni boshlab yubordik.

Qorin to‘ygach, kattalar uxlashdi. Yoshlar gaplashib o‘tirdik.

Ertasiga ertalab tanishimizga qo‘ng‘iroq qilib, pasportlarimizni oldirdik.

Tushdan keyin vajohatli opa kelib, bizga suddagilarning “taklifnomasi”ni tashlab ketdi.

Bu haqda keyingi maqolada hikoya qilib beraman…

Muallif: Shavkat Muhammad
XS
SM
MD
LG